MAXSUS O‘QUV MASHG‘ULOTLARI

Mamlakatimizda 20 fevraldan 28 fevralga qadar “Inson huquqlari haftaligi” davom etmoqda.  Mazkur haftalik doirasida 22 fevral kuni Farg‘ona shahrida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi boshlandi.

O‘quv kursi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Unda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturasi tizimi xodimlari ishtirok etmoqda.

O‘quv mashg‘ulotlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 7 fevraldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazilayotgani alohida e’tirofga loyiq.

Mashg‘ulotlar avvalida insonni qiynoqqa solishdan maqsad uning shaxsi va sha’nini oyoqosti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xo‘rlashdan iborat ekaniga e’tibor qaratildi. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston ham qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi.

O‘quv kursida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Mirzatillo Tillaboev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori Murodjon Turg‘unov, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Muzaffarjon Mamasidiqov,  Ichki ishlar Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti, podpolkovnik Quvonch Qodirov ma’ruzalari tinglandi.

Abduvosit SIDIQOV.

Powered by GSpeech