INSON QADRI – ULUG‘, HUQUQ VA ERKINLIKLARI MUQADDASDIR

10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni

Har yili 10 dekabr – butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Joriy yilda ushbu bayram mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 25 yilligi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 10 yilligi bilan o‘zaro uyg‘un nishonlanayotgani ayni sananing ahamiyatini yanada oshirmoqda.

 

Xalqaro inson huquqlari kuni

 

Insoniyat global o‘zgarishlarni boshidan kechirayotgan hozirgi sharoitda BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining dunyo miqyosidagi ahamiyati va o‘rni tobora ortib bormoqda. O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “Jahon taqdiri bilan bog‘liq ushbu muhim jarayonlarda aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining yetakchilik rolini yangi mazmun va sifat bilan davom ettirishi zarur. Biz Bosh kotibning xalqaro munosabatlar tizimida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlash, tashkilot faoliyatining samaradorligini va shaffofligini oshirishga qaratilgan  harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz”.

Har yili xalqaro hamjamiyat tomonidan 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida keng nishonlanishi bejiz emas.  Chunki BMT Bosh Assambleyasining 1948 yili aynan shu kundagi rezolyusiyasiga muvofiq, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan va e’lon qilingan.

Mazkur hujjatda har bir insonning irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat’i nazar ajralmas huquqlari e’lon qilingan.

1950 yili BMT tomonidan 10 dekabrni Inson huquqlari kuni sifatida nishonlash belgilandi. Deklaratsiya insonlarning barchasiga birdek tegishli bo‘lgan huquqlarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, shu kungacha dunyoning 500 dan ortiq tiliga tarjima qilingan.

Mazkur xalqaro hujjat har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, e’tiqod va so‘z erkinligini, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, ta’lim, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va san’at asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qiladi.

Shu bilan birga, 1996 yil 31 oktabrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining tashkil topganiga 25 yil to‘ldi. Ushbu sanalar munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy Markazi joriy yilning 10 noyabridan – 10 dekabriga qadar “Inson huquqlari oyligi”ni e’lon qildi.

 

O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro tashabbuslari – amalda

 

O‘zbekiston jahon minbarlaridan ilgari surgan xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga, bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgani uchun xalqaro hamjamiyatning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Bu fikrimizni 2017 yil sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan tashabbuslar asosida keyingi 5 yilda BMT Bosh Assambleyasining 5 ta rezolyusiyasi qabul qilingani yaqqol isbotlab turibdi.

Bulardan birinchisi – BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 22 iyundagi yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyusiyasi;

ikkinchisi – davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan g‘oya asosida 2018 yil 12 dekabrda Bosh Assambleyaning yalpi sessiyasida qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasi;

 uchinchisi – 2018 yil 27 noyabrda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasiga asos solinishiga xizmat qilgan rezolyusiya;

to‘rtinchisi – O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va 2019 yil 19 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” maxsus rezolyusiyasi;

beshinchisi – 2021 yil 18 may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev taklifiga binoan qabul qilingan “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi rezolyusiya.

BMTning 75 yillik butun tarixi davomida muayyan bir shaxsning tashabbusi bilan shuncha rezolyusiya qabul qilinishi tajribasi kuzatilmagan.

Bundan tashqari, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif etdi. Bugungi kunda BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiyasi loyihasini tayyorlash ishlari izchil olib borilmoqda.

Ma’lumki, pandemiya va uning butun jahon hamjamiyati uchun, shu jumladan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi noxush ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy oqibatlari bu borada muvofiqlashtirilgan global javob choralarini ko‘rish, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy, innovatsion, texnologik va tibbiy salohiyatni safarbar etish zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeks BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida qabul qilindi. Ushbu Kodeksda pandemiyalarga qarshi kurash jarayonidagi xalqaro hamkorlik birdamlik, ochiqlik, o‘zaro yordam va inson huquqlarini ta’minlash tamoyillariga asoslanishining muhimligi ta’kidlangan.

So‘nggi yillarda yurtimizda demokratik islohotlarni amalga oshirish, jumladan, inson huquq va erkinliklari hamda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida izchil va samarador ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylangani bu sohadagi amaliy faoliyatimizning yuksak e’tirofi bo‘ldi.

2021 yil 8 oktabr kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 48-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashabbusi asosida Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risidagi rezolyusiya qabul qilindi. Rezolyusiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan.

Davlatimiz rahbari o‘sha nutqida yoshlar huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlarini mustahkamlash zarurligini alohida ta’kidlagani bejiz emas. Zero, Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 48-sessiyasida O‘zbekiston kiritgan Rezolyusiya matni BMT Kengashiga a’zo barcha, ya’ni 47 ta davlat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston ilgari surgan mazkur xalqaro hujjat loyihasiga dunyoning 37 mamlakati hammualliflik qildi. Bu, bir tomondan, davlatimiz rahbari xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratgan mazkur umuminsoniy muammo nechog‘lik dolzarbligini yana bir bor yaqqol namoyon etmoqda. Ikkinchi tomondan, bu – O‘zbekiston Prezidentining xalqaro tashabbuslari va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini jahon jamoatchiligi keng qo‘llab-quvvatlayotganining yorqin dalolati hamdir.

Yaqinda O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi o‘rinbosarligiga saylandi.  O‘zbekiston vakili bu yuksak lavozimdagi vazifalarini 2022 yildan bajarishga kirishadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 10 yilligi

 

Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim normalari ko‘plab xalqaro hujjatlarga kiritilgan. 2011 yil dekabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur Deklaratsiyada belgilanganidek:

birinchidan, har bir inson va jamiyatning har bir a’zosi ta’lim olish va o‘qitish orqali inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga ko‘maklashishi lozim;

ikkinchidan, har bir inson ta’lim olish huquqiga ega va ta’lim inson shaxsini har tomonlama rivojlantirishga, qadr-qimmatini his etishga, barcha kishilarga erkin jamiyatning foydali ishtirokchilari bo‘lishiga, barcha millatlar, irqiy, etnik yoki diniy guruhlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, bag‘rikenglik va do‘stlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.

Deklaratsiya a’zo davlatlarga inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiyani ta’minlash mas’uliyatini yuklaydi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinguniga qadar, ya’ni 2004 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi e’lon qilingan. Bundan maqsad – barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va biznes sektorida inson huquqlari sohasidagi ta’lim dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashishdir.

Hozirgi vaqtgacha ushbu Dasturning quyidagi uchta bosqichi amalga oshirildi:

birinchi bosqich maktablarda inson huquqlari sohasidagi ta’lim jarayonlarini qamradi;

 ikkinchi bosqich oliy ta’lim tizimi, shuningdek o‘qituvchi-murabbiylar va davlat xizmatchilari uchun inson huquqlari sohasidagi ta’limga bag‘ishlandi;

uchinchi bosqich ommaviy axborot vositalari vakillariga inson huquqlari sohasida ta’lim berildi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida, shu jumladan ushbu yo‘nalishdagi ta’limni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Oliy Majlis tomonidan 2019 yilda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi qabul qilingan. Qonunchilik palatasi va Senat Kengashlari tomonidan 2019 yil 15 iyulda BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi ijrosi yuzasidan «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

2020 yil avgustida BMT shafeligida yoshlar huquqlariga bag‘ishlangan Samarqand xalqaro forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini qabul qilish tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida, jumladan, oliy o‘quv yurtlari uchun inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslari joriy etish vazifasi ko‘zda tutilgan.

O‘z navbatida, 2020-2024 yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Yangi bosqich inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini amalga oshirishning yangi bosqichi doirasida:

birinchidan, inklyuziv, tinch jamiyatni yaratishga imkon beradigan teng huquqlilik, inson huquqlarini hurmat qilish va kamsitmaslik ruhida yoshlarni o‘qitish va tarbiyalash;

ikkinchidan, xotin-qizlar va bolalarga alohida e’tibor qaratgan holda, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibidagi “hech kimni yoddan chiqarmaslik” maqsadiga muvofiq aholining zaif qatlamlari bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatish;

uchinchidan, pedagog kadrlar, shu jumladan, bolalar va yoshlar bilan ishlovchi tarbiyachilar uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’limni tashkil etish;

to‘rtinchidan, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida tegishli tadqiqotlar o‘tkazish, baholash, ilg‘or tajriba va olingan saboqlar bilan o‘rtoqlashish ko‘zda tutilgan.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 7 iyundagi Farmoyishiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tashkil etilgani dolzarb va tarixiy ahamiyatga egadir.

Milliy komissiyani tuzishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – barcha uchun universal bo‘lgan huquqni himoya qilish normalari va tamoyillari, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishning xalqaro kafolatlari to‘g‘risidagi xabardorlikni, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishdir.

Prezident Farmoyishida Milliy komissiyaning barcha vazifa va vakolatlari aniq belgilab berilgan. Jumladan, xalqaro shartnomalar normalari va standartlari, BMTning huquqni himoya qiluvchi tuzilmalari tavsiyalari hamda O‘zbekiston jamiyatining tarixiy, milliy va madaniy qadriyatlarini inobatga olgan holda, Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini ishlab chiqish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan.

Yaqinda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Milliy ta’lim dasturi va uni bajarish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihalarini ishlab chiqdi. Ushbu loyihalar keng jamoatchilik muhokamasi uchun Milliy markaz rasmiy saytiga joylashtirildi.

 

Ekologiya va inson huquqlari

 

Bugungi kunda ekologik tahdidlar – bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z tarixida ilk bor musaffo, sog‘lom va barqaror atrof muhit – bu inson huquqlarining uzviy qismi, deb e’tirof etgani hamda bu sohada Maxsus ma’ruzachi maqomini ta’sis qilgani xuddi shu omillar bilan izohlanadi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 48-sessiyasida so‘zga chiqqan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet asosli ravishda sayyoraviy ko‘lamdagi uchta tahdidni sanab o‘tdi. Bular – iqlim o‘zgarishi, atrof muhitning ifloslanishi va tabiatning buzilishi bo‘lib, hozirgi davrda inson huquqlari sohasidagi eng jiddiy muammolardir.  

Global ofatga aylangan COVID-19 pandemiyasi dunyo davlatlarining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi ko‘p tomonlama shartnoma va bitimlar, jumladan, 2030 yilgacha davrdagi Kun tartibi, Parij bitimi kabi o‘zaro kelishuvlarda zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishiga jiddiy xalal berdi. Aksariyat mamlakatlarda ushbu yo‘nalishdagi vazifalarning moliyalashtirilishi va bajarilishi zarur darajada ta’minlanmayapti.

Markaziy Osiyo mamlakatlariga kelsak, mintaqamiz ham iqlim o‘zgarishlari va ekstremal ob-havo hodisalari oldida zaif ekani sezildi. Hozirgi vaqtda suv taqchilligi ekinlarni sug‘orish imkoniyatlarini cheklamoqda, oqibatda bo‘lajak hosil boy berilmoqda. Bu, o‘z navbatida, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishini xavf ostiga qo‘ymoqda.

Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida ushbu yo‘nalishda ilgari surgan quyidagi yangi tashabbuslarga to‘xtalish taqozo etiladi:

birinchi tashabbus: O‘zbekiston 2022 yilda Orolbo‘yi hududida, ya’ni Nukus shahrida  «yashil» energetika bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda yuqori darajadagi xalqaro Forum o‘tkazadi;

ikkinchi tashabbus: mamlakatimiz Bioxilma-xillik bo‘yicha Global hadli dasturning yaqin istiqbolda qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi va kelgusida Bioxilma-xillik konvensiyasi ishtirokchilarining yig‘ilishlaridan birini o‘z hududida qabul qilishga tayyor;

uchinchi tashabbus: BMT shafeligida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023 yili O‘zbekistonda Atrof muhit bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori darajadagi Oltinchi Assambleyasini o‘tkazish taklif qilindi;

to‘rtinchi tashabbus: ana shu Assambleyada BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surish mo‘ljallanmoqda.

Shu yangilanishlar talabidan kelib chiqqan holda, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida Ekologiya kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safi joriy yilda “Ekologiya huquqi himoyachisi” nominatsiyasi g‘oliblari hisobiga kengaymoqda.

O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi minbaridan Toshkent shahrida pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini o‘rganish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etishga bag‘ishlangan  xalqaro konferensiya o‘tkazish hamda  qadimiy Samarqand shahrida muntazam o‘tkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global ta’lim forumini tashkil etish takliflarini ham bildirganini ta’kidlash lozim.

 

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz – 25 yoshda

 

Konstitutsiyamizning 93-moddasida qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ta’minlashning kafilidir. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ana shu konstitutsiyaviy kafolat doirasida 1996 yil 31 oktabrda tashkil etilgan.

2018 yil 10 dekabrda – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi nishonlangan kunda davlatimiz rahbari “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu qaror inson huquqlariga doir ma’ruzalarni tayyorlash bo‘yicha milliy mexanizmlarni mustahkamlash hamda kelgusida ularning faoliyatini amalga oshirish borasida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarining chaqirig‘iga munosib javob bo‘ldi.

Bugungi kunda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organidir. Milliy markaz o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.

O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi tasdiqlandi. Milliy strategiya ijrosini ta’minlashga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” 78 ta banddan iborat bo‘lib, 2020-2025 yillarda amalga oshirilishi belgilangan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan ushbu hujjatda inson huquqlari masalasiga tizimli yondashish va mavjud bo‘shliqlarni, kamchiliklarni bartaraf etish yo‘llari ochiq-oydin ko‘rsatilgan. Mazkur dasturiy hujjat ijrosi va monitoringi uchun Milliy markaz bevosita mas’ul hisoblagnadi.

Mamlakatimiz qo‘shilgan xalqaro hujjatlarning bajarilishi yuzasidan milliy ma’ruzalar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hamda shartnomaviy qo‘mitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilmoqda. O‘tgan davrda O‘zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari masalalari bo‘yicha majburiyatlari bajarilishi yuzasidan BMTning ustav va shartnoma organlariga 41 ta milliy ma’ruza taqdim etildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning demokratik o‘zgarishlarga sodiqligini namoyish qilish, yurtimizda kechayotgan ulkan yangilanishlar davrida avvalo inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish birlamchi vazifalardan sanaladi. Bunda jamiyatimizda mavjud milliy institutlar ichida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi alohida o‘rin tutadi.

Xulosa qilib aytganda, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va ta’minlashda amalga oshirgan ishlarimizdan ko‘ra, oldimizda turgan vazifalar ko‘p ekani yaqqol haqiqat. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “bu oliy qadriyatni tom ma’noda qaror toptirish – biron-bir manzilga yetib borib to‘xtash, degani emas. Inson huquqlarini himoya qilish uzluksiz davom etadigan jarayon ekanini barchamiz chuqur anglaymiz. Jahon tarixi va demokratik davlatlar tajribasi ham shundan dalolat beradi.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori

Powered by GSpeech