Bugungi kunda Yer sayyorasining deyarli yarim aholisi koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida o'zini o'zi ixotalash tartibiga amal qilmoqda. Ya'ni, 4 milliard nafarga yaqin kishi uylarida qolmoqda.
COVID-19 virusi pandemiya deb e'lon qilingan dastlabki kunlardan boshlab jahon hamjamiyati barcha davlatlarni ushbu yalpi kulfatga qarshi kurash sharoitlarida aholi sog'lig'ini himoya qilish borasidagi inson huquqlarini ta'minlashga chaqirib keladi.
Bunda koronavirus infektsiyasi aniqlangan mamlakatlarda insonlarning yashash va sog'lig'ini saqlashga doir huquqlarini himoya qilish, barcha ehtiyojmandlarning diskriminatsiyasiz, ya'ni hech qanday kamsitishlarsiz tibbiy yordamdan foydalanish imkoniga ega bo'lishini ta'minlash yuzasidan tegishli choralar ko'rilishi so'ralmoqda.
Diskriminatsiya - odatda, davlatning, yuridik yoki jismoniy shaxslarning huquqlari (boshqa davlatlar, yuridik yoki jismoniy shaxslarga nisbatan) kamsitilishini anglatadigan umumhuquqiy atama.
Demokratik davlatlarning milliy qonunchiligida va xalqaro huquqda diskriminatsiyaning barcha shakllari, jumladan, fuqarolarning huquqlarini milliy, irqiy, jinsiy, diniy sabablarga ko'ra amalda yoki yuridik jihatdan kamsitishga yo'l qo'yish taqiqlanadi.
6 aprelda BMTning rasmiy saytida "COVID-19 xastaligiga chalingan bemorlarni davolashda tana rangi kamsitish uchun sabab bo'lmasligi kerak" degan mavzudagi axborot e'lon qilindi (qarang: https://news.un.org/ru/story/2020/04/1375622 va https://uc.xyz/26Nrk3?pub=link). Unda yana bir bor diskriminatsiya muammosiga e'tibor qaratilgan.
Bu gal BMTning inson huquqlari himoyachilari barcha mamlakatlarni koronavirusga qarshi kurash jarayonida qora tanli fuqarolar va boshqa etnik ozchiliklar vakillari kamistilishiga yo'l qo'ymaslikka chaqirdi. Binobarin, tibbiyot xodimlarining yetishmasligi va tibbiy asbob-uskunalar taqchilligi sharoitida muolajalar tana rangiga qarab emas, balki tibbiy ko'rsatkichlar asosida belgilanishi zarur.
Bunday bayonot berilishi bejiz emas. Chunki, xalqaro hamjamiyat da'vatiga qaramay, ayrim davlatlarda yaqindagina bu borada inson huquqlarini kamsitish holatlariga yo'l qo'yilgani kuztilgandi.
Bu o'rinda Ispaniya shifokorlari bemorlarni tanlab davolagani haqida so'z bormoqda. Internet tarmoqlarida ta'kidlanishiga qaraganda, keksalar diskriminatsiyasi bilan bog'liq ispan stsenariysi bundan sal oldin Italiyada takrorlangan voqeadan mutlaqo farq qilmaydi.
Ya'ni, shifokorlar urush davridagi tartibga ko'ra ish tutib, faqat yashashga imkoni ko'proq bo'lgan bemorlarnigina davolash yo'lidan borgan. Germaniyaning «Suddeutsche Zeitung» nashri yozishicha, 75 yoshdan oshgan bemorlar Ispaniyada reanimatsiyaga yuborilmagan. Bu holat, albatta, jahon jamoatchiligining tanqidiy muhokamalariga sabab bo'ldi.
BMTning keksa kishilar huquqlari bo'yicha eksperti Roza Kornfild-Matte 27 mart kuni ushbu muammoga alohida to'xtaldi. Jamiyat keksa kishilarga g'amxo'rlik ko'rsatishi va ularni nafaqat koronavirusdan, balki zo'ravonlik va kamsitishlardan ham himoya qilishi lozim, deya bayonot berdi BMT eksperti.
Roza Kornfild-Matte, shuningdek shifokorlarni bemorlarni yoshidan kelib chiqib emas, faqat kasallik alomatlariga tayangan holda davolash yuzasidan to'g'ri qaror qabul qilishga chaqirdi. Bundan tashqari, u "qariyalar uylarida keksalarning o'z holiga tashlab qo'yilgani va hatto murdalarning egasiz qolayotgani" haqidagi xabarlardan tashvishda ekanini bildirdi.
Ekspertning fikricha, bularning barchasi bunga qadar shusiz ham yoshi ulug'larga nisbatan kamsitishlar kuzatilgan jamiyatlarda «eyjizm» (ingilizcha "age" - yosh, keksalik) degan yangi tushunchaning shakllanishiga olib keldi.
Eng achinarlisi, «eyjizm» kayfiyati keyingi paytda tobora kuchaymoqda. Bunga internetda nuroniy insonlarga nisbatan shafqatsiz va hurmatsizlarcha munosabatdagi sharhlar tarqatilayotgani, qolaversa, kundalik hayotda katta yoshli avlodga ko'pincha tekinxo'r va dardisar kimsalar sifatida yondashilib, ularning mustaqil va o'z kunini o'zi ko'rishga qurbli kishilar ekani e'tibordan chetda qolayotgani sabab bo'lmoqda.
BMT eksperti jahon jamoatchiligini keksa avlod bilan birdamlikka da'vat etdi. Hozirgi qaltis va murakkab davrda yoshi ulug' insonlarni ham, ularni parvarish qilayotganlarni ham koronavirus va diskriminatsiyadan birdek himoya qilish dolzarb ahamiyatga egadir.
Bu haqda so'z borganda, bgungi kunda dunyoning aksariyat davlatlarida koronavirus keng tarqalayotgani munosabati bilan karantin qoidalari yanada kuchaytirilayotgani va qo'shimcha taqiq choralari kiritilayotgani haqida alohida to'xtalish taqozo etiladi. Insonning bir qator huquqlari, xususan, erkin harakatlanish huquqiga bevosita daxldor bo'lgan ushbu taqiqlar aslida barcha fuqarolarning sog'lig'i va hayotini asrab-avaylashga qaratilgan.
Xususan, Lotin Amerikasi mintaqasidagi ikki davlat - Panama va Peruda o'rnatilgan tartibga ko'ra, ayollar uydan seshanba, payshanba va shanba kunlari, erkaklar esa dushanba, chorshanba va juma kunlari chiqishlari mumkin. Hech kim yakshanba kuni uydan chiqmaydi. Hukumat bunday gender cheklovlarini fuqarolar haqida qayg'urishi bilan tushuntirgan.
Turkiyaning bir qator hududlarida esa 4 apreldan boshlab 15 kun mobaynida 20 yoshdan kichik bo'lganlar uchun komendantlik soati e'lon qilindi. Bu qat'iy chora dunyoning bir qator mamlakatlarida koronavirusga chalinganlar orasida bolalar va o'smirlar ko'pchilikni tashkil qilayotganidan xavotirlanish bilan bog'liq bo'lsa ajab emas.
Darvoqe, mamlakatimizda ham aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash va koronavirusni yuqtirib olgan bemorlar salomatligini tiklash yuzasidan zarur vazifalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 1 apreldan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida «o'zini yakkalash» hayot tarzi joriy etildi.
Shu munosabat bilan 65 yoshdan yuqori bo'lgan fuqarolarning uyidan tashqariga chiqishi qat'iyan man qilindi. Ular zarurat bo'lgan taqdirdagina yaqin atrofdagi dorixona, oziq-ovqat va birinchi galdagi tovarlar do'koniga chiqishlari mumkin. Bu tartib aholi, ayniqsa, yoshi ulug' insonlarni COVID-19 epidemiyasidan ishonchli himoya qilishga qaratilganini esda tutaylik.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 08.04.2020
- Ko'rishlar: 4438
- Chop etish