Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik vakillari va nodavlat tashkilotlar rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratdi.
Bu kabi tashabbus va amaliy choralar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham alohida e’tirof etilmoqda. Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan Istanbul harakatlar rejasi 5-bosqich monitoringining natijalarida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatini shakllantirishda, dasturiy hujjatlar ishlab chiqishda, muhim qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtiroki eng yuqori darajada, deb baholangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham NNT vakillarini muntazam ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish ishiga keng jalb qilmoqda. Bu borada Agentlik va jamoatchilik o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarish maqsadida Jamoatchilik kengashi tashkil etilgan. Ushbu kengashning 25 nafar a’zosi bo‘lsa, ularning 13 nafari NNT vakillari hisoblanadi.
Bu fikrlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchun o‘tkazilgan seminarda qayd etildi.
Boltiq ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish markazi va Riga oliy huquqshunoslik maktabi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda NNTlarning roli bo‘yicha tushunchalar berildi.

Mazkur tadbir Yevropa Ittifoqi va Germaniya iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirilayotgan "O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish, korrupsiyaning keng qamrovli oldini olish" loyihasi doirasida tashkil etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, NNT vakillarini keng jalb qilish, sohadagi islohotlar ijrosini ta’minlashda ularning ishtirokini kuchaytirish va faolligini oshirish, shuningdek, bu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

NNTlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashishda yangi usul va vositalar, ushbu jarayonlarda xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalari ko‘rib chiqildi.
NNTlar bilan birgalikda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish asosida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga oid ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 11.06.2025
- Ko'rishlar: 486
- Chop etish