BMT shartnomalari ijrosini monitoring qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha xalqaro jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi

Toshkent shahrida BMT shartnomalarining mamlakatimizda bajarilishini monitoring qilish va muvofiqlashtirish yuzasidan xalqaro jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Yevropa va Markaziy Osiyo dasturining Xalqaro yuristlar komissiyasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda «Yuksalish» umummilliy harakati hamkorligida tashkil etildi.

Milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakti hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi misolida implementatsiya masalasi muhokama qilindi.

BMT shartnomaviy qo‘mitalari bergan so‘ngi tavsiyalarning O‘zbekiston tomonidan bajarilishi holatini samarali monitoring qilish va muvofiqlashtirishni ta’minlash uchun ko‘riladigan ta’sirchan choralar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Xalqaro jamoatchilik muhokamasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Sharlott Adrian, Xalqaro yuristlar komissiyasi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Temur Shokirov, shuningdek, «Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fabio Piana so‘zga chiqdi. Ular tomonidan bugungi kunda dunyo miqyosida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish eng dolzarb masalalardan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.

Bu borada BMT, boshqa xalqaro tashkilotlar hamda davlatlar tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar, qabul qilinayotgan hujjatlar va ularning ijrosi samaradorligiga e’tibor qaratildi.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov onlayn tarzda so‘zga chiqib, BMT Inson huquqari bo‘yicha kengashi 52-sessiyasining Yuqori darajadagi segmenti ishi haqida tadbir ishtirokchilariga atroflicha ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, Milliy markaz direktori Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarda inson huquqlariga qat’iy rioya etish masalasi ustuvor ahamiyat kasb etayotganiga alohida e’tibor qaratdi.

Xalqaro jamoatchilik muhokamasi uchta sessiya doirasida tashkil etildi.

Ya’ni, birinchidan, BMT shartnomaviy organlari tavsiyalarini bajarishda milliy mustaqil mexanizmlarni mustahkamlash, ikkinchidan, bu borada fuqarolik jamiyati institutlari monitoringiga oid mexanizmlardan samarali foydalanish, uchinchidan, ushbu muammolarni hal qilishda O‘zbekistonda yashayotgan barcha insonlar huquqlarini to‘la ta’minlash uchun davlat idoralari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini kuchaytirish masalalari yuzasidan o‘zaro tajriba almashildi.

           

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech