“Ilm-fan va ta’lim: O‘zbekiston – Fransiya ko‘prigi” mavzusidagi qo‘shma konferensiyadan fotoreportaj

Joriy yilning 10 mart kuni Parij shahrida “Ilm-fan va ta’lim: O‘zbekiston – Fransiya ko‘prigi” mavzusidagi qo‘shma konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Fransiya Respublikasi Oliy ta’lim va tadqiqotlar vaziri Filipp Batist, shuningdek, Fransiya va O‘zbekistonning 30 dan ortiq oliy ta’lim muassasalarining rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish, ayniqsa ilmiy-texnik va ta’lim sohalarida hamkorlikni mustahkamlashdir.

Tadbir doirasida qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, talabalar almashinuvini kengaytirish bo‘yicha 20 dan ortiq oliygohlararo shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Kunning birinchi yarmida Parijdagi Tadqiqotchilar va talabalar shaharchasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan IV «Science NEXT: yosh olimlar netvorkingi» tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Fransiyadan yosh olimlar, startapchilar, ixtirochilar hamda ilmiy va innovatsion sohadagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etdilar.

Tadbir yakunida O‘zbekiston va Fransiya yosh olimlari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik shartnomalari imzolandi, shuningdek, O‘zbekistonlik yosh olim-vatandoshlarni Yoshlar akademiyasiga a’zolikka qabul qilish marosimi o‘tkazildi.

Kunning ikkinchi yarmida Parij shahridagi “InterContinental Paris - Le Grand” mehmonxonasida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ta’lim, fan va innovatsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro konferensiya ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etildi va unda Fransiya hamda O‘zbekistonning ta’lim, fan, innovatsiya sohalaridagi yetakchi mutaxassislar, rektorlar, tadqiqotchilar hamda nufuzli universitetlar vakillari ishtirok etdilar.  

Shuningdek, tadbir yakunida “O‘zbek modasi: an’analar va ilhom cho‘qqilari” nomli milliy liboslar namoyishi tashkil etildi. Ushbu xalqaro konferensiya O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratdi.

Otabek MIRSOATOV (surat), O‘zA

Powered by GSpeech