Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to'qqiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida bashariyat tarixi har bir xalq faqat erkin va ozod bo'lgan taqdirdagina, o'z hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqiga ega bo'lishidan dalolat berishi, millat ozodligi yo'lida jonini fido qilgan ulug' ajdodlarimizning buyuk maqsadi “Haq berilmas, haq olinur!” ekanligi alohida ta'kidlandi.
Inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini ta'minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e'zozlash yangilanayotgan O'zbekistonda barpo etilayotgan ochiq, erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyatidir. Yurtimizda sud-huquq tizimi tobora takomillashtirilmoqda, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash yuzasidan tarixiy shahdam qadamlar tashlanmoqda.
Buni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga murojaat qilib, adolat qaror topishiga erishayotgan fuqarolar misolida ham ko'rish mumkin. Xususan, Surxondaryo viloyatining Jarqo'rg'on tumanida yashovchi “Muxammad-Suxrob-Surxon” fermer xo'jaligi rahbari O.Tog'aev Markazga murojaatida fermer xo'jaligi va o'ziga nisbatan ma'muriy sud tomonidan chiqarilgan qarorlardan norozi ekanligini bayon etgan edi.
Markazning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo'limi mas'ul xodimlari fuqaro O.Tog'aevning ishi bo'yicha tegishli hujjatlar va materiallarni sinchiklab, chuqur o'rganishdi. Natijada Jarqo'rg'on tuman ma'muriy sudi, shuningdek Surxondaryo viloyati ma'muriy sudining apellyatsiya instantsiyasi qarorlari qonunga xilof ravishda qabul qilinganligiga ishonch hosil qildilar.
Shundan so'ng fuqaro O.Tog'aevning ishi bo'yicha, “Prokuratura to'g'risida”gi qonun talablariga binoan, nazorat tartibida protest keltirish to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga taklif kiritildi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ushbu ish hujjatlarini ko'rib chiqish natijalari bo'yicha har ikki sud qarorlarining noqonuniyligini aniqladi. Bu qarorlarni bekor qilish to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Oliy sudiga nazorat tartibida protest kiritdi.
Natijada ushbu ish O'zbekiston Respublikasi Oliy sudida videokonferentsiya aloqasi tartibida ko'rib chiqilib, ma'muriy ish yuzasidan Jarqo'rg'on tuman ma'muriy sudi, shuningdek Surxondaryo viloyati ma'muriy sudining apellyatsiya instantsiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlari bekor qilindi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining yangi qarori bo'yicha Jarqo'rg'on tumanida yashovchi “Muxammad-Suxrob-Surxon” fermer xo'jaligi va uning rahbari O.Tog'aevning buzilgan huquqlari tiklandi.
Toshkent shahar, Olmazor tumanida yashovchi Mehribonlik uyining sobiq tarbiyalanuvchisi Radion Kashaev ham Inson huquqlari bo'yicha milliy markazning veb-sayti orqali o'ziga oid ma'muriy ish yuzasidan amaliy yordam so'rab ariza bilan murojaat qilgan edi.
R.Kashaev jarohat olganligi tufayli harakatlanishda qiynalishi, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun o'zi bilan birga yordamchisini avtomashinasida olib yurgan vaqtida unga nisbatan ma'muriy bayonnoma tuzilganligini bildirgan.
Arizachi oilaviy sharoiti og'irligi, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi bo'lganligi hamda qaramog'ida uch nafar voyaga yetmagan farzandi borligini hisobga olgan holda ushbu holat bo'yicha o'ziga belgilangan jarimani bekor qilishni so'ragan.
Markazning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo'limi mas'ul xodimlari bu fuqaroning murojaatini ham ijobiy hal qilishga erishdilar. Ular O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksi va “Prokuratura to'g'risida”gi qonun talablariga binoan nazorat tartibida ko'rib chiqish uchun Toshkent shahar prokuroriga taklif kiritishdi.
Toshkent shahar prokuraturasi qonun talablari buzilganligini hamda fuqaro Radion Kashaev murojaatida bayon qilingan holatlarni inobatga olgan holda unga nisbatan 4.460.000 so'm miqdorida ma'muriy jarimaga tortish haqidagi qarorni bekor qildi.
Erkin ERNAZAROV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
bosh muharririning o'rinbosari
- Qo'shildi: 09.10.2020
- Ko'rishlar: 7556
- Chop etish