«Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning o‘zi va qonuniy vakilining ruxsatisiz, shuningdek, Ijtimoiy himoya agentligi so‘rovisiz bemor haqidagi tibbiy ma’lumotlarni berish taqiqlanishi belgilanmoqda.
Bu nogironligi bor shaxslarni himoya qilishda yangi yondashuv va mexanizmlarni joriy etishda alohida ahamiyat kasb etadi. Ehtiyojmand fuqarolarning holatini har tomonlama baholash orqali davlat tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va xizmatlarning manzilliligi va samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Mazkur hujjat loyihasi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishida partiya elektorati nuqtai nazaridan qizg‘in muhokama qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda “Ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.
Aholining ehtiyojmand qatlamlarini himoya qilishga qaratilgan normalar aks etgan loyihada ijtimoiy himoya tizimi xodimlari faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ularning qonuniy talablarini bajarmaslik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Fraksiya a’zolari amaliyotda ijtimoiy xizmat va yordamlarni ko‘rsatishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib-taomillarni bajarmaslik hollari uchrab turganini qayd etib, bu borada huquqiy chora belgilanishi muhimligini ta’kidladilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 22.04.2025
- Ko'rishlar: 26
- Chop etish