O'zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligi: holati va istiqbollari

28 yanvar kuni shu mavzuda “Zoom” onlayn platformasida davra suhbati o'tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Namangan davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Nukus davlat universiteti hamda Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Davra suhbatida  O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalalari haqida so'z bordi. Ishtirokchilar mamlakatimizning barqaror taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligi va yorqin kelajagini kafolatlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega mazkur muhim siyosiy jarayonni yuksak darajada tashkil etish eng dolzarb vazifalardan biri ekanini ta'kidladilar.

Saylovni Konstitutsiya va qonunlarimiz, umume'tirof etilgan xalqaro demokratik standartlar asosida va ularga to'la rioya qilgan holda o'tkazish, ko'p jihatdan, jamiyatimiz siyosiy madaniyatiga, saylovchilarning yuksak faolligi va fuqarolik burchini chuqur anglashi hamda siyosiy yetukligini namoyon etishiga bog'liq.

Chunki har bir saylovchi demokratik islohotlardan boxabar bo'lsa, bu jarayonga ongli ravishda yondashsa, o'z ovozi jamiyat va davlat hayoti, kelajak uchun ahamiyatli ekanini, saylovchi sifatida zimmasida katta mas'uliyat borligini anglab yetsagina, saylovlardan ko'zlangan maqsadga erishiladi.

Saylov – bu, avvalo, o'z huquqini anglagan holda, erkin tanlash va ongli ovoz berish deganidir. Shu ma'noda, davra suhbatida milliy saylov qonunchiligini takomillashtirish, uni umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar bilan uyg'unlashtirish istiqbollari haqida fikr yuritildi.

Mamlakatimizning siyosiy nufuzini yangi bosqichga ko'tarish, xalqaro reyting va indekslardagi o'rnini yanada yaxshilash asosiy vazifalardan biri ekani alohida qayd etildi. Shuningdek, 2019 yilda bo'lib o'tgan parlament saylovlarida kuzatilgan ayrim kamchilik va muammolarni bartaraf etish, xalqaro tashkilotlarning maqbul tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali yurtimizda bu sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar mohiyatini xalqaro hamjamiyatga yetkazish zarurati ta'kidlandi.

Xususan, 2020 yilgi Davlat dasturida belgilangan vazifalar, milliy ekspertlar tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan takliflar, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi tavsiyalari asosida milliy qonunchilikka kiritilayotgan o'zgartirishlar atroflicha ko'rib chiqildi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, Prezident saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr` oyi uchinchi o'n kunligining birinchi yakshanbasida o'tkazilishi, endilikda saylovlarni oktyabr`-noyabr` oylarida o'tkazish bilan bog'liq takliflar va bu borada tayyorlangan normativ-huquqiy hujjat loyihasi muhokama qilindi.

Shunday qilib, milliy saylov qonunchiligi umume'tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida yanada takomillashtiriladi. Natijada u saylov jarayonlarining ochiq va oshkora o'tishini ta'minlashga xizmat qiladi.

Bunda O'zbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi o'rni yaxshilanishi ta'minlanadi. Saylovlardan keyin oliy davlat organlarini o'z vaqtida shakllantirish va muhim siyosiy qarorlarni qabul qilish uchun imkon beradi. Fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki bo'yicha salbiy holatlarning oldi olinadi hamda kuzatuvchilar va saylovchilar uchun qulay sharoitlar yuzaga keladi.

Eng muhimi, milliy saylov qonunchiligiga kiritiladigan o'zgartish va qo'shimchalar ovoz berish kuni ongli ravishda qaror qabul qilishga zamin yaratadi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech