2020 yil 24 iyun` kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining O'zbekistondagi vakillari, Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas'ul xodimlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari jurnalistlari va blogerlar Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi karantin hududiga tashrif
buyurdilar.

Ushbu tashrifdan ko'zlangan maqsad - karantin sharoitida saqlanayotgan fuqarolarning qadr-qimmati, huquq va erkinliklariga rioya etilishi bo'yicha BMT va JSST tavsiyalari nechog'lik
bajarilayotganini o'rganishdan iborat bo'ldi.

Dastavval Yuqorichirchiq tumanidagi karantin hududida ishlaydigan mas'ul xodimlar bilan uchrashuv bo'ldi. Mehmonlar, shuningdek karantin hududida fuqarolarga
yaratilgan qulayliklar va ovqatlanish shart-sharoitlari bilan tanishdilar.

Taqdim etilgan ma'lumotlarga qaraganda, fuqarolik ob'ekti hisoblanadigan ushbu karantin hududi Toshkent shahar hokimligi va O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining doimiy e'tibori va ta'minotida hisoblanadi. Bugungi kunga qadar bu yerda 67 ming nafardan ziyod fuqaro 14 kunlik karantin muddatini o'tagan. Shundan 2 ming 150 holatda koronavirusning yangi turini yuqtirgan fuqarolar aniqlangan.

O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Aziz Abduhakimov qayd etishicha, O'zbekistonning karantin hududlarini mavjud holatlardan kelib chiqqan holda yashil, sariq va qizil rangli hududlarga ajratish borasidagi tajribasi noyobligi va samaradorligi bilan ajralib turadi. Yaqin orada dunyoning ko'plab mamlakatlari bilan aviaqatnovlar qayta tiklanishi munosabati bilan ushbu usul yanada katta ahamiyat kasb etishi tayin. Chetdan koronavirus infektsiyasi kirib kelishi va tarqalishi tahdidiga barham berish maqsadida xorijiy mamlakatlardan aviaqatnovlar orqali keladigan yo'lovchilarga nisbatan o'sha mamlakatlardagi karantin vaziyatidan kelib chiqib cheklovlar joriy etish tizimini qo'llash rejalashtirilmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ma'lum qilganidek, xalqaro tashkilotlardan Markazga kelib tushadigan pandemiya va inson huquqlari masalasiga doir murojaatlar muntazam ravishda Respublika koronavirus bilan kurashish bo'yicha maxsus komissiyasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi, Bosh prokuratura, Din ishlari bo'yicha qo'mitaga yuborilmoqda.

A.Saidov misol sifatida Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo'yicha kengashning Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga yo'llagan murojaatlari tezkorlik bilan Respublika maxsus komissiyasi, Transport vazirligi va Tashqi ishlar vazirligiga yuborilganini qayd etdi. Natijada qariyb 300 nafar O'zbekiston fuqarosi va 200 nafardan ortiq Rossiya fuqarosining o'z vatanlariga qaytishi ta'minlandi.

YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon MakGregorning ta'kidlashicha, COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish borasidagi O'zbekiston tajribasi YEXHTga a'zo barcha davlatlar uchun namuna bo'lishga munosibdir. Binobarin, Jahon bankining bahosiga qaraganda, YEXHTga a'zo davlatlar orasida O'zbekiston shunday murakkab va og'ir davrda yalpi ichki mahsulot miqdorini oshirishga erishishi bashorat qilinayotgan yagona davlat hisoblanadi. Shu dalilning o'zi ham O'zbekiston Prezidenti olib borayotgan siyosat qanchalik oqilona ekanligini isbotlab turibdi.

Jon MakGregor, shuningdek O'zbekiston bilan Kanadaning koronavirusga qarshi kurash borasida erishgan natijalarini o'zaro qiyosladi. Kanadada aholi soni O'zbekistonning bu boradagi ko'rsatkichi bilan deyarli teng bo'lib, ushbu mamlakat ham koronavirusdan himoyalanish maqsadida chegaralarini yopish va karantin cheklovlari bilan bog'liq zarur choralarni ko'rgan. Shunga qaramay, Kanadada koronavirusni yuqtirganlar soni 100 ming nafardan oshib, ushbu infektsiya bilan bog'liq o'lim holatlari juda katta raqamlarga yetgan.

Bugungi kunda  O'zbekistonda koronavirusni yuqtirganlar soni 6,5 ming nafardan sal ko'proq bo'lib, o'lim holatlari esa dunyo miqyosida eng oz ko'rsatkichni tashkil etmoqda. Bu omillarning barchasi O'zbekiston koronavirusni yengish uchun qo'llagan choralar, shu jumladan, karantin hududlarida yaratilgan qulayliklar va zarur sharoitlar haqiqatan ham samarador ekanidan dalolat beradi.

BMTning O'zbekistondagi Doimiy vakili Helena Freyzer bunday sharoitlarda davlatlarning ochiqligi juda muhim ahamiyatga egaligini, xususan, Yuqorichirchiq tumanidagi mazkur karantin hududi bilan bevosita tanishish asnosida bu yerda yaratilgan shart-sharoitlarning barchasi sog'liqni saqlash va inson huquqlari sohalaridagi barcha xalqaro standartlarga to'la mos ekanini e'tirof etdi.

Helena Freyzer  mazkur tashrif tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirar ekan, shu yil iyul` oyi boshida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda "Koronavirus pandemiyasi va inson huquqlari" mavzuida videokonferentsiya aloqasi shaklida xalqaro anjuman tashkil etilayotgani haqida ma'lum qildi. BMTning O'zbekistondagi Doimiy vakili qayd etishicha, O'zbekistonning hududlarni yashil, sariq va qizil ranglarga ajratish tajribasi xalqaro hamjamiyatga koronavirusga qarshi kurashishda mavjud kuch va imkoniyatlarni qanday tartibda taqsimlash borasida juda qo'l keladi.

JSSTning O'zbekistondagi vakolatxonasi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo'yicha loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Nazokat Qosimova hozirgi kunda jahon mamlakatlari o'rtasida karantin hududlaridagi sharoitlarni baholash bo'yicha biron-bir reyting mavjud emasligiga e'tiborni qaratdi. Shunga qaramay, Nazokat Qosimova koronavirus tarqalishiga qarshi kurash borasida O'zbekiston tomoni ko'rgan choralar hamda Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi karantin hududida yaratilgan qulayliklarga yuqori baho berib, bu shart-sharoitlarning barchasi JSST standartlariga to'la mos kelishini e'tirof etdi.

Xalqaro tashkilotlar vakillari jurnalistlar va blogerlarning ko'plab savollariga javob qaytardilar.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech