Fikr kuchi bilan iPad boshqarildi

Apple va neyrotexnologiyalar bo‘yicha ixtisoslashgan Synchron kompaniyalari falajlangan bemor ishtirokidagi inqilobiy texnologik yutuqni namoyish etdi. Ular neyroimplant yordamida erkakning iPad planshetini faqat fikrlari orqali boshqarayotganini ko‘rsatuvchi videoni taqdim etdi. Bu haqda PC Mag nashri xabar berdi.

Ushbu innovatsion tizimda bemorning miyasiga joylashtirilgan implant nerv impulslarini o‘qib, ularni planshetga uzatadi. Natijada, foydalanuvchi qurilmada ekranga tegmasdan yozishi, ilovalarni ochishi va internetdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Synchron kompaniyasi bu texnologiyani “fikr bilan boshqariladigan interfeys” deb atamoqda. Ushbu yondashuv falajlangan insonlar hayot sifatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, ularni jamiyatga yanada yaqinlashtirishni maqsad qiladi.

 Apple kompaniyasi esa bu loyihani o‘zining kirish imkoniyati (Accessibility) dasturi doirasida qo‘llab-quvvatlamoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu holat neyrotexnologiyalar va kundalik hayotda raqamli qurilmalardan foydalanish imkoniyatlarini tubdan o‘zgartirishi mumkin.

Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA

Powered by GSpeech