Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazimatbuot xizmati ma’lum qilishicha, Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi Yuqori darajadagi segmentida mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan Bosh Assambleyaning “Barqaror rivojlanish maqsadiga erishishni jadallashtirishda parlament rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengashning “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyutsiyalari qabul qilinishi borasidagi mamlakatimiz tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun a’zo davlatlarga minnatdorlik bildirildi.
Ishtirokchilarga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar haqida ma’lumot taqdim etildi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati, ahamiyati yuzasidan batafsil axborot berildi.
Anjumanda O‘zbekiston BMT va tuzilmaning ixtisoslashgan institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamorlik aloqasini yanada kengaytirish istagida ekani e’tirof etildi. Shu ma’noda joriy yil Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachi E.Edvardsning yurtimizga tashrifini tashkil etish, Osiyo qit’asida inson huquqi bo‘yicha mintaqaviy mexanizm yaratishga ko‘maklashish bilan bog‘liq rejani ro‘yobga chiqarish uchun izchil sa’y-harakat davom ettirilishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari Yoshlar huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachi lavozimini ta’sis etish yuzasidan ilgari surilgan Toshkent tashabbusi Kengash tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi o‘lim jazosini bekor qilish masalasiga oid yuqori darajadagi tadbirda ham ishtirok etdi. Yig‘ilish doirasida “O‘lim jazosiga qarshi xalqaro komissiya” nohukumat tashkiloti vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Muloqot asnosida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mongoliyani o‘lim jazosidan holi mintaqaga aylantirish masalasi yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Mazkur komissiya Ispaniya tashabbusi bilan 2010 yil oktyabrda tashkil etilgan bo‘lib, o‘lim jazosi qo‘llanayotgan mamlakatlarda ushbu jazoni taqiqlash yo‘lida ish olib boradigan mustaqil tashkilot hisoblanadi.
Tadbirda “O‘lim jazosiga qarshi xalqaro komissiya” prezidenti, BMT Inson huquqlari bo‘yicha sobiq oliy komissari N.Pilley, Komissiya vitse-prezidenti, Shveysariya sobiq Prezidenti va tashqi ishlar vaziri R.Dreyfus, Mongoliya sobiq Prezidenti, mazkur Komissiya komissari S.Elbegdorj va boshqalar so‘zga chiqdi.
Delegatsiyamiz rahbari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar ahamiyatiga to‘xtalarkan, Asosiy Qonunimizda o‘lim jazosini taqiqlashga oid norma belgilanishi ko‘zda tutilayotgani va bu qadam, shubhasiz, insonning yashash huquqini kafolatlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “yashash – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, odamga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan”.
Eng muhimi, O‘zbekiston butun dunyo mamlakatlari qonunchiligidan o‘lim jazosi berilishiga oid me’yorni bosqichma-bosqich chiqarib tashlash tashabbusini hamisha qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Jenevaga tashrifi doirasida AQSH Davlat kotibining Demokratiya, inson huquqlari va mehnat huquqi masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi E.Barklay hamda Islandiya tashqi ishlar vaziri T.Gilfadottir bilan ikki tomonlama uchrashuv tashkil etildi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi davom etyapti.
S. Rahimov, O‘zA
- Qo'shildi: 06.03.2023
- Ko'rishlar: 3709
- Chop etish