QIYNOQLAR – INSON HUQUQLARIGA XILOF, QIYNASh – INSON QADRINI TOPTAShDIR
(Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining rasmiy munosabati)
O‘zbekistonda surishtiruv va tergov jarayonlarida yoki jazoni ijro etish muassasalarida fuqarolarga jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazish, qiynoqqa solishga oid qator xabarlar Internet tarmoqlarida tarqalmoqda. Afsuski, bundan bir oy ilgari ham ayni mavzudagi tashvishli ma’lumotlar keng jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.
Joriy yil 3 iyun kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumani IIBda fuqaroning vafot etishi munosabati bilan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olingan. Bir qator rahbar xodimlar esa xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanishi inson huquqlariga mutlaqo zidligini hamda bunday salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha aniq amaliy choralar belgilanishi tarafdori ekanini ta’kidlaydi.
Milliy markaz davlatimiz sha’niga ham jiddiy putur yetkazadigan bunday holatlarni qat’iyan qoralaydi, ular yuzasidan zudlik bilan tergov o‘tkazilishi va huquqbuzarlar jazosiz qolmasligi ta’minlanishi lozim, deb hisoblaydi.
Shuni ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi 1995 yil 31 avgustdan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyasi ishtirokchisi hisoblanadi.
Umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi ikkinchi qismida hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi kafolatlangan.
Bu haqdagi qonuniy talablar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 17-moddasi ikkinchi qismida jinoyat protsessining prinsiplari sifatida ko‘rsatilgan.
Keyingi yillarda ushbu turdagi jinoyatni sodir qilganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, 2018 yil 4 aprelda qabul qilingan qonunga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 235-moddasi yangi tahrirda tasdiqlandi.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan jismoniy va ruhiy zarar, moddiy zarar yoki boy berilgan foyda, ma’naviy zarar, yuridik yordam, dori vositalari va tibbiy xizmat, psixologik va ijtimoiy xizmatlar uchun qilingan xarajatlar to‘lab berilishi nazarda tutilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishni ta’minlash maqsadida Milliy markaz tomonidan joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan 2 ta muhim hujjat ishlab chiqildi. Bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi hamda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi haqida so‘z bormoqda.
Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Milliy markaz tomonidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlariga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli asosda o‘qitilmoqda. Xususan, 2023 yilning o‘zida Toshkent, Buxoro, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida ichki ishlar xamda prokuratura organlarining qariyb 300 nafar xodimi uchun qiynoqqa qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilindi.
Jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va ichki ishlar idoralarida joylashgan vaqtinchalik saqlash hibsxonalarida inson huquqlariga rioya etilishi ahvoli yuzasidan muntazam ravishda monitoring tadbirlari o‘tkazib borilmoqda. Xususan, 2023 yil 10-13 aprel kunlari Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan shunday monitoring asnosida mazkur muassasalarda saqlanayotgan mahkumlar va ushlangan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan huquqlariga rioya etilishi, ularga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganishga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Milliy markaz tomonidan hozirgi kunda qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
- Qo'shildi: 07.06.2023
- Ko'rishlar: 4461
- Chop etish