Falastin tashqi ishlar vaziri Varsen Agabekyan Yevropa Ittifoqining G‘azo va G‘arbiy Sohilda inson huquqi buzilayotgani uchun Isroilga qarshi hech qanday chora ko‘rmaslikda aybladi. Mulozim ayni holatni "dahshatli va umidsizlikka soluvchi" deya baholadi. Bu haqda "Euronews" yozgan.
Yevropa Ittifoqi davlatlari tashqi ishlar vazirlari hisobotida Isroil tomonidan inson huquqi buzilishiga oid 38 holatni qayd etgan. Shunga qaramay, hozirgacha hech qanday chora ko‘rilmagan. Agabekyan ayni holat haqida shunday dedi:
– Hammasi ko‘rinib turibdi – urush jinoyati, oziq-ovqat ustidan nazorat, navbatda turgan odamlar halokati, bolalar o‘limi. Bu borada indamaslik Ittifoq qadriyatiga xiyonatdir.
Falastin vaziri ham qatnashgan, Bryusselda o‘tgan yig‘ilishda Isroilga nisbatan chora sifatida qurol embargosi, ekstremist amaldorlarga sanksiya, Yevropa tadqiqot dasturlaridan chetlatish kabi 10 ta variant muhokama qilindi. Afsuski, Germaniya, Avstriya, Vengriya va Chexiya qarshi chiqqani uchun umumiy kelishuvga erishilmadi.
BMTning 9 iyuldagi hisobotiga ko‘ra, G‘azo aholisining uchdan biri kun bo‘yi ovqatsiz qolmoqda, sog‘liqni saqlash tizimi esa yonilg‘i yetishmasligi sababli faoliyatdan to‘xtash arafasida.
Agabekyan YeIni Isroilga nisbatan tuzilma prinsiplariga asoslangan holda qat’iy chora ko‘rishga chaqirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA
- Qo'shildi: 17.07.2025
- Ko'rishlar: 289
- Chop etish