BMT Afg‘onistondagi qizlar ta’limi bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda

Tolibon harakati tomonidan Afg‘onistonda ayollar va qizlarga nisbatan joriy qilingan cheklovlar allaqachon bir yarim millionga yaqin talaba qizga ta’sir ko‘rsatgan. Ayni holat davom etsa, 2030 yilga borib ta’limdan mahrum qizlar soni to‘rt milliondan oshishi mumkin, Ushbu ma’lumot BMT Ta’lim, fan va madaniyat masalalariga ixtisoslashgan agentligi - UNESCO bayonotida keltirilgan.

Afg‘oniston dunyoda qizlar maktabga borishi taqiqlangan yagona davlat, deyilgan hisobotda. - O‘ta tashvishli mazkur taqiq sohada o‘nlab yillar davomida erishilgan yutuqlarni yo‘qqa chiqarib, mamlakatni ayollar ta’limi bilan bog‘liq inqirozli davrga qaytaradi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi vaziyat nafaqat alohida qizlar kelajagi, balki butun Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ham salbiy ta’sir etadi.

“Khaama press” axborot portali yozishicha, xalqaro tashkilotlar, jumladan UNESCO bunday siyosatning jiddiy oqibatidan ogohlantirishda davom etayotganiga qaramay, afg‘on ayollari va qizlari ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Ta’lim va asosiy huquqdan foydalana olmagan holda, ular hayotini yaxshilash va mamlakat tiklanishiga hissa qo‘shish imkoniyatidan ham mahrum bo‘lmoqda.

Uzoq muddatli istiqbolda bunday tizimli kamsitish og‘ir ijtimoiy oqibatga olib keladi va Afg‘onistonning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotini sekinlashtiradi.

O‘zA

Powered by GSpeech