O‘zbekiston Respublikasining "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida" 2025 yil 31 iyuldagi Qonuni bilan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda muhim o‘zgartirishlar kiritildi.
Raqobatni rivojlantirish va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ko‘mitasi mazkur Qonun yuzasidan quydagicha sharh berdi:
Nimalar o‘zgardi?
Qonunga asosan, agar sotuvchi tovarni shartnomada belgilangan muddatda yetkazib bermasa, u har bir kechikkan vaqt birligi (daqiqa, soat, kun) uchun ushbu tovar narxining 0,5% miqdorida penya to‘lashi shart bo‘ladi.
Masalan: Agar xarid qilingan tovar narxi 10 million so‘m bo‘lsa va yetkazib berish 5 kun kechiksa, sotuvchi har kuni uchun 50 000 so‘mdan, jami 250 000 so‘m penya to‘lashi kerak bo‘ladi.
Penyaning umumiy miqdori yetkazib berilmagan tovar narxining 100 foizidan oshmasligi kerak.
Eng muhimi – shartnomada penya miqdorini 0,5% dan kam belgilash mumkin emas. Bu me’yor iste’molchilar – jismoniy shaxslarning manfaatini himoya qilish maqsadida joriy qilindi.
Nega bu kerak?
So‘nggi yillarda tovarlarni kelishilgan vaqtda yetkazib berilmasligi bo‘yicha fuqarolarning shikoyatlari keskin oshdi:
— 2022 yilda – 500 ta murojaat;
— 2023 yilda – 1 373 ta;
— 2024 yilda – 4 213 ta (bu 3 yil ichida 8 barobar ko‘paygan).
Aksariyat shikoyatlar avtomobil, maishiy texnika va mebel kabi yuqori talabga ega tovarlarning kechiktirilgan holda yetkazib berilganligi bilan bog‘liq.
Qonunda Fuqarolik kodeksining 261-moddasiga asoslanib, neustoyka (penya) mexanizmidan foydalaniladi. Penya — qarzdor (bunda – sotuvchi) majburiyatni belgilangan vaqtda bajarmaganda to‘laydigan kompensatsiya shaklidagi to‘lov hisoblanadi.
Qonunning maqsadi:
—Iste’molchilar huquqlarini aniq va samarali himoya qilish;
—Sotuvchilarni o‘z majburiyatlariga jiddiy yondoshishga majburlash;
—Oldi-sotdi shartnomalarda adolatli munosabatlarni ta’minlash;
—Tovar yetkazib berishda kechikishlarni oldini olish.
Bu o‘zgarishlar aholining qonuniy manfaatlarini ta’minlashda, fuqarolarning ishonchini mustahkamlashda va bozorda adolatli raqobat muhitini yaratishda muhim qadam deb hisoblanadi.
Hamroz Bayanov, O‘zA
- Qo'shildi: 14.08.2025
- Ko'rishlar: 137
- Chop etish