Ichki ishlar vazirligining Farg‘ona akademik litseyida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan “Inson huquqlari haftaligi” doirasida shu mavzuda o‘quv kursi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Azizbek Ikromov video-murojaatlarida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab kelishini ta’kidlab o‘tdilar.
Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi talabiga ko‘ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa turdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
- Ayrim hollarda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayri insoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari huquqni muhofaza qiluvchi shaxslar tomonidan qo‘llanilayotganligi, afsuski, bor haqiqat, - deydi Farg‘ona shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi surishtiruvchisi Mavluda Jalolova. - Shu bois, qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslari aynan tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun tashkil etildi. Bu esa mamlakatimizda fuqarolar huquqlari va erkinliklari kafolatini yanada kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilayotganini yaqqol tasdiqlamoqda.
Ikki kun davom etgan o‘quvda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori Mirzatillo Tillaboev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori Murodjon Turg‘unov, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori Muzaffarjon Mamasidiqov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar akademiyasi dotsenti Quvonch Qodirov kabi spikerlarning ma’ruzalari tinglandi.
Farg‘ona haqiqati
- Qo'shildi: 27.02.2023
- Ko'rishlar: 3814
- Chop etish