YURIDIK FAN VA INSON HUQUQLARI TA'LIMI: MUSHTARAK XUSUSIYATI VA ISTIQBOLLARI

So'nggi yillarda O'zbekistonda huquq sohasini isloh etish, qonun ustuvorligini ta'minlash borasida dadil qadamlar qo'yilmoqda. Shu bilan birga, yuridik sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni kelgusida yanada izchil davom ettirish taqozo qilinadi.

Chunki har bir davlat o'z huquqiy taraqqiyot yo'lini belgilar ekan, xalq erki va farovonligini ta'minlashga xizmat qiladigan qonunlarning mukammal bo'lishini – shu asosda inson huquqlari  va erkinliklari to'la ta'minlanishini eng avvalgi o'ringa qo'yadi.

 

Oliy ma'lumotli yuristlar tayyorlash ko'lamini oshirish – davr talabi

 

Kamina 1993-1994 yillarda Toshkent davlat yuridik instituti rektori bo'lib ishlaganman.  O'sha davrda ushbu oliy ta'lim muassasasida pedagog-yuristlar va jurnalist-yuristlar tayyorlash amaliyoti joriy etilgandi.

O'zbekiston Prezidentining 2013 yildagi Farmoniga muvofiq, Institut negizida Toshkent  davlat yuridik universiteti tashkil etildi va yangi o'quv tizimiga o'tildi. Mazkur yuridik yo'nalishdagi oliy o'quv yurti ochilganidan buyon o'tgan qariyb 30 yil ichida,  tabaqalashtirilgan to'lov-kontrakt va qo'shimcha imtiyozlar asosida qabul qilingan talabalar  bilan birga hisoblaganda, bu yerda 20 ming nafarga yaqin talaba tahsil olgan.

O'z navbatida, davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 aprelda qabul qilingan “O'zbekiston  Respublikasida yuridik ta'lim va fanni tubdan takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora- tadbirlar to'g'risida”gi farmoni soha rivojini yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqdi.  Jumladan, Toshkent davlat yuridik universitetining mustaqil faoliyat olib borishini  ta'minlash, o'quv jarayoni sifatini oshirish va huquqshunoslik sohasi bo'yicha diplomli yetuk  mutaxassislar tayyorlash borasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim  chora-tadbirlar amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda.

YUNESKO tavsiyalari asosida O'zbekiston hukumati keyingi uch yilda oliy ta'lim muassasalari  sonini jadal oshirish choralarini ko'rdi. Natijada 2021 yilda yoshlarning oliy ta'limga  qamrab olinishi ko'rsatkichi uch baravar, ya'ni 28 foizga ortgan.

Bunda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi bo'yicha  maxsus ma'ruzachisi D.Garsiya-Sayan takliflariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ya'ni, BMT  Maxsus ma'ruzachisi tavsiyalaridan kelib chiqqan holda, huquqshunos, ayniqsa, advokat  kadrlarni tayyorlash ko'lami tobora kengaytirib borilmoqda.

Bugungi kunda O'zbekistondagi o'ndan ortiq oliy o'quv yurtida bakalavr bosqichi bo'yicha  huquqshunos mutaxassislar tayyorlanmoqda. Xususan, Toshkent davlat yuridik universiteti,  Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Namangan davlat universiteti, Termiz  davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti,  Vestminster universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi

akademiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati Akademiyasi shular jumlasiga kiradi.

Mamlakatimizda magistratura bosqichi bo'yicha huquqshunos mutaxassislar tayyorlash uchun qo'shimcha imkoniyatlar ham yaratilgan. Bu o'rinda Bosh prokuratura Akademiyasi faoliyatini  alohida ta'kidlash lozim.

 

Davlat va huquq instituti: salkam bir yillik faoliyatga nazar

 

Prezidentimizning 2020 yil 29 apreldagi “O'zbekiston Respublikasida yuridik ta'lim va  fanni tubdan takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni va  Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi  tizimida Davlat va huquq institutining faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi qaroriga  asosan Davlat va huquq instituti o'z faoliyatini boshladi.

Davlat va huquq instituti – O'zbekistonda davlatchilik asoslarini takomillashtirish, huquq  tizimini isloh qilish va siyosiy-huquqiy ta'limotlarni targ'ib qilish sohasida fundamental  va amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradigan ilmiy muassasadir. Institutning muvaffaqiyatli faoliyati mamlakatimizda yuridik ta'lim va fanni tubdan  takomillashtirishda katta ahmiyatga ega.

Ochiq aytish kerakki, yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida raqobatning mavjud emasligi  hududlardagi iqtidorli yoshlar uchun teng ta'lim olish imkoniyatlarini bir qadar cheklayotgandi. Shu ma'noda, Davlat va huquq institutiga milliy yuridik ta'lim raqobatbardoshligini oshirish, huquqshunoslik yo'nalishida faoliyat yuritadigan ilmiy- tadqiqot va ta'lim muassasalariga beriladigan imtiyozlardan foydalanish mexanizmlarini  takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqishda ishtirok etish imkoni berilgani juda  muhim.

Hozirgi kunda Davlat va huquq instituti nafaqat huquq sohasidagi olimlarni, balki barcha  huquqshunoslarni birlashtirishga xizmat qilmoqda. Yurtimiz huquqshunoslari tomonidan bu  yerda o'zaro hamkorlikda ilmiy anjumanlar tashkil qilinayotgani, jamoaviy va individual  monografiyalar tayyorlash bo'yicha jadal amaliy qadamlar qo'yilayotgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Aslida ham, Davlat va huquq instituti tashkil etilgani timsolida yurtimiz olimlari jamoasining katta orzularidan biri ushaldi. Bu, o'z navbatida, zamonaviy talablar, ilg'or xalqaro yuridik tajriba va mehnat bozori ehtiyojlari asosida yuqori malakali, ijodiy fikrlaydigan, halol kadrlar tayyorlashni ta'minlash imkonini bermoqda.

 

 Muvofiqlashtiruvchi kengash yuridik fanlar rivojiga qanday hissa qo'shmoqda?

 

 O'tgan yili Fanlar akademiyasi Prezidiumi qarori bilan O'zbekiston Respublikasida yuridik  fanlarni rivojlantirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash ham tashkil etildi. Shu o'rinda  yuridik fanlarni rivojlantirish borasida Muvofiqlashtiruvchi kengash atrofida  jipslashgan huquqshunoslarning mazkur sohaga qo'shayotgan hissasi nimadan iborat bo'lmoqda, degan savol tug'ilishi tabiiy.

Muvofiqlashtiruvchi kengash asosan ilmiy tadqiqotlarni o'tkazish, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo'nalishlarini shakllantirish va amalga oshirishning dolzarb muammolari bo'yicha tavsiyalar berish hamda tadqiqot mavzularini ishlab chiqish bilan shug'ullanadi. Uning vazifalariga, jumladan:

  • O'zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi Davlat va huquq instituti ilmiy tadqiqotlarining asosiy yo'nalishlarini shakllantirish va amalga oshirishning dolzarb muammolari bo'yicha tadqiqot mavzularini ishlab chiqish va tashkil etishda har tomonlama yordam berish;
  • qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, ilmiy-tadqiqot ishlari rejalarining ekspertizasini o'tkazish;
  • jamiyat uchun dolzarb ilmiy-huquqiy muammolarni muhokama qilish va tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan respublika va jahon miqyosidagi ilmiy tadbirlar, xususan,  konferentsiyalar, simpoziumlar, seminarlar o'tkazish loyihasiga taklif berish;
  • yuridik va boshqa tutash sohalarda ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshiruvchi olimlar, izlanuvchilar, aspirantlar va doktorantlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb qilish kabi ishlar kiradi.

O'tgan qisqa davrda quyidagi birlamchi vazifalar Muvofiqlashtiruvchi kengash a'zolarining  diqqat markazida bo'ldi:

birinchidan – Davlat va huquq instituti bo'limlari, sektorlari va boshqa ilmiy tuzilmalarining ilmiy faoliyati bilan bog'liq innovatsion yo'nalishlarni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish;

ikkinchidan – ilmiy ishlanmalarni davlat organlari, nodavlat tashkilotlari amaliyotiga, shuningdek yuridik oliy ta'lim muassasalarining o'quv jarayonida tatbiq etishga yordam berish;

uchinchidan – rivojlangan xorijiy davlatlarning yetakchi ta'lim va ilmiy muassasalari bilan  hamkorlikni, qo'shma huquqiy tadqiqotlarni, professor-o'qituvchilar va talabalar o'zaro almashinuvini faollashtirish;

to'rtinchidan – davlat va huquq sohasida ilmiy va innovatsion tadqiqotlar yo'nalishi va  ro'yxatini shakllantirish;

beshinchidan – oliy ta'lim va ilmiy muassasalarga kadrlar tayyorlashga yuridik sohada chop etilayotgan adabiyotlar va darsliklar bilan ko'maklashish.

Hozirgi kunda Davlat va huquq instituti huzuridagi Muvofiqlashtiruvchi kengash ilmiy  tadqiqotlarni o'tkazish, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish,  ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo'nalishlarini shakllantirish va amalga oshirishning dolzarb muammolari bo'yicha tavsiyalar berish hamda tadqiqot mavzularini ishlab chiqish bilan bog'liq ishlarni izchil bajarmoqda. 

 

Inson huquqlari ta'limi nima?

 

 Inson huquqlari sohasidagi ta'lim barchaning inson huquqlariga nisbatan  hurmatini rag'batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta'minlashda birlamchi  ahamiyat kasb etadi. Bunday ta'lim demokratik jamiyat qurish maqsadida huquqlar,  erkinliklarni anglab yetish va ulardan faol foydalanish, majburiyatlarga amal qilishni  nazarda tutuvchi inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Inson huquqlari sohasidagi ta'lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o'z hayotiga daxldor bo'lgan qarorlarni qabul  qilishning barcha jarayonlarida to'laqonli ishtirokini ta'minlash, shuningdek huquqbuzarliklar, zo'ravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhimdir.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi e'lon qilingandan so'ng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan oldi va ularga rioya etilishini xalqaro inson huquqlari normalari va mexanizmlari orqali targ'ib qilishga kirishdi. Ushbu huquqlardan biri – ta'lim olish huquqi – insonning barcha huquqlaridan foydalanish uchun boshlang'ich nuqtadir.

Inson huquqlari sohasidagi ta'limga ushbu huquqlar to'g'risida bilish, inson huquqlarini himoya qilish va targ'ib qilishning usullari hamda vositalari kiradi. Inson huquqlari bo'yicha ta'lim va tarbiya barcha yoshlarni qamrab oladigan hayotiy jarayondir.

Inson huquqlari bo'yicha ta'lim normalari ko'plab xalqaro hujjatlarga kiritilgan. 2011 yil dekabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan BMTning Inson huquqlari bo'yicha ta'lim to'g'risidagi deklaratsiyasi qabul qilingan. Joriy yilda mazkur Deklaratsiya qabul qilinganligining 10 yilligi keng nishonlanadi.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha ta'lim to'g'risidagi deklaratsiyasida belgilanganidek:

birinchidan, har bir inson va jamiyatning har bir a'zosi ta'lim olish va o'qitish orqali inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga ko'maklashishi lozim;

ikkinchidan, har bir inson ta'lim olish huquqiga ega va ta'lim inson shaxsini har tomonlama rivojlantirishga, qadr-qimmatini his etishga, barcha kishilarga erkin jamiyatning foydali ishtirokchilari bo'lishiga, barcha millatlar, irqiy, etnik yoki diniy guruhlar o'rtasida o'zaro tushunish, bag'rikenglik va do'stlikni rivojlantirishga yo'naltirilgan bo'lishi kerak.

Deklaratsiya a'zo davlatlarga inson huquqlari bo'yicha ta'lim va tarbiyani ta'minlash mas'uliyatini yuklaydi. Bugungi kunda BMTga a'zo 20 dan ortiq davlatning inson huquqlari  sohasida ta'lim bo'yicha milliy harakatlar dasturlari qabul qilingan bo'lib, davlatlar bu  masalaga e'tiborini kuchaytirmoqda.

 

Jahon dasturining to'rtinchi bosqichi: Milliy komissiya faoliyati haqida

 

Ma'lumki, BMTning Inson huquqlari bo'yicha ta'lim to'g'risidagi deklaratsiyasi qabul qilinguniga qadar, ya'ni 2004 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturi e'lon qilingan. Bundan maqsad – barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va biznes sektorida inson huquqlari sohasidagi ta'lim dasturlarini amalga oshirishga ko'maklashishdir.

Hozirgi vaqtgacha ushbu Dasturning quyidagi uchta bosqichi amalga oshirildi:

birinchi bosqich: 2005-2009 yillar – maktablarda inson huquqlari sohasidagi ta'lim jarayonlarini qamradi;

ikkinchi bosqich: 2010-2014 yillar – oliy ta'lim tizimi, shuningdek o'qituvchi-murabbiylar va davlat xizmatchilari uchun inson huquqlari sohasidagi ta'limga bag'ishlandi;

uchinchi bosqich: 2015-2019 yillar – ommaviy axborot vositalari vakillariga inson huquqlari  sohasida ta'lim berildi.

O'z navbatida, 2020-2024 yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining  to'rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Yangi bosqich inson huquqlari sohasida ta'lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Oliy Majlis tomonidan 2019 yilda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta'lim to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi qabul qilingan. Qonunchilik palatasi va Senat Kengashlari tomonidan 2019 yil 15 iyulda BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi ijrosi yuzasidan 2021 yil dekabrga qadar ta'minlash nazarda tutilgan «Yo'l xaritasi» tasdiqlangan.

            Yana bir muhim qadam: O'zbekiston Prezidentining 2021 yil 7 iyundagi Farmoyishiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichini amalga oshirish bo'yicha Milliy komissiya tashkil etildi. Milliy komissiyani tuzishdan ko'zlangan asosiy maqsad – barcha uchun universal bo'lgan huquqni himoya qilish normalari va tamoyillari, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishning xalqaro kafolatlari to'g'risidagi xabardorlikni, shuningdek ushbu yo'nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishdpan iborat.

 

 Inson huquqlari ta'limi bilan bog'liq muammolar va ularning yechimlari

 

 2021 yil aprel-may oylarida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan oliy o'quv yurtlarida, litsey va texnikumlarda “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari”ga oid o'quv kurslari va darsliklar joriy etilganligi holati hamda mazkur mavzularning o'qitilish sifatini o'rganish maqsadida monitoring o'tkazildi.

Monitoring Namangan, Xorazm, Samarqand viloyatlari va  Qoraqalpog'iston Respublikasi hududlarida faoliyat olib borayotgan muayyan oliy o'quv yurtlari, hamda texnikum va akademik litseylarni qamrab oldi. Yanada aniq qilib aytganda, ushbu ta'lim muassasalarining 248nafar professor-o'qituvchisi va 456 nafar talaba o'rtasida so'rov o'tkazildi.

Oliy o'quv yurtlarida o'tkazilgan monitoringda shu holat yaqqol ayon bo'ldiki,  “Inson huquqlari” maxsus kursini oliy ta'lim tizimida huquqshunos mutaxassislar emas, balki asosan tarixchilar yoki falsafa o'qituvchilari o'qitayotgan ekan. Misol uchun, Samarqand davlat chet  tillar instituti o'qituvchilari bilan suhbat davomida ham mazkur maxsus kursni huquqshunos mutaxassisligiga ega bo'lmagan mutaxassislar o'qitiyotgani muammo sifatida ko'tarildi.

Shu bilan birga, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan barcha oliy ta'lim muassasalari rektorlari va filiallar direktorlariga 2020 yil 24 sentyabrda yuborilgan xatga muvofiq, O'zbekiston Milliy universiteti tomonidan ishlab chiqilgan “Inson huquqlarini o'rganish bo'yicha maxsus kurs” o'quv dasturi bo'yicha 2020/2021 o'quv yilining 1-semestrida, o'quv mashg'ulotlaridan tashqari soatlar doirasida maxsus o'quv kursi tashkil etilishi kerak edi. Shuningdek, rasmiy xatda o'quv jarayoniga tegishli malakaga ega  professor-o'qituvchilarni jalb etish vazifasi berilgandi.

Afsuski, oliy o'quv yurtlarining prorektorlari bilan bo'lib o'tgan suhbat jarayonida bu ishlar oliy ta'lim muassasalarining ayrimlarida haligacha tashkil etilmaganligi ma'lum bo'ldi. Masalan, Namangan davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Samarqand meditsina-veterenariya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, “Ipak yo'li” turizm xalqaro universiteti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali shular jumlasidandir.

Mazkur oliy o'quv yurtlarida “Inson huquqlarini o'rganish bo'yicha maxsus o'quv kursi”ni o'qitish yuzasidan moliyaviy manbalar belgilanmagan. Shu sababli maxsus kursni o'qitish imkoniyati bo'lmagan.

Bunday salbiy holat monitoring jarayonida yana bir bor isbotini topdi. Ya'ni, anketaning “Siz faoliyat ko'rsatayotgan muassasada “Davlat va huquq asoslari”, “Huquqshunoslik”, “O'zbekiston Konstitutsiyasi”, inson huquqlarini o'rganish bo'yicha fanlar (kurslar) kiritilganmi?” degan savoliga jami 248 nafar respondentdan atigi 50 nafarigina ijobiy javob bergan.

Monitoring anketasiga kiritilgan “Ayol huquqlari” va “Bola huquqlari” asosan qaysi fanlar (kurslar) doirasida o'rganiladi?” degan savolga 96 nafar respondent umuman bu mavzular o'qitilmasligini ma'lum qilgan.

 Shuni ham ta'kidlash kerakki, monitoringda ishtirok etgan professor-o'qituvchilarning 54,8 foizi, ya'ni 135 nafari mavjud darsliklar, mul`ti-media resurslari “Inson huquqlari”, “Ayol huquqlari” va “Bola huquqlari” fanlari bo'yicha ta'limni tashkil etish uchun yetarli emasligi haqida fikr bildirgan.

Anketaning “Malaka oshirish kurslarida inson huquqlariga oid mavzular o'qitilganmi?” degan savoliga 60,4 foiz respondent bunday mavzular o'qitilmasligini bildirgan. Ya'ni, bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, pedagogik kadrlar malakasini oshirish institutlarida ham inson huquqlari bo'yicha dars soatlari yoki kurslar haligacha tashkil etilmagan.

Shu nuqtai nazardan, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichida ish sifatini yaxshilashimiz va ko'lamini yanada kengaytirishimiz talab etiladi. Zero, 2020-2024 yillarda davlatlar va tegishli manfaatdor tashkilotlar ushbu Dasturning avvalgi uch bosqichini amalga oshirishga qaratgan sa'y-harakatlarini yanada faollashtirishga  da'vat etilayotgani bejiz emas.

 

Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturini amalga oshirishning yangi bosqichi doirasida:

 

birinchidan, inklyuziv, tinch jamiyatni yaratishga imkon beradigan teng huquqlilik, inson huquqlarini hurmat qilish va kamsitmaslik ruhida yoshlarni o'qitish va tarbiyalash;

ikkinchidan, xotin-qizlar va bolalarga alohida e'tibor qaratgan holda, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibidagi “hech kimni yoddan chiqarmaslik” maqsadiga muvofiq aholining zaif qatlamlari bilan o'zaro aloqalar o'rnatish;

uchinchidan, pedagog kadrlar, shu jumladan, bolalar va yoshlar bilan ishlovchi tarbiyachilar uchun inson huquqlari bo'yicha ta'limni tashkil etish;

to'rtinchidan, inson huquqlari bo'yicha ta'lim sohasida tegishli tadqiqotlar o'tkazish, baholash, ilg'or tajriba va olingan saboqlar bilan o'rtoqlashish ko'zda tutilgan.

 

Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiya – amalda

 

BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatda inson huquqlari masalasiga tizimli yondashish va mavjud bo'shliqlarni, kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi ochiq-oydin ko'rsatilgan.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining ijrosini ta'minlashga qaratilgan “Yo'l xaritasi” 78 ta banddan iborat bo'lib, 2020-2025 yillarda amalga oshirilishi belgilangan. Milliy strategiya ijrosi doirasida, jumladan, oliy o'quv yurtlari uchun inson huquqlari bo'yicha o'quv kurslari joriy etish vazifasi ko'zda tutilgan.

Milliy strategiya doirasida ta'lim muassasalarida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari» va «Bola huquqlari» bo'yicha o'quv kurslarini, shuningdek “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq» mutaxassisligi bo'yicha qo'shma magistratura yo'nalishini (konsortsium) joriy qilish bo'yicha amaliy ishlar qilinmoqda.

Bundan tashqari, 12.00.13 – “Inson huquqlari” mutaxassisligi ochildi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida «Inson huquqlari» ixtisosligi bo'yicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini olish uchun ilmiy kengash ish boshladi. Markazda, shuningdek Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo'yicha o'quv kurslari faoliyati yo'lga qo'yildi.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasining 2020 yildagi faoliyati hisobotida O'zbekiston bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorlik munosabatlari ijobiy baholangan. Eng asosiysi, hisobotda pandemiya sharoitiga qaramay, mamlakatimizda BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda o'tgan yilda tegishli xizmatlar xodimlarining malaka va salohiyatini oshirish ishlari izchil davom ettirilgani alohida qayd etilgan. Xususan:

birinchidan, 200 ta milliy sub'ekt – karantin choralari amal qilgan sharoitda odil sudlov imkoniyatlaridan foydalanish;

ikkinchidan, 25 nafar huquqshunos – erkinlik huquqi, odil sudlov, qiynoqlardan xoli bo'lish, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlaridan foydalanish va milliy sudlarda inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro huquq normalarini qo'llash;

uchinchidan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 400 nafar xodimi – BMT Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi xabarnomalari bilan ishlash tartib-taomillarini o'rganish;

to'rtinchidan, 44 nafar mutaxassis – inson huquqlari sohasi bilan shug'ullanadigan fuqarolik jamiyati tashkilotlarining faoliyati hisobdorligi va monitoringini amalga oshirish borasida tajriba oshirgan;

beshinchidan, 180 nafar kishi – Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiya va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalda tatbiq etish doirasida o'tkazilgan seminarlarda ishtirok etgan.

Xulosa qilib aytganda, keyingi yillarda O'zbekistonda inson huquqlari sohasida, shu jumladan ushbu yo'nalishdagi ta'limni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Zero, inson huquqlari sohasidagi ta'lim O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga oid davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir.

Shu bilan birga, yuridik ta'lim va fanni rivojlantirish – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shiddatli ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlar samarasini ta'minlash, keyingi istiqbollarini belgilashning hal qiluvchi omillaridan hisoblanadi.  Zero, davlatchilikning bosh mezoni qonun va adolat ustuvorligidir. Holbuki shunday ekan, davlat qonunlar asosida qurilmas va jamiyat hayotida adolat tamoyillari ta'minlanmas ekan, uning kelajagi ham bo'lmaydi.

 

Akmal Saidov,

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik, yuridik fanlar doktori

“Kuch – adolatda” gazetasi

 

 

 

Powered by GSpeech