Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Doimiy kengashi majlisida O'zbekiston Respublikasining Avstriyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Abat Fayzullaev 2020 yil 12-13 avgust kunlari «Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari» mavzuida o'tkazilgan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumining yakunlari to'g'risida ma'ruza qildi, deb xabar berdi Vena shahridan «Dunyo» AA muxbiri.
YEXHT Doimiy kengashi majlisida 57 ta ishtirokchi mamlakat va 11 ta hamkor davlat diplomatik missiyalarining barcha rahbarlari, shuningdek YEXHT Kotibiyati vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston Elchisi Samarqand forumi ishida 1000 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashganini ta'kidladi. Bular asosan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar, xorijiy mmlakatlar davlat organlari, xalqaro va milliy nodavlat notijorat tashkilotlari hamda yoshlari tashkilotlari vakillaridir.
Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidan mazkur xalqaro anjumanda YEXHT Bosh kotibi vazifasini bajaruvchi, Nizolarning oldini olish markazi direktori Tuula Yur`yolya, YEXHT Parlament Assambleyasi prezidenti Georgiy Sereteli va YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi direktorining birinchi o'rinbosari Katarjina Gardapxadze faol ishtirok etdi.
Samarqand forumida ta'kidlanganidek, BMT doirasida va undan tashqarida yoshlar masalasi tez-tez muhokama markaziga qo'yilmoqda. Ammo, global rivojlanish davrida oldinga qarab bir necha qadam, natijali qadamlar qo'yish zarurati mavjud. Shu nuqtai nazardan, ishtirokchilarning baholashicha, Samarqand veb-forumi yer yuzidagi yoshlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligini alohida ta'kidlashga qaratilgani bilan g'oyatda ahamiyatlidir.
Samarqand forumi ishtirokchilari Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiya loyihasini atroflicha muhokama qildilar. Mazkur xalqaro konventsiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMTning 72-sessiyasida ilgari surilgan.
Samarqand forumi davomida qayd etilganidek, bunday Konventsiyaning zarurati bugungi kun voqeliklari va talablari, sohada o'z yechimini kutayotgan masalalar bilan o'zaro bog'liq va hamohangdir. BMT Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyasining qabul qilinishi kelgusida jahondagi barcha davlatlar yoshlar masalalariga bo'lgan e'tiborni tubdan oshirishiga xizmat qiladi.
Ushbu xalqaro hujjatning maqsadi - dunyo bo'yicha ikki milliard nafardan ziyod yoshlarning ehtiyojlarini qondirish, navqiron avlod vakillarining eng maqbul qiziqishlari, erkinliklari va huquqlari kafolati hamda salohiyatini mustahkamlash uchun xalqaro, mintaqaviy va milliy darajadagi sa'y-harakatlarni kuchaytirishdan iborat.
Xuddi shunday istiqbolli tashabbuslar va amaliy taklif-tavsiyalar xalqaro anjumanning yakuniy hujjati - «Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari» deb nomlangan Samarqand rezolyutsiyasidan ham joy olgan.
Majlis yakunida «Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari» deb nomlangan Samarqand rezolyutsiyasi YEXHT Doimiy kengashining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.09.2020
- Ko'rishlar: 4057
- Chop etish