Ikkinchi jahon urushini, oradan shuncha vaqt o'tsa ham, hech kim, hech bir davlat, hech bir xalq yoki millat unutmaydi va unuta olmaydi ham. Chunki, agar davlatchilik tarixi boshlangan davrdan buyon 14,5 mingdan ortiq turli hil urushlar bo'lgan bo'lsa, bu urush insoniyat tarixida eng mudhishligi va ko'lami bilan ajralib turadi. Yana bir muhim tomoni, bu insoniyat tamadduni tez rivojlanib borayotgan bir paytda “madaniylashgan xalqlar”ning vakillari tomonidan sodir etilgan urushdir.
Ya'ni, mashhur xalqaro huquqshunos olim Fyodor Martensning «Madaniylashgan xalqlarning xalqaro huquqi» («Sovremennoe mejdunarodnoe pravo sivilizovannix narodov») asarida aytilgan, har qanday urushda ham insoniylik tamoyillarini esdan chiqarmaydigan, urush paytida ayollar, bolalar, qariyalar va boshqa harbiy bo'lmagan ob'ektlarning daxlsizligiga rioya qilib, urush harakatlarini olib boradigan madaniylashgan xalqlarga urg'u berilmoqda. Albatta, bu yerda butun boshli nemis, ital`yan yoki yapon millatiga nisbatan salbiy munosabatda gapirish noto'g'ri bo'ladi.
Zero, har doim ham urush va qirg'inbarotlarni “rahnamolar” boshlaydi va o'z maqsad va mafkuralariga asoslanadi. Oddiy xalq vakillari esa, unda “askarlar” sifatida ishtirok etadi. Ushbu xalqlar ham fashistik mafkuraning qurbonlari bo'ldi va katta jabr ko'rdi.
Fashizm ushbu urushda «oliy tabaqa inson»lar jamiyatini yaratish uchun o'zidan boshqa irq va toifadagi insonlarni qul sifatida «oliy irq» manfaatlari uchun xizmat qildirishni ko'zda tutgan yovuz g'oyaga suyanar edi. Umuminsoniyat tamadduni va taraqqiyotini faqat bir hovuch «saralangan» odamlar manfaatiga yo'naltirishni ko'zda tutar edi.
Bu yovuz g'oya yer yuzidagi barcha xalqlarning Yaratgan bergan ne'mat — yashash, yaratish haq-huquqlarini poymol etishga asoslangan edi. Shu bois barcha taraqqiyparvar kuchlar o'z haq-huquqlari va adolat tantanasi uchun kurashga otlandilar va unda adolat, insoniylik va haqiqat qaror topdi.
BMT Ustavining Muqaddimasida: “kelgusi avlodlarni hayotimizda ikki marotaba odamzodga cheksiz qayg'u keltirgan urush balosidan qutqarish va insonning asosiy huquqlari, sha'ni va qadr-qimmatiga, erkaklar va ayollarning teng huquqliligiga hamda katta va kichik millatlarning huquqlarini tengligiga ishonchimizni yana bir bor tasdiqlash va ularga sharoit yaratib berish, xalqaro huquqning manbalaridan kelib chiqadigan adolat va majburiyatlarni hurmat qilish va ko'proq erkinlik bilan ijtimoiy taraqqiyot va yaxshi yashash sharoitlarini qo'llab-quvvatlash uchun”, degan g'oya belgilab qo'yilgani bejiz emas.
Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk G'alabani nishonlashga BMT, umuman xalqaro hamjamiyat har yili alohida e'tibor qaratib kelmoqda.
Misol uchun, 2004 yil 24 noyabrda BMT Bosh Assambleyasi 8 va 9 may kunlarini “Xotira va yarashish kuni” deb e'lon qildi. Bu bilan BMTga a'zo-davlatlar o'zlarining g'alaba, ozodlik va xotirlash kunlariga ega bo'lishlari mumkinligini tan olib, barcha a'zo davlatlarni, BMT tizimidagi tashkilotlarni, nodavlat tashkilotlar va shaxslarni ushbu sanani nishonlashga taklif qildi.
Ushbu tushabbus BMT Bosh Assambleyasining 2010 yil 2 martdagi 64/257-sonli qarorida qo'llab-quvvatlandi.
Bosh Assambleyaning 2015 yil 26 fevraldagi "Ikkinchi jahon urushi tugaganining 70 yilligi"ga bag'ishlab qabul qilgan 69/267-sonli rezolyutsiyasida ham Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri BMT va mintaqaviy hamda submintaqaviy tashkilotlar va boshqa tegishli mexanizmlar doirasida urushning og'ir merosini yengib o'tish va yarashishni rag'batlantirish ishida, xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, demokratik qadriyatlar, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishda taraqqiyot bo'lganligi e'tirof etildi.
Bosh Assambleya mazkur Rezolyutsiyaning qaror qismida BMTga a'zo barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar, nodavlat tashkilotlar va insonlar 8 va 9 may kunlarini
Ikkinchi jahon urushining barcha qurbonlari xotirasiga bag'ishlangan kun sifatida nishonlashga chaqirdi.
Hozirgi kunda ham, Ikkinchi jahon urushidagi g'alabaning 75 yilligi munosabati bilan BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi loyihasi tayyorlanmoqda.
MDH mamlakatlari, XXR va BMTning boshqa a'zolari hammuallifligida ishlab chiqilgan maxsus rezolyutsiya loyihasi BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida qabul qilinishi rejalantirilgandi. Biroq, hozirgi kunda Bosh Assambleya, masofadan ishlashga o'tganligi va yalpi yig'ilishlar o'tkazmayotganligi sababli, ushbu rezolyutsiyaning muhokamasi Bosh Assambleyaning odatiy ish tarziga qaytadigan davrga qoldirildi.
BMT doirasida Ikkinchi jahon urushi yakunlari bo'yicha qabul qilingan quyidagi universal xalqaro-huquqiy hujjatlarga alohida e'tibor qaratish maqsadga muvofiq:
Harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdorlarni aniqlash, hibsga olish, topshirish va jazolash bo'yicha xalqaro hamkorlik tamoyillari (1973 yil);
Harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarga qonuniy cheklovlarni qo'llamaslik to'g'risida konventsiya (1968);
Qurolli mojarolar jabrdiylarini himoya qilish to'g'risidagi Jeneva konventsiyalari (1949);
Genotsid jinoyatlarining oldini olish va jazolash to'g'risidagi konventsiya (1948).
O'zbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori Ikkinchi jahon urushida erishilgan g'alabani ta'minlashga ulkan hissa qo'shdi. Mana, 75 yildirki buyuk G'alaba mamlakatimizda ham keng nishonlanib kelmoqda. 1999 yil 2 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining “9 mayni Xotira va qadrlash kuni deb e'lon qilish to'g'risida”gi farmoni qabul qilinib, “9 May — Xotira va qadrlash kuni” deb e'lon qilindi.
Shu davrdan buyon har yili 9 may arafasida davlat rahbarining Xotira va qadrlash kunini o'tkazish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini G'alaba bayrami munosabati bilan rag'batlantirish bo'yicha farmon va qarorlari qabul qilinadi. Bu hujjatlar asosida urush va mehnat faxriylari keng jamoatchilik jalb etilgan holda muntazam rag'batlantirib kelinmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 martdagi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag'batlantirish to'g'risida”gi farmoniga ko'ra, joriy yilda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 10 000 000 (o'n million) so'm miqdorida bir yo'la pul mukofoti belgilandi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, bu yilgi G'alaba bayramiga tayyorgarlik o'tgan yildan boshlandi. Ya'ni, 2019 yil 23 oktyabr` kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha 4 ta qism, 49 ta banddan iborat asosiy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Mazkur Dasturga binoan:
Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari, mehnat fronti faxriylarini, shuningdek, mustaqillik yillarida Vatan himoyasi va xizmat burchini bajarish chog'ida halok bo'lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila a'zolarini har tomonlama ijtimoiy-huquqiy himoya qilish hamda ularni moddiy va ma'naviy rag'batlantirish bo'yicha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
«Ajdodlarimiz jasorati — mangu barhayot» degan g'oya asosida mamlakatimizdagi barcha viloyat, tuman va shaharlarda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilarining qahramonliklari, o'zbek xalqining front ortidagi fidokorona mehnati va g'alabaga qo'shgan beqiyos hissasi, front hududlaridan respublikamizga ko'chirib keltirilgan yuz minglab insonlarga nisbatan ko'rsatgan yuksak insonparvarlik fazilatlarini har tomonlama chuqur aks ettiradigan madaniy-ma'naviy tadbirlar, targ'ibot aktsiyalari, kontsert dasturlari, tasviriy san'at ko'rgazmalari, ijodiy kechalar, tanlovlar, ommaviy sport musobaqalari, «uch avlod vakillari uchrashuvlari»ni, shuningdek, mehnat jamoalari, mahalla va guzarlarda, turar-joy mavzelarida obodonchilik ishlarini tashkil etish;
fashizmga qarshi kurashda qahramonlik ko'rsatgan yurtdoshlarimiz haqida yangi badiiy va hujjatli asarlar, kino va spektakllar, musiqa va tasviriy san'at asarlari yaratish;
G'alabaning 75 yilligiga bag'ishlab MDH mamlakatlarida bo'lib o'tadigan xalqaro anjumanlar, harbiy-sport o'yinlari va askar qo'shiqlari xalqaro festivallarida ishtirok etish bo'yicha tayyorgarlik ishlarini yuksak saviyada amalga oshirishga alohida e'tibor qaratish belgilab qo'yildi.
Prezidentimizning ushbu qarorga ko'ra, Toshkent shahrida barpo etiladigan G'alaba bog'ining kontseptsiyasi qabul qilindi. Kontseptsiyaga ko'ra:
I. G'alaba bog'ining kirish qismida: O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning: «Biz barchamiz, avvalo, unib-o'sib kelayotgan yosh avlodimiz fashizm balosiga qarshi kurashda jasur ajdodlarimiz, ko'pmillatli O'zbekiston xalqi ko'rsatgan mardlik va matonatni aslo yodidan chiqarmasligi kerak», degan so'zlari marmar lavhada aks ettiriladi.
II. Bog'ning markaziy kirish qismida ramziy darvoza shaklida G'alaba arkasi bunyod etiladi. G'alaba arkasida:
baland ustunlardan iborat bo'lib, bog'ning ichki ko'rinishini to'sib qo'ymaydigan holda o'rnatilishi;
arkaning yuqori qismida «G'alaba bog'i» degan yozuv va uning atrofidagi tasvirlarda Ikkinchi jahon urushi janggohlariga doir kompozitsiyalar aks ettirilishi;
arka milliy me'morlik an'analari ruhida barpo etilishi va o'sha davrning tarixiy manzaralari o'z ifodasini topishi ko'zda tutilgan.
Ma'lumot uchun: Bunday darvozalar «Zafar arkasi», «G'alaba arkasi», «Tinchlik arkasi» kabi nomlar bilan Frantsiyaning Parij, Italiyaning Milan, Angliyaning London, Rossiyaning Moskva shaharlarida va dunyoning boshqa shaharlarida barpo etilgan.
III. G'alaba bog'ining ekspozitsiyasi:
Bog' oldidagi maydonda O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i yuksaklikda hilpirab turadi.
Bog' hududida bir necha ulkan marmar devorlar o'rnatilib, ularda mavzuga oid eng muhim ma'lumotlar aks etgan kompozitsion pannolar yaratiladi
IV. G'alaba bog'ida Xotira muzeyi tashkil etiladi.
Muzey quyidagi bo'limlardan iborat bo'lishi belgilangan:
1-bo'lim. O'zbekiston aholisining frontga safarbar etilishi. Jang maydonlaridagi jasorat.
2-bo'lim. O'zbekiston — front uchun ishonchli tayanch qo'rg'oni.
3-bo'lim. Urush yillarida O'zbekistonda ilm-fan, ta'lim, madaniyat, sog'liqni saqlash.
4-bo'lim. Urush va g'alaba haqida xotiralar, xalqning quvonch va shodligi.
5-bo'lim. Urush yillarida badiiy adabiyot, san'at va matbuot.
6-bo'lim. «Mardlar jasorati mangu yashaydi». Urushda halok bo'lgan yurtdoshlarimizning nomlari qayd etilgan 33 jildlik «Xotira» kitobi.
V. G'alaba bog'ida barpo etiladigan innovatsion tonnel;
VI. G'alaba bog'idagi kinoteatr ;
VII. G'alaba bog'idagi kutubxona, o'quv bog'i va buk-kafe.
G'alaba bog'ida kutubxona, buk-kafe (book-cafe), shuningdek, wi-fi hududi tashkil etiladi.
Hozirgi kunda G'alaba bog'ida qurilish ishlari avjida. Koronavirus pandemiyasi tufayli e'lon qilingan karantin sharoitlariga qaramay, mazkur bog'ni bunyod etish jarayonlari jadal bormoqda.
Bir so'z bilan aytganda, mamlakatimizda G'alabaning 75 yilligini keng nishonlashga juda katta e'tibor qaratildi.
Ammo, butun dunyoni qamrab olayotgan COVID-19 pandemiyasi, boshqa mamlakatlarda bo'lganidek, O'zbekistonda ham G'alaba kuniga belgilangan yuqori darajadagi tadbirlarning ba'zilarini ko'ngildagidek tashkil etishga muayyan darajada xalaqit bermoqda.
Shuni ham qayd etish kerakki, koronavirus pandemiyasi davrida mamlakatimizda ushbu virusdan jabr ko'rganlarga yordam ko'rsatish bilan bog'liq bo'lgan keng qamrovli saxovat xayriya harakati vujudga keldi. Ushbu “ko'rinmas dushman”ga qarshi kurashishda barcha birlashmoqda.
Xayriya harakati nafaqat mamlakat miqyosida amalga oshirilmoqda, balki O'zbekiston xalqaro gumanitar yordam harakatida ham faol ishtirok etmoqda. Hozirgi paytgacha O'zbekiston tomonidan Xitoy, Qirg'iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Eron, Belarus` kabi mamlakatlarga gumanitar yordam jo'natildi. Mamlakatning mazkur insonparvarlik amaliyoti xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e'tirof etilmoqda.
Yaqinda "Sardoba" suv ombori bilan bog'liq halokatda jabr ko'rganlarga har tomonlama yordam berish uchun butun xalqimizning birlashgani mamlakatimiz birdamligining yana bir yorqin tasdig'i bo'ldi. O'zbek xalqining ushbu mehribonligi, xalokat jabrdiydalarga yordam qo'lini cho'zishga bo'lgan astoydil sa'y-harakatlarini, ta'bir joiz bo'lsa, Ikkinchi jahon urushi paytida jangu jadal qurshagan hududlardan evakuatsiya qilingan qariyalar, ayollar, bolalarga yurtdoshlarimizning o'z uylaridan joy berishlaridek yuksak insonparvarlik va bag'rikenglik fazilatlari va saxovatpeshaligi bilan taqqoslash mumkin.
Xulosa qilib aytganda, davrlar, tuzumlar, dunyodagi geosiyosiy vaziyat o'zgarishiga qaramay, o'zbek xalqining qon-qoniga singib ketgan mehr-shafqat va insonparvalik, hamdardlik va saxovatpeshalik kabi azaliy fazilatlari o'zgarmay qolayotgani tahsinga loyiqdir. Yanada muhimi, xalqimizga xos bunday yuksak ma'naviy xislatlar koronavirus va turli tabiiy ofatlar bilan bog'liq hozirgi murakkab vaziyatlarda, ya'ni “dushman ko'rinmaydigan urush” sharoitlarida tobora toblanmoqda va sayqal topmoqda.
Abdulhay Mo'minov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo'lim boshlig'i,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent
- Qo'shildi: 08.05.2020
- Ko'rishlar: 4857
- Chop etish