Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumini o'tkazish Kontseptsiyasi va Reglamenti tasdiqlandi

2020 yil 9 oktyabrda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi kontseptsiyasi va Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumini o'tkazish reglamentini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumini an'anaviy ravishda har ikki yilda o'tkazishni ta'minlash maqsadida ushbu qaror bilan ikkita hujjat tasdiqlandi.

Birinchi hujjat - Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi kontseptsiyasi. Unda forumni o'tkazish maqsadi va vazifalari, forumning tashkilotchilari va ishtirokchilari, Samarqand forumini tashkil etish va o'tkazish, uning dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash, forumni ommaviy axborot vositalarida yoritib borish tartib-taomillari belgilangan.

Ikkinchi hujjat -  Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumini o'tkazish Reglamenti bo'lib, unda forumni tashkil qilish va o'tkazish borasidagi tayyorgarlik va tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish tartibi o'z aksini topgan. Reglamentda, shuningdek Samarqand forumi Tashkiliy qo'mitasi hamda davlat organlari va tashkilotlarining asosiy vazifalari, forumning ishtirokchilari va unda ishtirok etish shakllariga doir tartib-qoidalar nazarda tutilgan.

Hukumat qaroriga muvofiq, Samarqand forumini o'tkazish bo'yicha Tashkiliy qo'mita tarkibi ham tasdiqlandi.

Ma'lumot uchun: Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni ijrosi doirasida qabul qilindi. Hujjat loyihasi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech