Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblik prinsipiga amal qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilgan.
Mazkur qonun loyihasi bilan qilmishlarning xususiyati, jazolashdan ko‘zlangan maqsadga erishish uchun yetarliligidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ayrim huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilishga qaratilgan tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblik prinsipiga amal qilinishini ta’minlashga, fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga hamda tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, majlisda aksiyadorlik jamiyatining ijro organi, kuzatuv kengashi hamda majoritar aksiyadorlarining mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, aksiyadorlik jamiyatlarining ijro organlari, kuzatuv kengashlari a’zolarning fidutsiar majburiyatlarini, majoritar aksiyadorlarining umumiy majburiyatlarini hamda ushbu majburiyatlar bo‘yicha javobgarlikni belgilashni huquqiy jihatdan tartibga solish zarurati yuzaga kelyapti.
Ushbu qonun loyihasi bilan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga aksiyadorlik jamiyatining ijro organi, kuzatuv kengashi a’zolarining majburiyatlari, majoritar aksiyadorlarining umumiy majburiyatlari hamda mazkur majburiyatlar bo‘yicha javobgarlikni aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi aksiyadorlik jamiyatining ijro organi, kuzatuv kengashi, majoritar aksiyadorlarining mas’uliyati oshirilishiga hamda jamiyat va aksiyadorlarning manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 16.04.2025
- Ko'rishlar: 182
- Chop etish