Huquqiy asoslar: Ekopolitsiya qanday qonunlar asosida ishlaydi?

Munosabat:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 noyabrdagi PQ–343-son qarori bilan alohida “Ekopolitsiya to‘g‘risida” Nizom tasdiqlandi. Ushbu normativ-huquqiy hujjat, mamlakatimizda ekologik huquqni muhofaza qiluvchi maxsus davlat tuzilmasi – Ekopolitsiya institutini huquqiy jihatdan mustahkamlab berdi.

Ekopolitsiya ekologik xavfsizlikni ta’minlash va bu boradagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan maxsus davlat tuzilmasi hisoblanadi.

Ushbu tuzilmaning paydo bo‘lishi ekologik xavfsizlik, davlat ekologik nazorati va ekologik javobgarlik institutlarining yangi sifat bosqichiga ko‘tarilishi bilan bog‘liq muhim jarayondir.

Ekopolitsiya faoliyatining umumiy va maxsus huquqiy zamini

Ekopolitsiya faoliyatini avvalo, Konstitutsiya normalar asosida tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolar uchun qulay atrof-muhitda yashash huquqi va atrof-muhitni muhofaza qilish majburiyati mustahkamlangan.

Shu konstitutsiyaviy normalardan kelib chiqib, ekologiya sohasidagi maxsus qonunlar bilan uzviy bog‘liq holda ekopolitsiya o‘z faoliyatini olib boradi. Demak, ekologiya sohasidagi maxsus qonunchilik hujjatlariga asoslanadi.  

O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun – atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning huquqiy va tashkiliy asoslarini belgilaydi. O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonun  – ekologik nazoratning maqsadlari, sub’ektlari va shakllarini belgilaydi, davlat ekologik nazorati tizimini huquqiy jihatdan rasmiylashtiradi. O‘zbekiston Respublikasining “O‘rmon to‘g‘risida”gi qonun – o‘rmon fondidan foydalanish, o‘rmonlarni muhofaza qilish va qayta tiklash munosabatlarini tartibga soladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida” qonuni, O‘zbekiston Respublikasining “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasining “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunlari Ekopolitsiya nazorati ostidagi munosabatlarning maxsus huquqiy asoslari bo‘lib xizmat qiladi.

Shu tariqa, ekopolitsiya alohida “Tor doiradagi” organ emas. Amalda mavjud ekologik qonunlar ijrosini ta’minlovchi mustahkam huquqiy asoslarga ega bo‘lgan vakolatli organ sifatida shakllantirilgan.

Ekopolitsiyaning huquqiy maqomi

Ekopolitsiya – ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qo‘mita raisiga bo‘ysunadi.

Ekopolitsiya faoliyatining asosiy yo‘nalishi — ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini o‘rnatish hisoblanadi.

Ekologiya qo‘mitasi raisi — Ekopolitsiyaning ham rahbari hisoblanadi. Ekopolitsiya rahbarining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida qo‘mita raisining o‘rinbosari hisoblanadi va Ekopolitsiyaning operativ shtabini boshqaradi.

Ekopolitsiyaga ma’muriy-hududiy chegaralarga bog‘lanmagan holda tabiiy-ekologik zonalarda o‘z hududiy bo‘linmalarini tuzishga ruxsat berilgan.

Funksional jihatdan – huquqni muhofaza qiluvchi organga yaqinlashtirilgan (ma’muriy ish yuritish, sudlarga da’vo kiritish, zarur hollarda jinoiy ishlar yuzasidan material tayyorlash) tuzilma hisoblanadi.

Ekopolitsiya zimmasiga yuklangan maxsus vakolatlarning bir qismi quyidagicha namoyon bo‘ladi. Tezkor reydlar tashkil etish, ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rib chiqish va jarima solish, zararli ta’sir ko‘rsatayotgan ob’ektlar faoliyatini cheklash yoki to‘xtatib turish haqida qarorlar qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tabiatga, aholi salomatligiga yetkazilgan zararni qoplash uchun sudlarga da’vo kiritish. Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunchilikka muvofiq ushlab turish va ichki ishlar organlariga olib borish.

Normativ-huquqiy hujjatga ko‘ra, ekopolitsiya xodimlari davlat organi vakili ekani, ular faoliyatiga har qanday to‘sqinlik va noqonuniy ta’sir taqiqlanishi alohida qayd etilgan.

Ekopolitsiya xodimlariga xizmat vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qiluvchi har qaysi shakldagi har qanday ta’sir ko‘rsatish yoxud ular faoliyatiga aralashish, hujjatlar yoki ma’lumotlarni taqdim qilmaslik taqiqlanadi.

Bu ekopolitsiyani faqat ma’muriy tekshiruvchi organ emas. Balki huquqiy kafolatlari qonun bilan mustahkamlangan sub’ekt sifatida namoyon etadi.

Ekopolitsiyaga qator ishonchli huquqlar berildi

Ekopolitsiya o‘ziga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda quyidagi huquqlarga ega. Jumladan, davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan zarur hujjatlar, axborot va statistik ma’lumotlarni talab qilish; transport vositalarini qonuniy asosda ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish; hayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanishga oid hujjatlarni tekshirish, ov va baliq ovlash vositalarini ko‘zdan kechirish; noqonuniy ovlangan yoki terib olingan mahsulotlarni protsessual tartibda olib qo‘yish; huquqbuzarlik sodir etishda foydalanilgan qurol va asbob-uskunalarni belgilangan tartibda musodara qilish.

Bu vakolatlar Ekopolitsiyani oddiy organ emas, balki qonunchilik ahamiyatiga ega protsessual harakatlarni amalga oshira oladigan maxsus inspeksiya sifatida maqomini mustahkamlaydi.

Ekopolitsiya xodimlari xizmat quroli va maxsus vositalardan foydalanish tartibi qanday?

Ekopolitsiya xodimlari:

yagona namunadagi formali kiyim-bosh, maxsus unvon va farqlovchi belgilarga ega bo‘ladi;

– jismoniy kuchni qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda qo‘llash;

maxsus vositalardan, jumladan elektroshokerlardan foydalanish;

– xizmat qurollaridan, xususan, rezina o‘q va to‘r otuvchi qurilmalardan belgilangan tartibda foydalanish.

Ekopolitsiya xodimlarining formasiga xizmat faoliyatini monitoring qilish maqsadida bodikameralar o‘rnatiladi.

Qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar kiritilgunga qadar jismoniy kuch, maxsus vositalar va xizmat qurollaridan foydalanish tartibi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi.

Bu normalar Ekopolitsiya xodimlarining jismoniy va huquqiy himoyasini ta’minlash bilan birga, ularning huquqiy maqomini klassik ma’muriy inspeksiyadan ko‘ra kengroq – ekologik politsiyaga xos darajaga olib chiqadi.

Ekopolitsiyaning xorijiy ekologik politsiya modellari bilan qiyosi

Ekopolitsiya institutini to‘laroq anglash uchun uni jahondagi o‘xshash tuzilmalar bilan qiyosiy tahlil qilish muhim. Masalan, Fransiyada 2020 yildan faoliyat yurituvchi Fransiya Bioxilmaxillik idorasi (Office français de labiodiversité – OFB) atrof-muhit politsiyasi vazifalarini bajaradi. Ular: ekologik huquqbuzarliklar, muhofaza etiladigan hududlar, suv resurslari, ekotizimlarni, ovchilik, baliq ovlash, muhofaza qilish, ekologik qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha vakolatlariga ega. AQSHda Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) tarkibida 1980 yillardan buyon CriminalInvestigation Division (CID) faoliyat yuritadi. EPA maxsus agentlari federal atrof-muhit qonunlarini qasddan buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qiladi. Qurol olib yurish va hibsga olish vakolatiga ega. Shu tariqa, O‘zbekiston modeli, fransuz tajribasi kabi ekologiya organi tarkibidagi politsiya funksiyalariga ega maxsus inspeksiya shaklida tashkil etilgani bilan ajralib turadi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ekopolitsiya – O‘zbekistonda ekologik huquqiy siyosatini amalga oshirishda, ekologiya sohasidagi qonunlar ijrosini ta’minlashda, ekologiya bilan bog‘liq, davlat konsepsiyasini amalga oshirishda muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan Ekopolitsiya faoliyatini huquqiy, tashkiliy va ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish va takomillashtirib borish – yaqin yillardagi dolzarb ilmiy-amaliy vazifalardan biri bo‘lib qoladi.

 Olim NARZULLAEV,

ekspert

Powered by GSpeech