Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi muassisligida ta'sis etilgan “Markaziy Osiyoda jamiyat, gender va oila” xalqaro ilmiy jurnalining ilk soni nashrdan chiqdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyunda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori bilan mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash kontseptsiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” tasdiqlangan.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida “Markaziy Osiyoda jamiyat, gender va oila” xalqaro ilmiy jurnali tashkil etildi.
Oila institutini rivojlantirish borasidagi islohotlarni yoritish maqsadida har chorakda chop etilishi ko'zda tutilgan ushbu ilmiy jurnal Oliy attestatsiya komissiyasi, “Scopus” xorijiy ilmiy bazasi hamda O'zbekiston matbuot va axborot agentligi ro'yxatiga kiritildi. Jurnal rus va ingliz tillarida, bosma va elektron shaklda jamoatchilikka taqdim etiladi.
Jurnalda O'zbekiston, shuningdek, Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya, Frantsiya, Tojikiston, Kanada, Qozog'iston davlatlari olimlaridan iborat tahririyat kengashi shakllantirilgan.
Ushbu jurnal xalqaro miqyosda mamlakatimiz imijini yuksaltirishga munosib hissa qo'shishiga, uning ilk sonidagi maqolasida Bosh muharrir D.Toshmuhamedova ta'kidlaganidek, “nafaqat ilm-fan, balki jamiyat uchun ham qiziqarli, mazmunli va haqiqatan foydali bo'lishi”ga tilakdoshmiz.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va
inson huquqlari”
jurnali xodimi
- Qo'shildi: 29.08.2019
- Ko'rishlar: 6204
- Chop etish