O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasida so‘zga chiqdi

28 fevral kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi o‘z ishini davom ettirdi. Sessiyaning Yuqori darajadagi segmentida mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, shuningdek,  Slovakiya, Hindiston, Boliviya, Koreya Respublikasi, Gonduras davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, Tojikiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, Efiopiya, Chad, Namibiya kabi mamlakatlar adliya vazirlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki videokonferens-aloqa orqali so‘zga chiqdilar.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash oliy minbarida O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi  hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyusiyalarining qabul qilinishi borasidagi mamlakatimiz tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganlari uchun BMTga a’zo davlatlarga chuqur minnatdorchilik izhori yangradi.

Xalqaro hamjamiyati e’tiboriga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlarni istiqbolda yanada chuqurlashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar haqida zarur ma’lumotlar taqdim etildi.

Yuqori darajadagi segment majlisi ishtirokchilariga yurtimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan batafsil axborot berildi.

O‘zbekiston BMT va uning ixtisoslashgan institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamorlik aloqalarini yanada kengaytirish istagida ekani e’tirof etildi. Shu ma’noda, BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi E.Edvardsning joriy yilda yurtimizga tashrifini tashkil etish, shuningdek, kelgusida Osiyo qit’asida inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy mexanizm yaratishga ko‘maklashishga oid rejalarni ro‘yobga chiqarish uchun izchil sa’y-harakatlar davom ettirilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz delegatsiyasi BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi lavozimini ta’sis etish yuzasidan ilgari surilgan Toshkent tashabbusi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch bildirdi.

Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 52-sessiyasi doirasida  O‘zbekiston delegatsiyasi o‘lim jazosini bekor qilish masalasiga oid yuqori darajadagi tadbirda ishtirok etdi. Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari va Mongoliya delegatsiyalari rahbarlari, “O‘lim jazosiga qarshi xalqaro komissiya” nohukumat tashkiloti vakillari bilan uchrashildi. Muloqotlar asnosida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mongoliyani o‘lim jazosidan holi mintaqaga aylantirish masalasi yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Ispaniya tashabbusi bilan “O‘lim jazosiga qarshi xalqaro komissiya” 2010 yil oktyabrida Madridda tashkil etilgan bo‘lib, o‘lim jazosi qo‘llanayotgan mamlakatlarda uning taqiqlanishi yo‘lida ish olib boradigan mustaqil tashkilot hisoblanadi.

Tadbirda “O‘lim jazosiga qarshi xalqaro komissiya” prezidenti, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha sobiq oliy komissari N.Pilley, Komissiya vitse-prezidenti, Shveysariyaning sobiq Prezidenti va Tashqi ishlar vaziri R.Dreyfus, Mongoliya sobiq Prezidenti, mazkur Komissiyaning komissari S.Elbegdorj va boshqalar so‘zga chiqdi.

Ushbu uchrashuvlar asnosida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, Asosiy Qonunimizda o‘lim jazosini taqiqlashga oid norma belgilanishi ko‘zda tutilayotgani va bunday qadam, shubhasiz, insonning yashash huquqini kafolatlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, “yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan”.

Eng muhimi, O‘zbekiston butun dunyo mamlakatlarining qonunchiligidan o‘lim jazosiga hum etishga oid normalarni bosqichma-bosqich chiqarib tashlash tashabbusini hamisha qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Jenevaga tashrifi doirasida, shuningdek, AQSh Davlat kotibining Demokratiya, inson huquqlari va mehnat huquqi masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi E.Barklay hamda Islandiya Tashqi ishlar vaziri T.Gilfadottir bilan ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi ishi davom etmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech