"INSON HUQUQLARI VA ERKINLIKLARINING ISHONCHLI HIMOYASI BORASIDA O‘ZARO HAMKORLIK"

23 fevral kuni Samarqand shahrida shu mavzuda xalqaro konferensiya o‘tkazildi.  Mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilayotgan “Inson huquqlari haftaligi” doirasida tashkil etilgan ushbu tadbir Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutiga asos solinganining 28 yilligiga bag‘ishlandi.

 Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Adliya vazirliklari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda qator davlat tashkilotlari vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi komissiya a’zolari, fuqarolik jamiyati instituti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Konferensiyaning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbaeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Xans-Ulrix Im so‘zga chiqib, bugungi kunda dunyo miqyosida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish eng dolzarb masalalardan biri ekanligini ta’kidladilar. Bu borada BMT, boshqa xalqaro tashkilotlar hamda davlatlar tomonidan olib borilayotgan ibratli ishlar, qabul qilinayotgan hujjatlar va ularning ijrosiga e’tibor qaratildi.

Xalqaro konferensiya o‘z ishini sessiyalarga bo‘lingan holda olib bordi. Unda xotin-qizlar va yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning milliy va xalqaro mexanizmlari, Ombudsmanning davlat idoralari hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan o‘zaro hamkorligi masalalari muhokama qilindi va o‘zaro tajriba almashildi.

So‘zga chiqqanlar tomonidan inson huquq va erkinliklarini amalga oshirishda imkoniyatlar tengligini ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarga yetarli sharoitlar yaratish dolzarb masala ekanligi qayd etildi.

Tadbir doirasida Vengriya va Serbiya davlatlari Ombudsmanlari bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Xalqaro konferensiya yakunlari bo‘yicha Samarqand rezolyusiyasi qabul qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech