28 fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Markaz direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi xalqaro eksperti Shahribanu Tadjibaxsh o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy vakili F.Piana, BMT Terrorga qarshi boshqarmasining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi D.Digol, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi loyihalar yordamchisi A.Saydaripova, Milliy markazning Xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i O‘.Ochilov, Axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i K.Olimova, Xalqaro hamkorlik bo‘limi yetakchi mutaxassisi Q.Obidov ham ishtirok etdi.
Muloqot asnosida repatriatsiya, reabilitatsiya va reintegratsiya bo‘yicha chora-tadbirlarda inson huquqlari nuqtai nazaridan yondashuvni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomoni mehmonlar tashrifini qutlar ekan, mamlakat bugungi kunda xalqaro terrorizmga qarshi kurashda faol ishtirokchilardan biri ekanligiga e’tiborni qaratdi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va sur’atbaxsh demokratik islohotlar negizida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash va himoya qilishdan iborat masalalar hukumat siyosatinining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanishi alohida ta’kidlandi.
Xususan, 2019-2021 yillarda amalga oshirilgan “Mehr” operatsiyasi haqida fikr yuritildi. Bu jabhada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mehmonlarga atroflicha ma’lumot taqdim etildi.
Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Mehmonlarga Milliy markazning asosiy maqsadi, vakolati va vazifalariga doir ma’lumotlar berildi.
Milliy markaz vakili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha Maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aoleynning O‘zbekistonga tashrifi yakunlari yuzasidan hisobotida nazarda tutilgan tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilganligini qayd etdi. Bu jarayonga milliy va xorijiy ekspertlar keng jalb qilingani e’tirof etildi.
O‘z navbatida, Shahribanu Tadjibaxsh samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘zbekistonning mojaroli hududlardan o‘z fuqarolarini repatriatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha “Mehr” operatsiyalari doirasida amalga oshirgan ishlarini yuqori baholadi.
Sh.Tadjibaxshning ta’kidlashicha, ushbu amaliyot xalqaro jamiyatga namuna sifatida terrorizm va tahdidlarga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini ta’minlashning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, repatriatsiya bo‘yicha dastlabki amaliyotning mavjud emasligi hamda mazkur jarayon hali yakuniga yetmaganligi tufayli bu boradagi ishlarni tizimlashtirish zaruriyati bugungi kundagi asosiy masalalardan biriga aylandi.
Shuningdek, Sh.Tadjibaxsh reabilitatsiya jarayonlarida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning o‘rni, bu jarayonlar yuzasidan monitoring olib borish hamda kelgusidagi rejalarga doir o‘zini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
Uchrashuv yakunida so‘z yuritilgan sohalar bo‘yicha xalqaro ekspertlarning qo‘shimcha tavsiyalarini olishga va bu boradagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.03.2023
- Ko'rishlar: 4018
- Chop etish