Jahon savdo tashkiloti gender tengligini qanday qo‘llab-quvvatlayapti?

Gender tengligi - bu jamiyatda ayollar va erkaklar teng huquq, imkoniyat va mas’uliyatlarga ega bo‘lishi demakdir. Ushbu tamoyil faqat qonuniy jihatdan emas, balki hayotning barcha jabhalarida, ya’ni ta’lim, mehnat bozori, siyosiy faollik va oilaviy munosabatlarda ham birdek imkoniyatlarni ta’minlashni nazarda tutadi.

Gender tengligi ta’minlangan jamiyatlar adolatli, inklyuziv va barqaror rivojlanishga erishadi. Shu bois, bugungi global jarayonlarda gender tengligi faqat ijtimoiy muammo emas, balki iqtisodiy o‘sish va inson kapitalini rivojlantirishning asosiy omili sifatida qaralmoqda.

Xo‘sh, Jahon savdo tashkiloti uchun gender tengligi bo‘yicha alohida majburiy talablar va qoidalar mavjudmi?

Bu savolga Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Regina Davidova quyidagicha javob berdi:

–Hozirgi paytda Jahon savdo tashkiloti (JST) uchun gender tengligi bo‘yicha alohida majburiy talablar va qoidalar yo‘q. Ammo tashkilot qator xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, vendorlar o‘rtasida tenglikni mustahkamlashga yordam berib kelmoqda.

Shunday muhim tashabbuslardan biri - Buenos-Ayres deklaratsiyasi bo‘lib, unga 120 dan ortiq davlat qo‘shilgan. Bu deklaratsiya majburiy hujjat hisoblanmasa-da, u ayollar imkoniyatlarini kengaytirish, xususan, ularning xalqaro savdoda ishtiroki orqali ularni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Deklaratsiya doirasida mamlakatlar ma’lumotlarni yig‘ish va tajriba almashish majburiyatlarini olgan.

Shuningdek, JSTning “Aid for Trade” dasturi rivojlanayotgan mamlakatlarga texnik yordam ko‘rsatishda gender jihatlarini inobatga oladi. Ayniqsa, ushbu dastur ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning raqamli texnologiyalar bozoriga chiqish imkoniyatlarini oshirishda dolzarb ahamiyatga ega.

JST doirasida gender tengligi masalalari tegishli profil qo‘mitalarida muhokama qilinadi. Ularda mamlakatlar milliy amaliyotlar, shuningdek, ayollar savdoda duch kelayotgan to‘siqlar haqida fikr almashadi. Bundan tashqari, JST gender tengligini ikki tomonlama kelishuvlar orqali qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, Kanada va Chili o‘rtasida tuzilgan bitim ayollar huquqlari va imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida boblarni o‘z ichiga olgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, JST me’yoriy-huquqiy bazasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyatlar nazarda tutilmagan bo‘lsa-da, tashkilot ayollar huquqlarini mustahkamlash va erkaklar hamda ayollar o‘rtasida tenglikni ta’minlash borasida faol harakat qilmoqda.

O‘zbekistonda esa gender tengligini ta’minlash borasida so‘nggi yillarda jiddiy qadamlar tashlandi. 2019 yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi  qonunlar qabul qilinib, bu sohadagi davlat siyosatining huquqiy asosi yaratildi. 

Hozirda ushbu qonunlar asosida vazirlik va idoralarda gender ekspertizasi o‘tkazilmoqda. Xususan, Adliya vazirligi tomonidan barcha davlat organlari uchun gender ekspertizasi bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilgan. Shuningdek, 300 dan ortiq hujjatni qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Muhimi, ekspertiza faqat yangi loyihalar bilan cheklanib qolmaydi, balki amaldagi hujjatlardagi diskriminatsion normalarni ham aniqlash va bartaraf etishni nazarda tutadi. Qonunchilikka “gender auditi” tushunchasi kiritilib, davlat organlari va tashkilotlarida erkaklar va ayollar uchun teng imkoniyatlar, kadrlar siyosati, mehnat shartlari qanday ta’minlanayotgani baholanmoqda.

Bu qonunchilikni takomillashtirishda muhim qadam bo‘lib, uning samarasi xalqaro reytinglarda ham aks etmoqda. Masalan, Jahon bankining 2024 yilgi “Ayollar, biznes va qonun” indeksida O‘zbekiston 11,9 ballga o‘sishga erishdi. Bu esa mamlakatda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natija berayotganini ko‘rsatadi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlashni istar edimki, Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi “ACWA Power” kompaniyasi ham shu kabi muhim tashabbus bilan chiqish qilmoqda. An’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Raqamli energetika davrida ayollar yetakchiligi: huquqiy, biznes va insoniy istiqbollar” mavzusidagi tadbirlarda mamlakatimizdagi faol va tashabbuskor ayollarni jamlash quvonarli hol. Bu kabi muloqotlar davomida mavjud muammolarga yechim topish, yangi taklif va g‘oyalar ilgari surish imkoni yaratiladi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.

Powered by GSpeech