Bu vazifalar birin-ketin bajarilmoqda. Oʻtgan olti oyda Jizzaxda sanoat, servis va qishloq xoʻjaligida 200 ta loyiha ishga tushdi. Viloyatga 662 million dollar investitsiya kirib keldi.
Natijadorlikni yanada oshirish maqsadida Jizzax viloyati Zomin tumanida ham “Islohotlar shtabi” tuzilgan.
Davlatimiz rahbari tashrifi davomida viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Xususan, “yagona darcha” tamoyili asosida qishloq xoʻjaligi xizmatlarini bitta joyga jamlagan “Agromarkaz” tashkil etildi. Hosildorlikni oshirishga qaratilgan yangicha yondashuvlar viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga ijobiy taʼsir etib, aholini koʻproq daromad topishiga imkon yaratmoqda.
Jizzax viloyati kartoshkachilikni rivojlantirishga zamin qilib olinmoqda. Bugungi kunda Zomin ilmiy tajriba stansiyasida xorijiy va mahalliy seleksiyaga mansub 12 ta nav birlamchi urugʻchiligi yoʻlga qoʻyildi.
Odatda urugʻlik kartoshka yetishtirish 6-7-yilni va 8 ta bosqichni talab qilsa, yangi taklifga koʻra, jarayon 4 bosqichga kamaytirilib, 2-yilda tayyorlanadi. Bunda kartoshkaning yangi seleksiya navlaridan 12 tonna yuqori avlod super elita urugʻlik aholi xonadonlariga bepul tarqatiladi. Natijada 120 tonna elita kartoshka urugʻligi yetishtiriladi.
Shuningdek, dukkakli ekinlar ekish, Zarbdor tumanidagi kanalda nasos stansiyalari va magistral quvurlar qurish rejalari belgilangan.
Jizzaxning turfa tabiati, togʻli va choʻl hududlari yilning toʻrt faslida ham sayohat qilish imkonini beradi. “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi, Zomin aeroporti va yangi yoʻllar bu imkoniyatlarni kengaytirdi. Yirik 6 ta kanal boʻyida sayilgohlar tashkil qilindi. Endi “Aydar-Arnasoy” koʻllar tizimi qirgʻoq boʻyida ham zamonaviy turizm markazi barpo etiladi.
- Tumanlarga sanoatni olib kirib, odamlarni ishli qilishga harakat qilyapmiz. Ilgari dasht boʻlgan joylarda zamonaviy korxonalar paydo boʻlyapti. Odamlarimiz hunaridan, tomorqasidan ham daromad topayapti. Lekin bu bugungi natija. Yangi avlod yetishib kelyapti, yoshlarimizning bilimi, talabi oshib boryapti. Ularning ishlashi, yaxshi yashashi uchun hozirdan zamin yaratishimiz kerak. Agar imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanilsa, Zomin tumani ishsizlikdan xoli hudud boʻla oladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Maʼlumki, Koʻkdala tumanining yangi markazida sanʼat saroyi, sanʼat maktabi, umumtaʼlim maktabi va sport majmuasi yonma-yon barpo etilmoqda. Davlatimiz rahbari bu bolalarga qulay boʻlishini taʼkidlab, kelgusi loyihalarda shuni qoʻllash zarurligini aytgan edi. Endi shu tajriba asosida Zomin tumanida ham madaniyat saroyi va sanʼat maktabi qurilishi rejalashtirilgan. Madaniyat saroyi 300 oʻrinli boʻlib, tuman markazidagi 45 mingdan ortiq aholiga xizmat koʻrsatadi. Bu yerda “Zomin sayqali” folklor-etnografik jamoasi, 13 ta toʻgarak faoliyat yuritadi.
Mutasaddilarga ushbu rejalar ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivoji boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shu bilan Prezidentimizning Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»