Keyingi yillarda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini mustahkamlash, davlat va jamiyat o‘rtasida konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarni ijtimoiy jarayonlarga faol jalb qilish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
Bu jarayon BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan ham hamohang ravishda amalga oshirilmoqda.
Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlariga amaliy yordam ko‘rsatish, ularning samarali faoliyati uchun qulay institutsional va moddiy muhit yaratish masalasi dolzarb vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu yo‘nalishdagi vazifalar joriy yilning 2 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2025 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari” bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da ham o‘z aksini topgan.
Yo‘l xaritasida fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator yo‘nalishlar belgilangan. Konsepsiyada belgilangan amaliyotlar davlatning fuqarolik jamiyati institutlariga oid siyosatini yanada samarali va aniqroq shakllantirishga qaratilgan. Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari sub’ektlarining huquqiy va institutsional asoslari yanada takomillashtirilib, ularning faoliyati samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Ular orasida nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy ahamiyatga molik tashabbuslarni e’tirof etish, ommaviy axborot vositalarida keng yoritish va eng faol fuqarolarni taqdirlash kabi tadbirlar nazarda tutiladi. Bu esa ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, jamoatchilik orasida fuqarolar faolligini rag‘batlantirish va ularni qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini yanada kegayishiga imkoniyat yaratiladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlariga amaliy yordam ko‘rsatishga qaratilgan chora-tadbirlar ham amalga oshirilmoqda. Masalan, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlari, ya’ni grantlar va ijtimoiy buyurtmalar tizimini kengaytirish kabi vazifalar belgilangan. Bundan maqsad — NNT faoliyatining samaradorligini oshirish, jamoatchilik ishonchini mustahkamlash va soha vakillarining mas’uliyatini yuksaltirishdir. Buni ta’minlash uchun nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari uchun kasb etikasi kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish ham nazarda tutilgan.
Mazkur yo‘nalishda tajriba almashish va NNT o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash vazifasi belgilangani ham muhim ahamiyat kasb etadi. NNT o‘zaro bilim va tajriba almashish orqali zamonaviy metodlar, innovatsion yondashuvlar va strategik usullarni qo‘llashni o‘zlashtirishadi, xususan, ularning faoliyatida ijtimoiy muammolarga tez va samarali javob berishga imkon beradi.
Shu bilan birga, xalqaro maydondagi fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan choralar ham amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, BMT tomonidan tashkil etilgan “Xalqaro demokratiya kuni” munosabati bilan O‘zbekistonda demokratik boshqaruvda fuqarolik jamiyatining o‘rni mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilishi mo‘ljallangan. Bu tadbir xorij tajribasini o‘rganish, ekspertlar bilan muloqot qilish va fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga yangi yondashuvlarni shakllantirishga yordam beradi.
Ahamiyatli yondashuvlardan biri sifatida fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalarini tizimli ravishda baholashga qaratilgan yillik milliy ma’ruza tayyorlash ko‘zda tutilgan. Ushbu ma’ruza faqat tahlil vositasi emas, balki fuqarolik jamiyati va davlat o‘rtasidagi samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, shaffoflikni ta’minlash va fuqarolar ehtiyojlariga mos siyosiy yechimlarni ishlab chiqishda muhim platformaga aylandi. Shuningdek, milliy ma’ruzalar, shubhasiz, fuqarolik jamiyatining rivojlanish darajasini baholash, davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash hamda kelgusidagi strategiyalarni belgilashga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash nafaqat demokratik islohotlar yo‘lida muhim omil, balki keng ma’noda barqaror rivojlanishning kafolati sifatida ham ko‘rilmoqda.
Adolatli va ochiq jamiyat qurishda faqat davlatning emas, balki fuqarolarning ham mas’uliyatni his etishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, huquqiy madaniyatni oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va qaror qabul qilish jarayonlarida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash orqali fuqarolik jamiyati institutlari barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi mustahkam poydevorga aylanmoqda.
Elyorjon SAMINOV,
Barqaror rivojlanish markazi direktori.
O‘zA
- Qo'shildi: 13.05.2025
- Ko'rishlar: 591
- Chop etish