Bolalar – har bir jamiyatning ertasi va kelajagi. Ular hamisha mehr, e’tibor va himoyaga muhtoj. Afsuski, joylarda hamon bolalar bilan bog‘liq zo‘ravonlik holatlari mavjud. Bu zo‘ravonlik jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham bolalarni har qanday zo‘ravonlikdan asrash – oila, jamiyat va davlatning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Mamlakatimizda “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi qonun, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha bir qator farmon va dasturlar qabul qilingan. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bolalarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2025 yil 14 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, xavf darajasini baholash, himoya rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 27-moddasini amalda ta’minlash uchun muhim qadamdir.
Qayd etilishicha, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki xavf ostida bo‘lgan bola aniqlanganda holat maxsus xabarnoma orqali vakolatli davlat organlariga zudlik bilan yetkaziladi. Har bir holat bo‘yicha xavf darajasi baholanadi, individual himoya rejasi ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Jarayonda ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, ta’lim, mahalla, ijtimoiy xizmatlar va boshqa mutasaddi organlar hamkorlikda harakat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 47-moddasiga ko‘ra, bu tartibni buzgan shaxslar qonuniy javobgarlikka tortiladi.
Bolalarni zo‘ravonlikdan asrash uchun eng avvalo ota-onalar bolalarga doimiy e’tibor va mehr ko‘rsatishi lozim. Maktab va bog‘cha tarbiyachilari bolalardagi o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib borishi shart. Jamiyatda bolalar huquqlari haqida keng tushuncha va axborot berilishi kerak. Agar bola zo‘ravonlikka uchrasa, u erkin va xavfsiz ravishda murojaat qila oladigan xizmatlar faol bo‘lishi shart. Bundan tashqari, internetdagi zo‘ravonlik (kiberbulling)dan bolalarni himoya qilish ham muhim ahamiyatga ega.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 21.07.2025
- Ko'rishlar: 405
- Chop etish