AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida muvaffaqiyatga erishilganini, ayniqsa, paxta terimida majburiy va bolalar mehnatidan foydalanishda ulkan o‘zgarishlar yuz berganini ta’kidladi.
24-fevral kuni AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu va AQSh Davlat kotibining iqtisod va biznes masalalari bo‘yicha yordamchisi Ramin Tolui Davlat kotibi Entoni Blinkenning Qozog‘iston, O‘zbekiston va Hindistonga bo‘lajak safari haqida gapirdi.
Davlat kotibi yordamchisi, shuningdek, AQSh hukumati Markaziy Osiyoda inson huquqlarini ta’minlashga katta e’tibor qaratishini va bu masalani AQSh uchun ustuvor vazifa deb bilishini ta’kidladi.
«Markaziy Osiyoda inson huquqlarini takomillashtirish Qo‘shma Shtatlar uchun hamisha ustuvor vazifa bo‘lib kelgan», dedi AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan brifing chog‘ida.
U O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvoli haqida ham gapirdi.
«Yillar davomida inson huquqlari bilan bog‘liq jiddiy muammolar mavjud bo‘lgan O‘zbekistonda o‘tgan yili paxta terimida majburiy va bolalar mehnatidan foydalanishda katta o‘zgarishlar kuzatildi. Shunday qilib, yaqinda Xalqaro Mehnat Tashkiloti O‘zbekistonda islohotlar natijasida bu butunlay yo‘q qilinganini ko‘rayotganini aytdi – bu bir yildan sal ko‘proq vaqt ichida sodir bo‘ldi. Bu haqiqatan ham ajoyib. Biz bunday jadal taraqqiyotni dunyoning boshqa biror joyida ko‘rmaganmiz», — deya xulosa qildi AQSh tashqi siyosat departamenti vakili.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Toshkentga tashrif buyurishi xabar qilingandi. Bundan tashqari, u C5+1 vazirlar yig‘ilishida ishtirok etadi, so‘ngra G20 tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etish uchun Nyu-Dehliga boradi.
tafsilar.info
- Qo'shildi: 28.02.2023
- Ko'rishlar: 3506
- Chop etish