BRIKS yetakchilari sun’iy intellektni boshqarish bo‘yicha deklaratsiya qabul qildi

BRIKSga a’zo davlatlar rahbarlari sun’iy intellekt (CI) global boshqaruvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi. Shu orqali ishtirokchilar inklyuzivlik, barqarorlik va inson huquqini hurmat qilishga qaratilgan sun’iy intellekt texnologiyasini ishlab chiqish va qo‘llash bo‘yicha xalqaro tamoyil yaratishga ko‘maklashish niyatini bildirishdi.

– SIni global boshqarish jiddiy xavfni yumshatishi, barcha mamlakatlar, ayniqsa Global janub vakillari ehtiyojini qondirishi kerak, – deyilgan Braziliya hukumati e’lon qilgan hujjat matnida. –Boshqaruv mexanizmi milliy me’yoriy-huquqiy baza va BMT Nizomiga muvofiq kelishi, suverenitetni hurmat qilishi hamda vakillik, taraqqiyotga yo‘naltirilgan, qulay, inklyuziv, dinamik, shaffof va xavfsiz bo‘lishi lozim.

Hujjat mualliflari xalqaro miqyosda sun’iy intellekt bo‘yicha sa’y-harakatning parchalanishi va takrorlanishiga qarshi chiqqan. Ularning fikricha, bu mavjud nosimmetriklikni kuchaytirishi, raqamli muammolarni global boshqarish qonuniyatini buzishi mumkin.

SIni global boshqarish vositasi sifatida BMTning muhim o‘rni ta’kidlangan. BRIKS yetakchilari barcha mamlakatlar raqamli iqtisodiyot va rivojlanayotgan texnologiya, jumladan sun’iy intellektning afzalligidan foydalanish hamda texnologiya va innovatsiya uchun me’yoriy-huquqiy asos ishlab chiqish huquqini yana bir bor tasdiqladilar.

Deklaratsiyada bozorni adolatli tartibga solish, ma’lumotni inklyuziv boshqarish va sun’iy intellekt texnologiyasidan erkin foydalanish muhimligi, shuningdek texnologik to‘siqlarni bartaraf etish hamda bilim va SI komponentiga kirishni kengaytirish uchun xalqaro hamkorlik zarurligi ta’kidlangan. BRIKS ochiq model, ilmiy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek kichik mamlakatlar va rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun kirish to‘sig‘i sifatida standartlashtirish jarayonidan qochish, sun’iy intellektning ishonchliligi, o‘zaro ishlashi va xavfsizligiga qaratilgan xalqaro standart ishlab chiqishni yoqlaydi.

BRIKS yetakchilari SI axloqiy, shaffof va ishonchli bo‘lishi, bu sohada inson manfaatiga ustuvorlik berilishi lozimligiga alohida urg‘u berilgan. Deklaratsiyaning yakuniy qismida kelib tushayotgan ma’lumotni o‘rganib, kelajakda mohiyatni anglab yetadigan, mustaqil ravishda xulosa chiqara oladigan “kuchli sun’iy intellekt” (Artificial General Intelligence, AGI)ga ehtiyotkorona yondashish zarurligi qayd etilgan.

BRIKS mamlakatlari umumiy yondashuv ishlab chiqish va BMT shafeligida sun’iy intellektni boshqarish bo‘yicha global muloqotda ishtirok etish sa’y-harakatini faollashtirish niyatida.

S.Rahimov, O‘zA

Powered by GSpeech