Munosabat
O‘zbekiston dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakat hisoblanadi. Bu holat bir qarashda uning xalqaro savdo, transport va logistika sohalaridagi imkoniyatlarini chegaralab qo‘yadi. Ammo, so‘nggi yillarda mazkur kamchilikni imkoniyatga aylantirish yo‘lida faol harakat olib borilmoqda.
Jumladan, 2025 yil 5 avgust kuni Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy turizm hududida BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar bu jarayonning mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘ldi.
Konferensiyada transport bog‘liqligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish kabi strategik masalalar muhokama qilindi.
Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlarning iqtisodiy to‘siqlari bilan bog‘liq qator tizimli muammolarni ko‘tardi. Ular qatorida yuqori logistika xarajatlari, tranzit beqarorligi, infratuzilma yetishmovchiligi va boshqa mamlakatlar bojxona-savdo siyosatiga qaramlik kabi faktorlar alohida qayd etildi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasi har yili YAIMning 2 foizini logistikadagi to‘siqlar tufayli yo‘qotmoqda. Bu esa muammoning nafaqat mintaqaviy, balki global xususiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu muammolarni hal qilish uchun quyidagi uchta prinsipial taklif ilgari surildi.
Jumladan, infratuzilmani modernizatsiya qilish orqali logistika tarmoqlarini zamonaviylashtirish va tovar harakati samaradorligini oshirish, o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirib, transchegaraviy yo‘laklarni muvofiqlashgan holda rivojlantirish hamda rivojlanish huquqini ta’minlash orqali global tenglikni ta’minlovchi siyosatlarni amalga oshirish shular jumlasidan.
Bu borada O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ushbu tashabbuslar samarasida dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Sababi, O‘zbekiston xususiy sektorni jalb qilgan holda transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Jumladan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlangani, “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” yo‘lagida yuk tashish hajmining oshgani xalqaro tranzit salohiyatini kengaytirmoqda. Shuningdek, “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temir yo‘lini yaratish va uni yuqoridagi temir yo‘l bilan bog‘lash orqali, mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan global logistika zanjiri yaratiladi.
Shu bilan birga, konferensiyada O‘zbekiston tomonidan bir qator yangi tashabbuslar ham bildirildi. Ulardan biri Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitim ishlab chiqish taklifi – bu hujjat orqali portlardan adolatli foydalanish, xavflarni kamaytirish va logistikadagi notenglikni bartaraf etish ko‘zda tutilmoqda.
BMT shafeligida maxsus jamg‘arma tuzish esa dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlarning logistika salohiyatini oshirish maqsadida investitsiyalarni jalb qilish mumkin. Zaiflik global indeksini yaratish orqali har bir mamlakatning tranzit imkoniyatlari, ehtiyojlari va xavflari xolis baholanadi. Agrar sohada innovatsion xab tashkil etish suv tejamkor texnologiyalar, agroinnovatsiya va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu tashabbuslar nafaqat O‘zbekiston manfaatiga, balki butun rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ulkan amaliy ahamiyatga ega.
Qolaversa, bugun mintaqada yagona transport-logistika makoni shakllanmoqda. Markaziy Osiyoni Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi to‘laqonli tranzit xabiga aylantirishga qaratilgan dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 4,5 barobar oshdi. Investitsiyalar ikki barobar, qo‘shma korxonalar soni besh barobar ko‘paydi. Bu raqamlar mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaning amaliy natijalarini ko‘rsatibgina qolmay, uning istiqbollarini ham belgilab beradi.
Xulosa qilib aytganda, “Avaza” konferensiyasi va unda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar xalqaro maydonda O‘zbekistonning faol va konstruktiv o‘rniga yana bir bor yaqqol misol bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan g‘oyalar – nafaqat logistika va savdo sohasidagi muammolarga yechim, balki global taraqqiyotning teng va inklyuziv modelini shakllantirish sari tashlangan muhim qadamlardir. Konferensiya yakunida qabul qilingan Avaza siyosiy deklaratsiyasi ushbu yo‘nalishdagi kelishuvlarni mustahkamlab, global hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA
- Qo'shildi: 07.08.2025
- Ko'rishlar: 137
- Chop etish