Yangi farmon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 4 oktyabrda “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatiga raqamlashtirishni keng joriy etish hisobiga boshqaruv shtat birliklari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, endi davlat idoralarida raqamlashtirish orqali ortiqcha ish o‘rinlari qisqartiriladi.
Jami 2141 ta shtat birligi tugatiladi. Eng katta o‘zgarishlar quyidagicha.
Soliq qo‘mitasida 498 ta, Suv xo‘jaligi vazirligida 224 ta, Qishloq xo‘jaligi vazirligida 200 ta, Bandlik vazirligida 163 ta lavozim qisqaradi.
Shuningdek, turli qo‘mita va agentliklardagi 16 nafar o‘rinbosar lavozimi ham tugatiladi.
Endi raqamlashtirish kuchayadi. Ko‘p ishlar elektron tarzda, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda bajariladi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Shtati qisqarganlar endi nima qiladi?
Hujjatda bu savolga javob bor. Farmonda aniq yozilgan – hech kim yordamsiz qolmaydi. Huquqlar buzilmaydi, hammasi mehnat qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi. Xullas, “ishdan bo‘shatildi – tamom” degan gap yo‘q.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi kasaba uyushmalari bilan birga bu xodimlarga yangi ish topishda yordam beradi.
Bu nima degani? Ya’ni, kimdir boshqa tashkilotga o‘tadi, kimgadir qayta o‘qish yoki malaka oshirish taklif qilinadi. Yana kimdir esa butunlay yangi sohada o‘zini sinab ko‘radi.
Bu yerda davlatning maqsadi odamni ishsiz qoldirish emas. Asosiy niyat samarasiz o‘rinda band bo‘lgan mutaxassisni natija beradigan tizimga yo‘naltirishdir.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA sharhlovchisi
- Qo'shildi: 09.10.2025
- Ko'rishlar: 99
- Chop etish