BMT G‘azoda 50 ming homilador va emizikli ayol bir necha kundan beri och qolayotgani haqida bong urdi.
Tashkilotning Arab davlatlari mintaqaviy byurosi bayonotida G‘azodagi homiladorlar, onalar va chaqaloqlarning ahvoli og‘irligi ta’kidlangan. Homilador ayollar bir necha kun davomida ovqatlanmayotgani sababli chaqaloqlar muddatidan oldin tug‘ilmoqda. Go‘daklar ovqati ham tugagan. Ochlik tinkasini quritgan onalar bolalarini emiza olmayapti. Shu bois G‘azoda jonsiz yoki bir umrlik asorat bilan tug‘ilish xavfi yuqori.

– Buning oldini olish uchun insonparvarlik yordamiga yo‘l ochish kerak – deya chaqiriq bergan tashkilot. – Sektordagi chegara manzillari orqali gumanitar ko‘mak yetkazilishiga Isroil tomoni mart oyidan beri to‘sqinlik qilyapti. Harbiy harakat mintaqani gumanitar falokat yoqasiga olib keldi. Muntazam ravishda fuqarolik infratuzilmasi nishonga olinib, falastinliklar ko‘chib yurib jon saqlashga majbur qilinmoqda. G‘azo gumanitar yordam jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan bo‘linmalarga uyushtirilgan hujumlar oqibatida ko‘plab g‘azoliklar nobud bo‘lyapti. May oyidan beri oziq-ovqat tarqatish bo‘limlariga yordam ilinjida kelganlar o‘qqa tutilmoqda. Isroil harbaylari gumanitar yordam nuqtalarini “o‘lim tuzog‘i” deb ataydi. Shunday manzillarda 766 nafar begunoh inson halok bo‘lgan, 5044 odam yaralangan.
K.Bekjonov, O‘zA
- Qo'shildi: 10.07.2025
- Ko'rishlar: 195
- Chop etish