Qaror va ijro
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 aprelda “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Qarorda davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondi davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining ustuvor vazifalari belgilandi.
Jumladan, ushbu tuzilma korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlab, uning oldini oladi, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etadi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etadi. Maishiy korrupsiyaning oldini olish, shu jumladan, raqamlashtirish, byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va yakunlari bo‘yicha aniqlangan korrupsiyaviy normalarni bekor qilish bo‘yicha taklif kiritadi.
Davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi. Davlat xaridlari bo‘yicha preventiv o‘rganishlarni amalga oshiradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muntazam ravishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga elektron hisobot taqdim etib boradi.
Tegishli soha va tarmoqda korrupsiyaviy xavf-xatarlar ro‘yxatini shakllantirish, ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqib, tasdiqlanishini ta’minlaydi.
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazoratni amalga oshirish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash imkonini beruvchi situatsion markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar kiritadi.
Mehnat jamoasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va odob-axloq qoidalariga rioya qilish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib boradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ijobiy tajribalarni ommalashtirish va joriy etish yuzasidan takliflar kiritadi.
Ko‘rinib turibdiki, tuzilmaning vazifalari juda ham mas’uliyatli. Shu bois, bu ishni olib boradagi mutaxassis har tomonlama malakali bo‘lishi kerak.
Shu maqsadda mamlakatimizda Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazilmoqda.
Yuqorida qayd etilgan qarorda 2027 yil 1 yanvargacha huquqiy eksperiment tariqasida Sog‘liqni saqlash, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi vazirliklarida, «O‘zbekneftgaz», «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatlari eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlar etib belgilandi.
Mazkur tashkilotlar korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbari lavozimiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari tayinlanishi kerak edi.
Shundan kelib chiqib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining tegishli buyruqlari bilan Sardorjon Mamanov – Sog‘liqni saqlash vazirligining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi boshlig‘i lavozimiga, Oybek Abdug‘aniyev – Suv xo‘jaligi vazirligining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi boshlig‘i lavozimiga, Farhod Boyto‘rayev – «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi boshlig‘i lavozimiga, Alisher Davlanov – «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Aytib o‘tish kerakki, eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari bevosita Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga bo‘ysunadi.
Eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish, muvofiqlashtirish va monitoring qilish Agentlik hamda eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 24.06.2025
- Ko'rishlar: 125
- Chop etish