Farg‘onada MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika davlatlarining yetakchi tahlil markazlari vakillarini o‘z ichiga jamlagan noyob xalqaro platforma — Farg‘ona tinchlik forumi o‘z ishini davom ettirmoqda. Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlarining fuqarolik jamiyati, tadbirkorlik doiralari, ilmiy hamjamiyat va yosh yetakchilar vakillari ham ishtirok etmoqda.
Forum nafaqat fikr almashish va bahs-munozaralar maydoni, balki o‘zaro hurmat, yaxshi qo‘shnichilik va ochiq muloqot tamoyillariga asoslangan mintaqaviy hamkorlikning yangi falsafasini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Forum ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasida bildirilgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining sheriklik va integratsiyani chuqurlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyani qabul qilish to‘g‘risidagi tashabbusini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.
Forumning aynan Farg‘ona vodiysida — ilgari keskinlik bilan bog‘liq bo‘lgan, ammo bugungi kunda yaxshi qo‘shnichilik, hamkorlik va integratsiya borasida barqaror sur’atlarni namoyish etayotgan mintaqada o‘tkazilayotgani ramziy ma’noga egaligi ta’kidlandi.
Xalqaro hamkorlar tomonidan bildirilgan fikrlar
BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ushbu forumni “yangi siyosiy muloqot madaniyatini shakllantirishga muhim hissa” deb atadi. U mintaqadagi rahbarlarning siyosiy irodasi tufayli ishonch kuchayib borayotgani va erishilgan kelishuvlar allaqachon o‘zining aniq natijalarini beryotganini alohida ta’kidladi.

YeXHT Nizolarning oldini olish markazi direktori Keyt Firon Farg‘ona vodiysi diplomatiya va hamkorlik mintaqani qanday o‘zgartirishi mumkinligining ilhomlantiruvchi namunasiga aylanib borayotganini ta’kidladi. YeXHT ushbu noyob va jadal rivojlanayotgan mintaqada tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash bosh kotibi Qayrat Saribay Farg‘ona tinchlik forumni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari izchil amalga oshirilayotganidan dalolat beruvchi muhim voqea sifatida e’tirof etdi.
Uning fikricha, “bugungi forum mintaqadagi ijobiy o‘zgarishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Farg‘ona vodiysi o‘zining tarixiy rolini qayta tiklamoqda — u yana sa’y-harakatlar, g‘oyalar va tinch taraqqiyotga intilishlarni birlashtirish makoniga aylanmoqda.”

SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Soxail Xon bo‘lib o‘tayotgan tadbir mintaqadagi mamlakatlarning tinchlik va farovonlikka intilishini aks ettirayotganini ta’kidladi. “Markaziy Osiyo SHHTning o‘zagi bo‘lib, bunday platformalarda qabul qilinayotgan qarorlar mintaqaviy hamkorlikning yetukligidan dalolat beradi,” — dedi u.
Atlantika kengashining Yevroosiyo markazi direktori o‘rinbosari Endryu D’Aneri mamlakatlar o‘rtasida mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda forumning muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi. Ekspert, shuningdek, mazkur tadbir mintaqada kechayotgan jarayonlarni chuqur va har tomonlama tahlil qilish platformasi sifatida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Bu esa hamkorlikdagi rivojlanish va xavfsizlikni ta’minlash uchun muammolar va imkoniyatlarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Marti Axtisaari nomidagi Tinchlik jamg‘armasining Osiyo dasturi rahbari Aleks Virtanen forumni tinchlik tashabbuslarini faol ilgari surish va mintaqaviy muloqotni chuqurlashtirish uchun muhim platforma sifatida ta’rifladi. “Bunday platforma mintaqadagi asosiy muammolarni hal etishda kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun keng imkoniyatlar ochadi,” — dedi ekspert.
O‘zA
- Qo'shildi: 16.10.2025
- Ko'rishlar: 268
- Chop etish