Davra suhbati: Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiya - amalda

Bugungi kunda farzandiga ta'lim va tarbiya berayotgan o'qituvchilarning mashaqqatli mehnatiga yetarlicha baho bermaydigan, muallimlar xizmatini qadrlamaydigan va pedagoglarning kasbiy faoliyatiga asossiz ravishda aralashadigan hamda ular o'z vazifalarini bajarishiga to'sqinlik qilayotganlar ham uchrab turibdi.

Shunday holatlarning oldini olish va pedagoglar faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida milliy qonunchilikka zarur o'zgartirishlar kiritildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti  bilan hamkorlikda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining mohiyati va ahamiyatiga bag'ishlab o'tkazgan davra suhbatida, jumladan, shu haqda so'z bordi.

Videomuloqot shaklida tashkil etilgan ushbu tadbirda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas'ul xodimlari, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professor-o'qituvchilari hamda 2-3-bosqich talabalari ishtirok etdi.

Onlayn anjumanga O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori Nozima Muratova moderatorlik qildi. Qizg'in muloqot doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining dolzarbligi va ahamiyati, maqsadi va vazifalari, shuningdek mazkur hujjatda belgilangan salmoqli va qamrovdor vazifalarni to'liq hamda o'z vaqtida bajarishning aniq mexanizmlari haqida fikr yuritildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Xalqaro hamkorlik bo'limi boshlig'i Oybek Ahmadov o'z so'zida, avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida butun
xalqimiz yangi O'zbekistonni bunyod etish uchun shiddatli va qamrovdor islohotlarni amalga oshirayotganiga e'tiborni qaratdi. Joriy yil 13 oktyabrda BMT Bosh Assambleyasida O'zbekiston tarixda ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga ko'pchilik ovoz bilan uch yillik muddatga saylangani inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning eng yorqin samaralaridan biridir.

Bundan oldin, ya'ni joriy yil 22 iyunda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Farmon ham ayni soha rivoji yo'lida ulkan qadam bo'ldi. Milliy strategiyaning maqsadi – O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash borasida izchil olib borilayotgan davlat siyosatining asosiy vazifalari va yo'nalishlarini belgilab olish hisoblanadi.

Farmon bilan O'zbekistonning inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalari normalarini bajarish yuzasidan mas'ul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo'nalishlari belgilandi. BMTning inson huquqlari bo'yicha ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalarining tavsiyalarini bajarishga to'sqinlik qilayotgan sabab va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish ana shunday asosiy yo'nalishlar sirasiga kiradi.

Farmon bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni ta'sis etildi. Ko'krak nishoni inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda ko'rsatgan xizmatlari uchun har yili 10 dekabr` - Xalqaro inson huquqlari kunida topshiriladi.

Shuningdek, har ikki yilda yuqori saviyada hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlar mutaxassislari va faxriy mehmonlar ishtirokida Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi o'tkaziladi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi kontseptsiyasi va Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumini o'tkazish reglamenti tasdiqlandi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh yuristkonsul`ti Rustam Atovulloev mazkur Farmon bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” tasdiqlangani xususida axborot berdi.

Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz Milliy strategiya va “Yo'l xaritasi” amalga oshirilishi yuzasidan muntazam monitoring olib boradi. Ushbu hujjatlarda ko'zda tutilgan chora-tadbirlar sifatli va o'z vaqtida ijro etilishi bo'yicha taklif va tavsiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga kiritadi.

O'z navbatida, “Yo'l xaritasi”da belgilangan mas'ul ijrochilar tegishli vazifalar ijrosi to'g'risidagi ma'lumotlarni har oyning 5-sanasiga qadar Markazga taqdim etadi.

O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti yuristkonsul`ti Nafisa Eshonqulova qayd etganidek, 2020 yil 21 iyulda qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks 197?-modda bilan to'ldirildi.

Mazkur kodeksning yangi moddasida ta'lim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta'lim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishga to'sqinlik qilish javobgarlikka sabab bo'lishi belgilandi. Unga muvofiq, bunday turdagi huquqbuzarlik sodir etgani uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorida jarima qo'llaniladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorida jarima belgilandi.

Huquqbuzarlik sodir etilganida ta'lim muassasasi pedagog xodimi ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risida bayonnoma tuzmasdan sudga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. U o'z arizasida huquqbuzarning shaxsi, huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqti va uning mazmuni, mohiyati hamda ishni hal etish uchun zarur bo'lgan boshqa ma'lumotlarni taqdim etishi lozim bo'ladi.

Bundan tashqari, davra suhbati ishtirokchilarining fikricha, “O'qituvchilarning maqomi to'g'risida”gi qonunni qabul qilish, unga pedagoglar kasbiy faoliyatiga ota-onalar, vakolatga ega bo'lmagan idora va tashkilotlar aralashish huquqiga ega emasligi to'g'risidagi normani kiritish, o'qituvchilik faoliyatining erkinligi va kafolatlarini qonun yo'li bilan mustahkamlash maqsadga muvofiqdir. Bularning barchasi o'qituvchilarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilib, ularning jamiyat va hayotdagi mavqeini yanada oshiradi.

Anjuman yakunida O'zbekistonda Milliy strategiya timsolida inson huquqlari sohasida uzoq muddatli istiqbolga mo'ljallangan hujjatning qabul qilinishi ushbu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatning xalqaro maydondagi obro'si yanada mustahkamlanishiga, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasining iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi mavqei yaxshilanishiga xizmat qilishi alohida ta'kidlandi.

Muloqot so'ngida talabalar bilan savol-javoblar samimiy suhbatga aylandi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech