Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Demokratiya ishonchdan boshlanadi

15-sentabr — Xalqaro demokratiya kuni. Ushbu sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2007-yil 13-dekabrdagi rezolyutsiyaga muvofiq ta’sis etilgan. Bu kundan maqsad — dunyo miqyosida demokratiya tamoyillarini targ‘ib qilish, inson huquqlarini himoya qilish va jamiyatning barcha qatlamlarini boshqaruv jarayonlariga jalb etishdan iborat.

Bu haqda Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi Alisher Azizov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

— Demokratiyaning qay darajada yetuk ekani faqat saylov tizimi qanday tashkil etilgani bilan emas, balki insonning kundalik hayotda davlat bilan munosabatlari qanday kechayotgani bilan ham baholanadi: uning huquqlari himoya qilinganmi, u o‘z fikrini ochiq ifoda eta oladimi, hayotiga daxldor masalalarni hal etishda ishtirok eta oladimi va murojaatlariga aniq hamda asosli javob oladimi?

Shu bois, BMT Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq har yili 15-sentabrda nishonlanadigan Xalqaro demokratiya kuni avvalo, jamiyat va hokimiyat o‘rtasidagi muloqot qay darajada samarali ekanini baholash uchun muhim fursatdir.

O‘zbekiston uchun ham bu mavzu, avvalo, amaliy ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida mamlakat Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan izchil borayotganini ta’kidladi. BMT tomonidan qabul qilingan ushbu 17 ta maqsad 2030-yilga qadar inson farovonligini oshirish, ijtimoiy tenglikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan. Bu yo‘lda inson qadri hamda davlat institutlarining jamiyat ehtiyojlariga amalda javob bera olishi bosh mezon hisoblanadi.

Inson — bosh mezon. Bu yondashuvga 2023-yilda umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya mustahkam huquqiy asos yaratdi. Unda inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilab qo‘yilgan. Mohiyatan, bu boshqaruv mantig‘ining o‘zgarganini anglatadi: fuqaro tizimga moslashishi shart emas; aksincha, tizim qonun doirasida ishlab, insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ustuvor qo‘yishi lozim.

Biroq, demokratik me’yorlar inson ularning amaliy natijasini o‘z hayotida ko‘rgandagina ishonch uyg‘otadi. Shu nuqtai nazardan, «Tashabbusli byudjet» fuqarolar ishtirokini ta’minlaydigan eng ko‘zga ko‘ringan mexanizmlardan biriga aylandi. Uning doirasida aholi o‘z mahallasi uchun zarur loyihalarni ilgari suradi, eng muhim deb hisoblagan tashabbuslarga ovoz beradi va byudjet mablag‘larining bir qismi qanday taqsimlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Bu mexanizmning ko‘lami bugun raqamlarda ham yaqqol ko‘rinadi. 2026-yilgi birinchi mavsumda «Ochiq byudjet» portali orqali 21 mingdan ortiq loyiha taklif etildi, ovoz berish jarayonida esa 10,2 milliondan ziyod ovoz berildi. Yakunda umumiy qiymati qariyb 3,03 trillion so‘m bo‘lgan 2 ming 192 ta loyiha g‘olib deb topildi. Bu raqamlar ortida yo‘llar, maktablar, suv ta’minoti, ko‘chalarni yoritish, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy ob’ektlar bilan bog‘liq aniq loyihalar turibdi. Eng muhimi, ularga bo‘lgan ehtiyojni aholining o‘zi belgilagan. Shu tariqa aholi fikri aniq qarorga aylanadi, ishonch esa amaliy natija bilan mustahkamlanadi.

Vakillik va ishtirok. Fuqarolarning jamiyat hayotiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyati mahalliy tashabbuslar bilangina cheklanmaydi. Qonunlar qabul qilinadigan parlamentda jamiyatning turli qatlamlari qay darajada vakillikka ega ekani ham muhim. 2024-yilgi parlament saylovi mamlakat tarixida ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tkazildi: Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa partiya ro‘yxatlari bo‘yicha saylandi. Xotin-qizlar ulushi 38 foizga yetdi. Ilk bor Qonunchilik palatasiga nogironligi bo‘lgan shaxs deputat etib saylandi.

Jamiyatning turli qatlamlari kengroq vakillikka ega bo‘lishi qabul qilinayotgan qarorlarda fuqarolarning turli manfaatlari va hayotiy tajribasi to‘laroq hisobga olinishiga xizmat qiladi. Aynan shu yerda demokratiyani mustahkamlash bilan barqaror rivojlanish vazifalari o‘zaro tutashadi.

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari ham bu bog‘liqlikni ifodalaydi: 5-maqsad xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashga, 16-maqsad esa samarali, hisobdor va ochiq institutlarni shakllantirish hamda qaror qabul qilishda barchaning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan.

2024-yilda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi yangilandi: Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi. Shuningdek, davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari raislarini fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasidan tasdiqlash, kengashlar faoliyati samaradorligini har yili baholash hamda natijalarini e’lon qilish tartibi belgilandi.

Biroq, muhokama maydonining mavjudligi hali mazmunli muloqotni kafolatlamaydi. Fuqaro qanday qaror qabul qilish rejalashtirilayotganini, muhokama davomida qanday takliflar bildirilganini, ulardan qaysilari inobatga olinganini va ayrimlari nima sababdan rad etilganini bilishi muhim. Ana shunday ochiq va asosli javob tufayli muhokama shunchaki rasmiyatchilik bo‘lib qolmay, o‘zaro ishonchni mustahkamlaydigan amaliy vositaga aylanadi.

Bu borada elektron hukumat tizimi keng imkoniyatlar yaratmoqda. BMTning 2024-yilgi Elektron hukumat tadqiqoti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida (EGDI) 69-o‘rindan 63-o‘ringa ko‘tarildi va ilk bor elektron hukumat rivojlanishi juda yuqori baholangan mamlakatlar guruhiga kirdi. Elektron xizmatlar davlat xizmatlaridan foydalanish, murojaat yo‘llash va zarur axborotni olishni osonlashtiradi.

Biroq, raqamlashuv keksalar, olis hududlar aholisi yoki raqamli ko‘nikmalari yetarli bo‘lmagan fuqarolar uchun to‘siqqa aylanmasligi lozim.
Shu bois, onlayn vositalarni fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot, sayyor qabul va uchrashuvlar, shuningdek, mahallalardagi ochiq muhokamalar bilan uyg‘unlashtirish zarur. Shuningdek, fuqarolik institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali fuqarolar ishtirokini ta’minlash muhim.

Xalqaro demokratiya kuni — erishilgan yutuqlarni sarhisob qilish barobarida fuqarolar ishtiroki yanada mazmunli bo‘lishi, institutlar hisobdorligi kuchayishi, qarorlar esa tushunarli va adolatli bo‘lishi uchun yana qanday ishlar qilinishi zarurligini belgilab olish imkonini beradi.

Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA

Nashr sanasi 15.09.2026 Ko'rishlar 29
Ulashish