Bugun Xalqaro ta'lim kuni

Bilim olish huquqi insonlarning uzviy huquqlaridan biridir. Ma'lumki, muayyan bilimlar majmuini egallash bilan bog'liq bo'lgan faoliyatlar, ularni tashkil qilish va boshqarish ta'lim, deb ataladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2018 yil 24 yanvarni Xalqaro ta'lim kuni deb e'lon qilish to'g'risida rezolyutsiya qabul qilgan edi.

Ushbu rezolyutsiyada ta'lim jamiyatni rivojlantirishda hal qiluvchi rol` o'ynashi va barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishiga xizmat qilishi e'tirof etilgan. BMTning Bosh Assambleyasi barcha davlatlarni Barqaror rivojlanish sohasidagi 4–maqsadni amalga oshirish bo'yicha sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlash uchun o'zaro hamkorlikni faollashtirishga e'tiborni kuchaytirishni tavsiya qilgan.

BMT Bosh Assambleyasi Xalqaro ta'lim kunini bayram qilish bo'yicha barcha tadbirlarni tashkil etishni  Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha ixtisoslashgan muassasasi – YUNESKOga topshirgan.

YUNESKO o'tgan 2020 yildagi Xalqaro ta'lim kunini “Odamlar, jahon, farovonlik va tinchlik uchun o'qitish” shiori ostida o'tkazishni belgilab berdi. Bu ta'limning insonparvarlik maqsadlari va uning jamiyatni rivojlantiishdagi hal qiluvchi rolini ifoda etadi. YUNESKO, shuningdek Xalqaro ta'lim kunini keng ko'lamda, ustuvor vazifalarni belgilab olgan holda bayram qilishni tavsiya etgan edi.

Ma'lumki, ta'lim olish huquqi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 26–moddasida mustahkamlab qo'yilgan. Ushbu moddada barcha davlatlar bepul boshlang'ich ta'limni ta'minlashga da'vat etiladi. 1989 yilda qabul qilingan “Bola huquqlari to'g'risida”gi konventsiyada davlatlarning hamma uchun oliy ta'lim olish imkoniyatini ta'minlash majburiyati to'g'risidagi qoida mavjuddir.

Jahon hamjamiyati 2015 yilning sentyabr` oyida 2030 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan kun tartibini qabul qilib, ta'lim Barqaror rivojlanish sohasidagi barcha 17 maqsadga erishishning hal qiluvchi omili ekanligini e'tirof etgan. Barqaror rivojlanish sohasidagi 4-moddada esa sifatli va adolatli ta'lim bilan hammani qamrab olishni ta'minlash hamda barcha uchun butun umr davomida ta'lim olish imkoniyatini rag'batlantirish ko'zda tutilgan.

Ta'lim qashshoqlikdan qutilish va kelgusida farovonlikka erishish imkoniyatini taqdim etadi. Biroq, hozirgi paytda jahonda 262 million bola va o'smir maktabga bormaydi. 617 million bola va o'smir esa o'qishni va matematikaning eng oddiy qoidalarini bilmaydi. Shuningdek, Afrika mamlakatlaridagi qiz bolalarning faqat 40 foizidan kamrog'i boshlang'ich ta'lim oladi. Qochoq hisoblangan 4 million bola va o'smir ham maktabga bormaydi. Bunday holat  ularning ta'lim olish huquqini buzadi. Bunga yo'l qo'yib bo'lmaydi.

Jahondagi davlatlar inklyuziv, adolatli va sifatli ta'lim olishni ta'minlamasdan hamda fuqarolari uchun  butun umr davomida ta'lim olish imkoniyatlarini taqdim etmasdan, gender tengligiga erisha olmaydi. Shu bila birga, ta'lim sohasini rivojlantirmasdan millionlab yoshlarni qashshoqlikdan halos etib bo'lmaydi.

Sifatli va uzluksiz ta'limni rivojlantirish O'zbekiston siyosatining ustuvor yo'nalishi hisoblanadi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida har kimning bilim olish huquqiga ega ekanligi mustahkamlab qo'yilgan. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta'lim sohasidagi islohotlar faqat uning tizimi mazmunini o'zgartiribgina qolmasdan, tarkibini ham takomillashtirmoqda. So'nggi yillarda ta'limning barcha darajalaridagi tub islohotlar natijasida ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator qonun hujjatlari qabul qilindi. O'zbekiston Respublikasining “Ta'lim to'g'risida”gi Qonuni, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi hamda “O'zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonlari shular jumlasidandir.

Bundan tashqari ta'lim sohasiga katta miqdorda investitsiyalar ham kiritilmoqda. Bu esa intellektual rivojlangan va yuqori darajada inson kapitaliga ega bo'lgan shaxslarni tarbiyalashga xizmat qiladi.

Bu yil Xalqaro ta'lim kunini nishonlash o'ziga xos ahamiyatga ega. Chunki mamlakatimiz Prezidenti SH.Mirziyoev tomonidan 2021-yil – “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilingan. Mazkur yilda ta'lim tizimidagi islohotlarni yanada jadallashtirilishi  respublikamizni yanada rivojlanishiga va ijtimoiy farovonlikni ta'minlanishiga xizmat qiladi.

 

Farxod Hayitboev,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Inson huquqlari sohasidagi
ta'lim va ma'rifat bo'limi boshlig'i

Manba: hudud.uz

Powered by GSpeech