(9-dekabr Korruptsiyaga qarshi kurashish halqaro kuniga bag'ishlangan)
Hozirgi globallashuv zamoni, mintaqalar va davlatlararo integratsiya jadallashib borayotgan murakkab bir sharoitda korruptsiya barcha mamlakatlarda ham qator muammolarni keltirib chiqarib, jamiyatni ich-ichidan yemirib, parokanda qilib tashlash xavfini solmoqda. Binobarin, bugun kattami-kichikmi, boymi-kambag'almi, qudratlimi-kuchsizmi bironta davlatni korruptsiyadan xoli hudud, deb hech kim ayta olmaydi.
O'zbekiston ham muammodan xalos bo'lmagan. Dunyodagi korruptsiya darajasini o'rganuvchi Transparency International xalqaro tashkiloti indeksida O'zbekiston oxirgi uch yilda 12 pog'onaga ko'tarilgan bo'lsa-da, hali bu illat barham topgani yo'q.
O'tkazilgan so'rovlarda fuqarolarning fikricha, sog'liqni saqlash, ta'lim, bank, bojxona, sud, prokuratura, ichki ishlar, kommunal xizmat sohalarida, shuningdek, fuqarolarni ishga qabul qilishda korruptsiya keng tarqalgan.
BMT va Xalqaro valyuta jamg'armasining ma'lumotlariga ko'ra, jahon iqtisodiyoti korruptsiya tufayli yiliga 1,5-2,6 trillion dollargacha zarar ko'rmoqda.
Shu bois mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. Xususan, “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonunning qabul qilinishi, shuningdek Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasining tashkil etilishi va korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Davlat dasturining tasdiqlanishi yurtimizda korruptsiya bilan bog'liq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qator chora-tadbirlarni samarali amalga oshirilishini ta'minladi. Misol uchun, qisqa vaqt ichida korruptsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga oid beshta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta'minlash to'g'risida”gi, “Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to'g'risida”gi, “Davlat xaridlari to'g'risida”gi qonunlar qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 02.02.2017 yilgi “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risidagi PQ-2752-sonli qarori bilan tasdiqlangan Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Davlat dasturi ijrosini ta'minlash borasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ma'lum ishlar amalga oshirildi.
Milliy markaz xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatlar shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni o'z vaqtida aniqlash, ularga chek qo'yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida barcha choralar ko'rilmoqda.
Markazda korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha ish rejasi ishlab chiqilgan.
Markazda qabul qilinadigan barcha buyruq va farmoyishlar bajarilishi shaxsan direktor tomonidan nazorat qilinib boriladi.
15.02.2017 yilda “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari tomonidan korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish tartibi to'g'risida”gi Nizom tasdiqlandi va barcha xodimlar e'tiboriga yetkazildi.
Shu kuni tasdiqlangan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari tomonidan korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish tartibi to'g'risida”gi Nizomga binoan Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha 3 nafar xodimdan iborat komissiya tuzilgan. Mazkur komissiya zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilgan:
- O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va O'zbekiston Respublikasi Hukumatining korruptsiyaga qarshi kurashishga doir ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish bo'yicha qarorlarini ijro etish;
- korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek qo'yishga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta'minlash;
- korruptsiya masalalari bilan bog'liq kelib tushgan ariza, murojaatlar va hujjatlarni ko'rib chiqish, natijalariga ko'ra qonuniy qarorlar qabul qilish.
Markaz va tahririyatga ishga kirayotgan xodimlar “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari tomonidan korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish tartibi to'g'risida”gi Nizom va uni tasdiqlash haqidagi buyruq bilan imzo qo'ydirgan holda tanishtirilib boriladi.
Markaz xodimlari orasida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek qo'yishga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligini oshirilishini ta'minlash maqsadida quyidagi birlamchi zaruriy choralar qo'llanilgan:
Markazda korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha 2018-2021 yillarga mo'ljallangan dastur ishlab chiqilgan.
Xodimlarni ishga qabul qilish, xizmatni o'tash va xodimlarni rotatsiya qilish tartibi “Jamoa shartnomasi” hamda “Markaz xodimlarining ichki tartib mehnat qoidalari” asosida ta'minlanadi.
Xodimlarni ishga qabul qilish masalalari Markazning rasmiy veb-saytida e'lon qilinib boriladi.
Markazga korruptsiya masalalari bilan bog'liq jismoniy va yuridik shaxslar vakillaridan kelib tushadigan murojaatlar Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo'limi xodimlari tomonidan ko'rib chiqiladi.
Ushbu turdagi murojaatlar O'zbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonuni, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 10.12.2018 yildagi PQ-4056 qarori va boshqa taalluqli qonun hujjatlari asosida ko'rib chiqiladi.
Markazning murojaatlar bilan ishlash faoliyati bilan bog'liq ma'lumotlar Markazning www.nhrc.uz rasmiy veb-sayti orqali muntazam yoritilib borilmoqda.
Korruptsiyaga qarshi kurashish hamda xodimlarning odob-ahloq qoidalariga rioya etish yuzasidan Markaz saytida alohida bo'lim tashkil qilingan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.04.2017 yilgi “O'zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustaxkamlanishi uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to'g'risida”gi PQ-2881-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Milliy markaz tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ijro.gov.uz ijro intizomining yagona boshqaruv tizimi hujjatlari va topshiriqlari, shuningdek Hukumat qarorlari va topshiriqlari bajarilishini nazorat qilish, hujjatlar bilan ishlashni tashkil etish, ijro intizomini mustahkamlash va samarali monitoring qilish maqsadida ijro.gov.uz, E-kalit kodi qurilmasi hamda E-xat elektron xizmati tizimi hozirgi vaqtda faoliyat ko'rsatib kelmoqda.
Korruptsiyaga qarshi kurashish masalalariga doir huquqiy targ'ibot va ma'rifat ishlari bo'yicha har yillik kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi va ijroga qaratiladi.
Markaz tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari bilan xamkorlikni rivojlantirish va to'g'ridan-to'g'ri muloqot qilish bo'yicha 2017-2020 yillarga mo'ljallangan Kontseptsiya ishlab chiqilgan bo'lib, ushbu Kontseptsiya boshqa masalalar qatorida, korruptsiyaga qarshi kurashish masalalarini xam o'z ichiga qamrab olgan.
Davlat rahbarining O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo'llagan Murojaatnomasida korruptsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan ko'ra barvaqt oldini olishga o'tish kerakligini ta'kidlab, unga qarshi kurashishga mas'ul bo'ladigan alohida organ tuzishni taklif qilgan edi.
Oradan yarim yilga yaqin vaqt o'tib, aniqrog'i joriy yilning 29 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturini izchil ro'yobga chiqarish, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etish bilan bog'liq “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-6013 sonli Farmoni imzolandi.
Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida shu kuni “O'zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4761 sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan agentlikning tashkiliy tuzilmasi, tashkil etilishi, xodimlari, maqomi, mehnatga haq to'lash shartlari va boshqalar tasdiqlandi.
Hozirgi kunda mazkur agentlik o'z faoliyatini boshlagan.
PF-6013 son Farmon ijrosi yuzasidan Markazda 30 iyun kuni maxsus buyruq qabul qilindi va Markaz bo'limlarining korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha asosiy vazifalari belgilab berildi.
Sir emaski, barcha davlat organlari va muassasalarida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yuzasidan juda ko'plab uchrashuvlar, seminar hamda davra suhbatlari o'tkazilmoqda. Korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va ularning oldini olish, bartaraf etish bo'yicha ommaviy axborot vositalari orqali mingga yaqin chiqishlar qilinmoqda.
Lekin ochiq aytish kerakki, bu tadbirlar korruptsiya sohasida Prezidentimizning Farmon, qarorlari belgilab bergan vazifalar ijrosini ta'minlashni to'liq qamrab olayotgani yo'q. Bu borada qilinadigan ishlar juda ko'p ekanligini hayotning o'zi ko'rsatib turibdi.
Aholining huquqiy ong, huquqiy madaniyatini oshirish borasida juda ko'p va juda xo'p gapirilmoqda. Idora va tashkilotlar, o'quv muassasalarida bu sohada o'tkazayotgan tadbirlar, tanlovlarning son-sanog'i yo'q.
Byudjet – xalq pulini o'marayotgan, pora orqasida yetti avlodiga yetadigan mol dunyo to'playotgan korruptsionerlar kim bo'lishidan qat'i nazar, prokurormi, hokimmi, vazirmi davlatimiz qonunlari oldida javob berayaptilar. Bunday holatlar hozirgi kunda ommaviy axborot vositalarida ochiqdan-ochiq aytilmoqda, ko'rsatilmoqda, keng aholining e'tiboriga yetkazilmoqda. Korruptsionerlarga yuzlab jinoiy ishlar qo'zg'atilayapti. Ko'rayapmizki, qaysidir bir katta amaldor yoki xizmatchi, xodim korruptsiya botqog'iga botib, pora degan balo ortidan jazoga tortilayapti.
Bugungi rivojlanib borayotgan mustaqil respublikamizning erkin va ozod hayotimizga qora dog', illat bo'lib kelayotgan korruptsiyaga qarshi kurash bugungi kunning eng dolzarb vazifasi bo'lib qolmoqda. Bu vazifa nafaqat huquq organlari, balki har birimizdan katta mas'uliyat talab qiladi. Ota-ona, idora rahbari, nuroniylar, yoshlar, jamoat tashkilotlari hamkorlikda bu illatga qarshi kurashda faol bo'lishimiz zarurdir.
Otabek Norboev
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo'lim boshlig'i
- Qo'shildi: 07.12.2020
- Ko'rishlar: 4147
- Chop etish