Global migratsiya bosimi: 2025 yildagi asosiy trendlar
Joriy yil global migratsiya masalasi dunyo bo‘ylab juda dolzarb va muhim mavzuga aylandi. Iqtisodiy qiyinchilik, iqlim o‘zgarishi, urush, mehnat bozori o‘zgarishi – bularning bari odamlarni ko‘chishga majbur qilmoqda. Migratsiya shunchaki bir mamlakatdan boshqasiga ketish emas, balki kengroq jarayon: tranzit, qaytish, vaqtincha ishchi migratsiyasi, oilaviy ko‘chish va hatto, majburiy ko‘chirilish.
2025 yilgi global migratsiya jarayoni kuchayishi har biri o‘ziga xos bir necha yirik omilga taqaladi.
Birinchisi – xavfsizlik inqirozi. Turli mintaqalarda davom etayotgan siyosiy beqarorlik, qurolli to‘qnashuv va ichki beqarorlik tufayli millionlab odam uyini tashlab ketyapti. Xalqaro tashkilotlar ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda majburiy ko‘chish salmog‘i rekord darajaga chiqqan. Binobarin, insonlar ixtiyoriy emas, balki tirik qolish uchun boshqa davlatga majburiy ko‘chmoqda.
Ikkinchi omil – iqtisodiy bosim. Juda ko‘p yurtlarda inflyatsiya, ish o‘rni yetishmasligi, daromad pasayishi fuqarolarni chet eldan ish izlashga undayapti. Ayniqsa, qurilish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalarida mehnat kuchiga talab mislsiz oshmoqda. Aholisi qarib borayotgani sababli, rivojlangan davlatlar yosh ish kuchini chetdan izlayapti. Shuning uchun ham ko‘pchilik yaxshiroq ish topish uchun migratsiyaga qaror qilmoqda. Bu yil jarayon yanada kuchaydi: ayrim davlatlarda mehnat muhojirlari uchun kvota kengaytirildi, ayrimlarida esa qisqartirildi. Natijada yangi migratsiya oqimi yuzaga keldi.
Uchinchi omil – iqlim o‘zgarishi. So‘nggi payt qurg‘oqchilik, suv taqchilligi, issiqlik to‘lqini, kuchli bo‘ron va dengiz sathi ko‘tarilishi kabi ekologik muammolar ortidan yuzlab hududlar aholisi yashash joyini o‘zgartirishga majbur. Sohilda uy-joylar suv ostida qolyapti, qishloqlarda qurg‘oqchilik tufayli dehqonchilik imkoni yo‘qolyapti. Iqlim sabab ko‘chish odatdagidek qisqa muddatli emas, balki butun aholi manzillari ko‘chirilishiga sabab bo‘lmoqda.
To‘rtinchi omil – migratsiya yo‘llari o‘zgarishi. Joriy yil odamlar ilgari foydalanilmagan yoki kam ishlatilgan yo‘llar orqali siljiy boshladi. Masalan, Yaqin Sharqdan Yevropaga yangi dengiz yo‘llari paydo bo‘ldi. Janubiy Osiyodan Yaqin Sharqqa ishchi migratsiya oqimi kuchaydi. Janubiy Amerikada esa shimol tomonga ko‘chish keskin oshdi. Bunday o‘zgarishlar qabul qiluvchi davlatlar uchun yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda: chegara nazorati, migrantlarni joylashtirish, integratsiya dasturiga mablag‘ yetkazish kabi murakkab masalalar paydo bo‘lgan.
Beshinchi omil – texnologiyalar. 2025 yil internet, mobil aloqa, ijtimoiy tarmoq va ishchi vizalar haqida keng tarqalgan ma’lumotlar sohani yanada oson va tizimli shaklga soldi. Migratsiya qarori endi faqat sharoit og‘irligidan kelib chiqayotgan harakat emas. Ko‘pchilik maqsadli ravishda qaysi davlatga borish, nima ish qilish, qanday hujjat tayyorlashni rejalashtirib, keyin yo‘lga tushmoqda. Bu umumiy muhojirlik oqimini jadal oshiradigan omillardan biri bo‘lib qoldi.
2025 yil davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy ko‘chish ham migratsiya bosimini kuchaytirdi. Ba’zi hududlarda yirik infratuzilma loyihalari, zavodlar ko‘payishi va neft-gaz tarmog‘i kengayishi bois mahalliy mehnat kuchi yetmay qolyapti. Natijada xorijiy ishchilarni jalb qilishni jadallashtirish taqozo qilinyapti. Ayniqsa, Yaqin Sharq, Janubi-sharqiy Osiyo va Yevropa mamlakatlarida ayni holat yaqqol sezilyapti.
Qisqasi, global migratsiya faqat bir davlatdan boshqasiga shunchaki ko‘chish emas, balki butun dunyo bo‘ylab demografik, iqtisodiy, ekologik va siyosiy jarayonga ta’sir ko‘rsatayotgan yirik global hodisaga aylandi. Migratsiyaning har qanday sababi boshqa bir omil bilan bog‘liq: iqtisodiy qiyinchilik iqlim bilan kesishadi, iqlim o‘zgarishi siyosiy bosim tufayli tezlashadi, siyosiy beqarorlik iqtisodiy inqirozni yuzaga keltirib, ko‘chish qarorinidolzarblashtiradi. Shuning uchun ham migratsiya bosimi global kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri bo‘lib qoldi.
Joriy yil global migratsiya oqimi kuchayishi qabul qiluvchi davlatlarni yangi qarorlar qabul qilish, o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majburladi. Endi ayni soha faqat “Kim kelyapti?” emas, balki “Qaysi tizim bilan boshqaramiz?”, “Jamiyatga qanday ta’sir bo‘ladi?”, “Mehnat bozoridagi o‘rnimiz nechog‘li?” kabi muhim savollarga javoban ham rivojlanyapti. Ayniqsa AQSH, Kanada, shuningdek Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyoning ayrim rivojlangan mamlakatlarida bu mavzu ichki siyosat markaziy masalasiga aylandi.
Masalan, ko‘hna qit’ada migratsiya bo‘yicha umumiy siyosatni birlashtirish qizg‘in muhokama qilinyapti. Ayrim davlatlar migrantlarga eshik ochayotgan bir payt, boshqalar keskin cheklov qo‘llayapti. Bu qarama-qarshilik Yevropada ichki siyosiy bosimni kuchaytirdi. Ba’zi mamlakatlar mehnat bozoridagi bo‘sh o‘rinlar sabab migrantlarni chorlayapti, boshqalar jamiyatdagi keskin tanqid, xavfsizlik bilan bog‘liq qo‘rquv va ijtimoiy bosim tufayli keskin siyosat yuritmoqda. Natijada umumiy migratsiya siyosati bo‘yicha yangi kelishuvlar ishlab chiqildi. Bu qadam xorijliklar qabul qilinishi jarayoni tartibli va nazorat ostida bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan.
AQSHda chegaradagi vaziyat ichki siyosatning murosasiz bahsiga aylandi. Meksika orqali kirayotgan muhojirlar oqimi oshgani sayin, hukumat chegaradagi nazoratni kuchaytirish, tezkor deportatsiya tizimini joriy qilish, hujjatsiz migrantlar bilan bog‘liq masalani qayta ko‘rib chiqish kabi qator choralar ko‘rmoqda. Shu bilan birga texnologik nazorat – dron, raqamli kuzatuv tizimi, biometrik ro‘yxatga olish qamrovi kengaytirildi. Amerika ichki siyosatida migratsiya mavzusi nafaqat xavfsizlik, balki iqtisodiyot, mehnat bozori va sog‘liqni saqlash tizimi bilan ham bog‘liq jiddiy masaladir.
Yaqin Sharq mamlakatlarida soha boshqacha manzara kasb etgan. Ya’ni, iqtisodiy rivojlanish, yirik qurilish va infratuzilma loyihalari sabab mehnat migrantlariga ehtiyoj juda yuqori. Bu yil ayrim davlatlar mehnat vizasini soddalashtirdi, ish beruvchiga qo‘shimcha kvota ajratdi, muhojirlar uchun eng kam ijtimoiy himoya chegarasi ko‘tarildi. Afsuski, bu jarayon ham muammosiz kechmayapti: keng miqyosdagi ishchi migratsiyasi mehnat sharoiti, yashash joyi, shaffof ishga olish tizimi kabi masalalarni kun tartibiga olib chiqdi.
Kanada, Avstraliya, Janubiy Koreya kabi davlatlar “selektiv migratsiya modeli”ni kuchaytirmoqda. Ular aholi qarishi, mehnat bozoridagi malakali ish kuchi yetishmovchiligi sabab “ball tizimi”, “tezkor viza” va “saralab qabul qilish” mexanizmini yanada keng qo‘llay boshladi. Bu davlatlar migratsiyani xavf emas, balki iqtisodiy imkoniyat sifatida ko‘ryapti. Shu bois global migrantlarning salmoqli qismi malakali vakillar sifatida ushbu davlatlarga yo‘l oldi.
Yana bir muhim jarayon – qabul qiluvchi davlatlarda jamiyatning migratsiyaga nisbatan munosabati keskin o‘zgarishi. Ba’zi mamlakatlarda migrantlarga ehtiyoj oshgani uchunkimlardir ularni mehnat bozorining muhim bo‘lagi, deb qabul qilmoqda. Boshqa hududlarda migratsiya siyosiy tortishuv va ijtimoiy keskinlik nuqtasiga aylangan. Tarqatilayotgan ma’lumot, yolg‘on xabar, migratsiyani siyosiy qurol sifatida ishlatish kabi holatlar ayrim jamiyatlarda norozilikni kuchaytirmoqda.
Integratsiya masalasi ham oldingi yillarga qaraganda ancha keskin tus oldi. Qabul qiluvchi davlatlar migrantlarning jamiyatga moslashuvi, til o‘rganishi, ish topishi va ijtimoiy hayotga qo‘shilishiga yordam beruvchi dasturlarni kengaytirmoqda. Zero, migrantlar soni ortgani sayin, ularning jamiyatga moslashishi jarayoni butun ijtimoiy barqarorlikka ta’sir qiladigan omilga aylanmoqda.
Umuman, migratsiyani qabul qilayotgan mamlakatlarning yangi siyosati ana shu jarayon qanchalik murakkablashganini ko‘rsatdi. Endi migratsiya nafaqat chegaradan o‘tish, balki iqtisodiyot, xavfsizlik, demografiya, jamoatchilik kayfiyati va siyosiy barqarorlik bilan bevosita bog‘langan yirik tizimli jarayondir.
Hozir global migratsiya bosimi faqat chegara yoki siyosat bilan belgilanmayapti. Bu jarayon butun dunyoda xavfsizlik tizimi, demografiya balansi, iqtisodiyot va hatto geosiyosiy raqobatga ham ta’sir qilayotgan yirik omil sifatida namoyon bo‘lyapti. Birinchi navbatda xavfsizlik masalasi ko‘tarilyapti: ko‘plab davlatlar migratsiya nazoratini kuchaytirsa-da, noqonuniy o‘tish kamaymayapti. Chegaralar qat’iylashgani sari muhojirlar yanada xavfli yo‘llardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa odam savdosi, noqonuniy tashish kabi xavfli guruhlar faoliyati kengayishiga sharoit yaratadi. Xalqaro tashkilotlar esa 2025 yil “insonga nisbatan xavfsizlik” mavzusi eng muhim masalaga aylanganini e’tirof etmoqda.
Aholisi qarib borayotgan rivojlangan mamlakatlarda migrantlar mehnat bozorini ushlab turuvchi asosiy kuchga aylandi. Ko‘plab davlatlar sog‘liqni saqlash, ta’lim, texnologiya, transport, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda aynan migrantlar bo‘lmasa, ishchi kuchi yetishmasligini ochiq tan olmoqda. Shu sababli migratsiya ayrim yirik iqtisodiyotlar uchun muammo emas, balki majburiy ehtiyojga aylangan. Boshqa tomondan ayrim rivojlanayotgan yoki o‘rta daromadli davlatlar aholisi kamayib, yoshlar xarajati oshib borayotgani sabab, aholisi chet elga ketayotganidan xavotirda. “Aqlli miya oqimi” (Clever brain drain) bu yil yanada kuchayib, malakali mutaxassislar rivojlangan davlatlarga oqib keta boshladi. Natijada ayrim sektorlar bo‘shab qolyapti.
Iqtisodiy oqibat ham ikki yoqlama ko‘rinish kasb etmoqda. Juda ko‘p qabul qiluvchi mamlakatlarda mehnat muhojirlari iqtisodiyotga ijobiy hissa qo‘shmoqda: soliq, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, innovatsiya jarayoni texnologik rivojlanish jarayonida migratsiya kuchli omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu bilan birga xarajat ham kam emas: integratsiya dasturlari, uy-joy, tibbiyot, hujjatlash jarayoni, chegarani qo‘riqlash davlat byudjetida salmoqli ulush olmoqda. Demak, ko‘p mamlakatlarda migratsiya siyosiy bahsdan tashqari, iqtisodiy masalaga ham aylangan.
Global migratsiyaning yana bir o‘ziga xos tomoni – geosiyosiy raqobat kuchayishi. Ayrim davlatlar migratsiyani siyosiy bosim vositasi sifatida ishlata boshladi. Ya’ni, migrant oqimini qo‘shni yoki raqobatchi davlat bilan kelishuvda qurol sifatida qo‘llash, ularga chiqish yo‘llarini ochish yoki yopish orqali geosiyosiy ta’sir o‘tkazish maqsadi nazarda tutilishi mumkin. Natijada migratsiya nafaqat insoniy muammo, balki strategik vosita sifatida ham shakllanmoqda.
Kelajak taxmini bir necha yo‘nalishni ko‘rsatmoqda. Iqlim o‘zgarishi tezlashuvi, ayrim hududlarda iqtisodiy tengsizlik kuchayishi, siyosiy inqiroz va mehnat bozoridagi global o‘zgarishlar sabab 2030 yillarga borib migratsiya bosimi yanada ortishi kutilyapti. Xalqaro ekspertlar fikricha, kelajakda migratsiya oqimining salmoqli qismi majburiy ko‘chish, ekologik migratsiya va qisqa muddatli mehnat muhojirligidan iborat bo‘ladi. Shu bilan birga davlatlar o‘rtasida “aqlli migratsiya boshqaruvi” tizimi ham paydo bo‘ladi. Ya’ni, raqamli identifikatsiya, biometrik tizim, raqamli viza platformalari yordamida sohani tartibga solish osonlashadi.
Xulosa qilib aytganda, 2025 yildagi global migratsiya bosimi dunyo siyosatining “chegara masalasi”dan anchagina kengroq tushuncha ekanini ko‘rsatdi. Migratsiya – xavfsizlik, iqtisodiyot, iqlim, demografiya va xalqaro munosabatlar bilan chambarchas bog‘langan murakkab tizim. Kelgusi yillarda bu masala yanada murakkablashishi, davlatlar esa vaziyatga migratsiyani cheklash emas, balki boshqarish, tartibli yo‘lga qo‘yish orqali javob berishi kutiladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский