Qonun loyihasiga sharh
Yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga davlat tomonidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Zero, yangilangan Bosh qomusimiz bilan O‘zbekiston ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani mustahkamlab qo‘yildi.
Ijtimoiy ko‘mak va yordam masalalari, davlat organlarining bu boradagi vazifalari, umuman, ijtimoiy ish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Xo‘sh, loyihada qanday norma va yangiliklar ifoda etilyapti?
Mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati va unda nazarda tutilayotgan normalarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mohira Xo‘jayeva batafsil sharhlab berdi.
Deputatning qayd etishicha, ushbu qonun loyihasi bilan ijtimoiy ish sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari, ijtimoiy ish sohasida maxsus vakolatli davlat organi hamda uning vakolatlari, ijtimoiy xodimning vazifalari va majburiyatlari belgilanmoqda.
Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar (oilalar)ning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ijtimoiy ishni tashkil etish hamda ijtimoiy himoya sohasidagi munosabatlar tartibga solinyapti.
Shuningdek, loyihada ijtimoiy himoyaga muhtoj oila (shaxs)ni aniqlash va ularni ijtimoiy himoyaga muhtoj oila (shaxs) deb topish asoslari, ijtimoiy xizmatlar va yordamdan foydalanuvchilarning huquqlari va majburiyatlari ham aks etmoqda. Ijtimoiy xizmatlar va yordamning turlari va shakllariga aniqlik kiritilmoqda.
Batafsil quyidagi videohavolada.
Muhtarama Komilova, Doniyor Yakubov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA
- Qo'shildi: 15.08.2025
- Ko'rishlar: 50
- Chop etish