11 noyabr kuni Nukus shahrida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi tashabbusi bilan “Gender tenglikni ta'minlashda sud tizimining o'rni” mavzusida amaliy seminar o'tkazildi.
Anjuman Oliy sud, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “O'zbekistonda qonun ustuvorligi yo'lida hamkorlik” qo'shma loyihasi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirda gender tengligiga erishish va milliy sud tizimida gender jihatlarni qamrab olgan "Yo'l xaritasi"ni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Seminar davomida gender tamoyillarini sud tizimiga joriy qilishda qo'llaniladigan xalqaro andozalar va amaliyot o'rganildi. Odil sudlovni amalga oshirishda gender tenglik ta'minlanishini kafolatlash, gender tenglikni ta'minlash va genderga doir kamsitishlarni bartaraf etishda sud`yalarning o'rni, ayollarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sud tizimida ayollar ishtirokini yanada ko'paytirish bo'yicha O'zbekiston tajribasi keng tahlil etildi.
Xususan, “Ayollarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish: eng yaxshi xalqaro tajriba va milliy amaliyot”, “Sud tizimida ayol-sud`yalar sonini oshirish bo'yicha xorijiy tajribani o'rganish”, “Ayollar huquqlarini ta'minlash va himoya qilish sohasida sudlar faoliyati samaradorligini baholash uchun gender indikatorlarni ishlab chiqish va joriy etish”, shuningdek “Sud tizimida gender tenglikni ta'minlash bo'yicha "Yo'l xaritasi"ning loyihasi” mavzularida tahliliy tadqiqotlar taqdim qilindi.
Tadbirda ta'kidlanganidek, 2017 yilda qabul qilingan Harakatlar strategiyasida O'zbekistonning xalqaro maydondagi imijini oshirishga alohida e'tibor qaratilgan. Bu yo'nalishda, jumladan, mamlakatimiz tomonidan qabul qilingan xalqaro konventsiya va shartnomalar, BMTning inson xuquqlari bo'yicha ustav organlari va shartnomaviy organlarining tavsiyalaridan kelib chiqqan holda, hukumatning xalqaro-huquqiy majburiyatlarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlari qabul qilinishi nazarda tutilgan.
O'zbekiston Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni qabul qilish orqali BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish tarafdori ekanini tasdiqladi. Mazkur hujjatning 5-maqsadi - gender tenglikni ta'minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, 16-maqsad esa Barqaror rivojlanish maqsadlari yo'lida tinchliksevar va ochiq jamiyatlar barpo etilishiga ko'maklashish, barcha uchun odil sudlov imkoniyatidan foydalanishni ta'minlash va barcha darajalarda samarali, hisobdor va keng ishtirokka asoslangan muassasalarni tashkil etish masalalariga bag'ishlangan.
2019 yilda «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida» hamda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida»gi qonunlar qabul qilindi. Har ikki qonunda xotin-qizlar kamsitish yoki tazyiqqa uchragan hollarda sudga murojaat qilishini ko'zda tutadigan normalar mavjud.
Seminar ishida Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi, Oliy sud, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari hamda Qoraqalpog'iston Respublikasidagi sudlar sud`yalari va sud xodimlari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.11.2020
- Ko'rishlar: 3983
- Chop etish