Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 14 avgustdagi “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini falastinliklar katta mamnuniyat bilan e’tirof etmoqda. Buni Falastinning “Wafa”, “Sadanewc” axborot agentliklari, “Alquds” kabi qator nashrlarida “Falastin hukumati O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi Falastin fuqarolariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha yaxlit tizim yaratish to‘g‘risidagi farmonini olqishlaydi” sarlavhali maqola chop etilgani misolida ham ko‘rish mumkin.
Maqolada yurtimizga olib kelingan falastinlik fuqarolarga ijtimoiy yordam joriy etilishi nazarda tutilgan davlatimiz rahbari farmoni haqida so‘z boradi. Jumladan, hujjatda falastinlik bemorlar va hamrohlari moslashuvini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus respublika komissiyasi hamda ular uchun barqaror parvarish va keng qamrovli ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida maxsus jamg‘arma tashkil etilishi belgilangani alohida e’tirof etilgan.
– O‘zbekistonning Falastin xalqiga ko‘rsatilayotgan salmoqli yordam va barcha darajada adolatli sa’y-harakatni aks ettiruvchi qadami tahsinga loyiq, – deyilgan maqolada. – Shuningdek, respublikaning xalqaro qonuniylik rezolyutsiyalari va dunyoviy huquq me’yoriga muvofiq, ikki davlat tamoyiliga asoslangan Falastinni qo‘llab-quvvatlash borasidagi prinsipial va tarixiy pozitsiyasi yuqori baholangan.
Muallif yurtimizda inson hayoti, sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘lash, muhtojlarga mehr bilan yondashish, ezgulik va adolat tamoyiliga sodiq qolish dinimiz, madaniyatimiz va an’analarimizning ajralmas qismi ekaniga alohida e’tibor qaratgan.
Falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash harakati O‘zbekiston Respublikasining xalqaro gumanitar va inson huquqi tamoyiliga sodiqligining yana bir ifodasi ekaniga urg‘u berilgan. Bu jarayon xalqaro birdamlikni mustahkamlash, urushdan jabrlanganlarni himoya qilish, kishilar hayoti va asosiy huquqiga tahdid soluvchi jiddiy inqiroz sharoitida insoniy qadr-qimmatni saqlab qolishning amaliy namunasi sifatida e’tirof etilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA
- Qo'shildi: 22.08.2025
- Ko'rishlar: 133
- Chop etish