3 mart kuni Toshkent shahrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan “Mojaroli hududlardan qaytgan fuqarolarning repatriatsiyasi, reabilitatsiyasi va reintegratsiyasini baholashda inson huquqlariga asoslangan yondashuv: O‘zbekiston tajribasidan foydalanish” mavzusida milliy seminar o‘tkazildi.
Tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi xalqaro eksperti Shahribanu Tadjibaxshning O‘zbekistonga tashrifi doirasida tashkil etildi. Unda yigirmaga yaqin davlat organi va fuqarolik jamiyati instituti vakillari hamda ekspertlar ishtirok etdi.
Seminar ishida repatriatsiya, reabilitatsiya va reintegratsiya bo‘yicha inson huquqlariga asoslangan yondashuv konsepsiyasining loyihasi ko‘rib chiqildi. Milliy va xalqaro ekspertlarning bu boradagi fikr-mulohazalari tinglandi, shuningdek, O‘zbekiston tajribasi o‘rganildi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy vakili Fabio Piana tadbirni ochib berar ekan, repatriatsiya, reabilitatsiya va reintegratsiya jarayonlarida inson huquqlariga asoslangan yondashuvdan foydalanishning ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, F.Piana reabilitatsiya jarayonlarida va bu jarayonlar yuzasidan monitoring olib borishda inson huquqlari bo‘yicha milliy instititutlar alohida o‘rin tutishini qayd etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova 2019-2021 yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan “Mehr” operatsiyasi yuzasidan ma’lumot berdi. Bu boradagi O‘zbekiston tajribasi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aoleyn tomonidan ham yuqori baholanib, mazkur model boshqa davlatlar uchun dasturilamal bo‘lishi mumkinligi e’tirof etilganiga diqqat qaratildi.
BMT Terrorga qarshi boshqarmasining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Diana Digol BMT doirasidagi repatriatsiya, reabilitatsiya va reintegratsiyaga oid muhim loyihalar haqida to‘xtaldi. Mazkur sohaga taalluqli statistika ma’lumotlari ishtirokchilarni befarq qoldirmadi.
Sh.Tadjibaxsh O‘zbekistonning mojaroli hududlardan o‘z fuqarolarini repatriatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha “Mehr” operatsiyalari doirasidagi amaliy yondashuviga yuqori baho berdi. Uning ta’kidlashiga qaraganda, ushbu amaliyot terrorizm va tahdidlarga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini ta’minlashning yorqin ifodasi sifatida xalqaro hamjamiyatga namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, repatriatsiya bo‘yicha dastlabki amaliyot mavjud emas hamda mazkur jarayon hali yakuniga yetmagan. Shu bois bu boradagi ishlarni tizimlashtirish zaruriyati asosiy masalalardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, Sh.Tadjibaxsh fikricha, O‘zbekistonda amalga oshirilgan repatriatsiya, reabilitatsiya va reintegratsiya chora-tadbirlarining inson huquqlari tizimiga qanchalik mos kelishi tajribasini tahlil qilish juda muhim. Chunki bu ayni sohadagi konsepsiya loyihasini takomillashtirish, amalga oshirish va monitoring qilish jarayonlari bilan bog‘liq ilg‘or tajribani ommalashtirish hamda mavjud muammolarga yechim topish yuzasidan o‘zaro fikr almashish uchun qulay imkoniyat tug‘diradi.
Tadbir ishtirokchilari repatriatsiya, reabilitatsiya va reintegratsiya jarayonlarida himoya qilinishi kerak bo‘lgan universal inson huquqlari, ularni ta’minlash usullarini qizg‘in muhokama qildilar. Bu borada inson huquqlariga asoslangan yondashuv asosidagi konsepsiyani amalga oshirish vositalari chuqur tahlil etildi.
Ishtirokchilar qayd etganlaridek, ayni vaqtda terrorizmga qarshi kurash yo‘lida inson huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq muammolar yetarlicha o‘rganilgan va shakllantirilgan. Ammo, shunday bo‘lsa-da, terrorizmga qarshi kurash asnosida fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarning keng doirasini himoya qilishni ta’minlash yo‘llari haligacha tizimlashtirilmagan.
Bunday sharoitda inson huquqlariga asoslangan yondashuv konsepsiyasi chet ellardan terrorizmga aloqador shaxslar va ularning oilalarini qaytarish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilishning markaziy tamoyili sifatida inson huquqlarini hurmat qilish va himoya etishga urg‘u berishga asoslanadi. Bunda terrorizm nafaqat alohida shaxslar va ularning jamoalariga, balki butun jamiyatga ta’sir qilishiga urg‘u berilishi bejiz emas.
Ushbu yondashuv mojaroli hududlardan qaytib kelgan shaxslarning jamiyatga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini ko‘zda tutadi. Bu, o‘z navbatida, ularni zarur darajada qo‘llab-quvvatlash, xizmatlar va imkoniyatlar bilan ta’minlash, shuningdek, terrorizmning asosiy sabablarini bartaraf etishni taqozo qiladi.
Tadbir yakunida monitoring va baholash vositasi sifatida repatriatsiya, reabilitatsiya va reintegratsiya jarayonlari uchun taklif etilayotgan inson huquqlariga asoslangan yondashuv konsepsiyasi maromiga yetkazildi. Bunda milliy seminar ishtirokchilarining takliflari inobatga olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.03.2023
- Ko'rishlar: 4142
- Chop etish