Huquqiy axborotni yetkazishda innovatsion yondashuvlar joriy etiladi

“Huquqiy axborotni proaktiv shaklda yetkazish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF-160) qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 fevralga qadar O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi – Lex.uz orqali "proaktiv qonunchilik" tamoyili asosida huquqiy axborotni "aqlli targ‘ibot" shaklida yetkazishning quyidagi tizimi joriy etiladi:

— Lex.uz Soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz bilan integratsiya qilinadi;

— Qonunchilik tarmoqlarining umumhuquqiy klassifikatorining har bir kodi Iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichining tegishli guruhiga hamda tegishli davlat xizmatiga biriktiriladi;

— tadbirkorlik sub’ektlari va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning soliq.uz tizimidagi shaxsiy kabinetiga ularning roziligiga asosan Iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat tasniflagichi hamda O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxati asosida ularning faoliyatiga oid yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuniga oid axborot va ushbu hujjatga havola yuboriladi;

— Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali foydalanuvchilarining shaxsiy kabinetiga ularning roziligiga asosan ular tomonidan foydalanilgan yoki kelgusida foydalanilishi mumkin bo‘lgan avtomatik ravishda amalga oshiriladigan xizmatlar tahlili asosida kundalik hayotda qo‘llash uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga havolalar yuboriladi.

2026 yil 1 yanvargacha Lex.uz tizimi "E-qaror" va "E-kengash" elektron platformalari bilan integratsiya qilinadi. Natijada, mahalliy davlat hokimiyati organlari qabul qilgan normativ-huquqiy xususiyatga ega qarorlar Milliy bazaga bevosita joylashtirib borilishi ta’minlanadi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan boshlab huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha tadbirlarni monitoring qilish va baholash tizimidan voz kechgan holda normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini ijrochilarga yetkazish, ularning mohiyati va ahamiyatini ijrochilar va keng aholi qatlamiga tushuntirish ishlarini "Ijro.gov.uz" idoralararo yagona elektron ijro intizomi tizimi orqali nazorat qilish tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:

— normativ-huquqiy hujjatlar matnlari "Ijro.gov.uz" idoralararo yagona elektron ijro intizomi tizimi va "Raqamli mahalla" yagona platformasi orqali "respublika-viloyat-tuman-mahalla" tamoyili asosida davlat organlari va tashkilotlariga hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuboriladi. Bunda ushbu organlar faoliyatiga taalluqli hujjatlar majburiy tanishish uchun, boshqa hujjatlar ma’lumot uchun yuboriladi;

— davlat organlari va tashkilotlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati ijrochilar va keng jamoatchilikka yetkazilishi ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan "Ijro.gov.uz" idoralararo yagona elektron ijro intizomi tizimida Huquqiy axborotni tarqatish kartotekasi yuritilishi yo‘lga qo‘yiladi;

– Kartoteka asosida davlat organlari va tashkilotlari normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini yetkazish bo‘yicha manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshiradi hamda bajarilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlarni "Ijro.gov.uz" ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimiga kiritib boradi.

O‘zA

Powered by GSpeech