Jorj Vashington universitetida O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha strategiyasi muhokama qilindi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Jorj Vashington universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo dasturi doirasida mamlakatimizning Afg‘onistonga nisbatan shakllanayotgan strategiyasiga bag‘ishlangan ekspertlar davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Markaziy Osiyo va Afg‘oniston masalalariga ixtisoslashgan yetakchi mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar, aspirantlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov davlatimizning ayni mavzuga pragmatik hamkorlik, inson manfaatiga yo‘naltirilgan taraqqiyot hamda transmilliy infratuzilma integratsiyasi tamoyili asosidagi yondashuvi haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Afg‘onistonni alohida geosiyosiy hudud emas, balki yaqin qo‘shni, o‘z kelajagining ajralmas qismi sifatida ko‘radi.

Ekspertlar Transafg‘on temir yo‘li, Surxon – Puli-Xumri yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i va TAPI gaz quvuri kabi asosiy infratuzilma loyihalarini muhokama qildilar. Ushbu loyihalar qo‘shni yurtning iqtisodiy barqarorligini oshirib, mintaqaviy va global iqtisodiy jarayonga chuqurroq integratsiyalashuviga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Respublikamiz tomonidan Afg‘onistonga ko‘rsatilayotgan ko‘mak – muntazam gumanitar yordam yetkazib berish, savdo, ta’lim va ijtimoiy reintegratsiyani rivojlantirish tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi. 2024 yil Termiz shahrida ochilgan erkin iqtisodiy zona o‘n minglab, jumladan Afg‘oniston fuqarolarini qabul qilayotganiga urg‘u berildi.

Tadbir yakunida O‘zbekistonning Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga jalb etish strategiyasi barqaror tinchlik va taraqqiyot uchun namuna bo‘lishi mumkinligi e’tirof etildi. Ayni yo‘nalishda muloqotni davom ettirish va hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorlik bildirildi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA

Powered by GSpeech