O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi holati haqidagi axborot Senatda eshitildi

3 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi holati haqidagi axboroti eshitildi.

Muhokama jarayonida senatorlar davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining sa’y-harakatlari tufayli 2022 yilda O‘zbekiston xalqaro reyting va indekslarda, jumladan, qonun ustuvorligi, hukumat faoliyati samaradorligi, so‘z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishlarida o‘z o‘rnini yaxshilash borasida salmoqli yutuqlarga erishganini alohida ta’kidladi.

Yangi qabul qilingan Mehnat kodeksida mehnat munosabatlarini inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiq huquqiy tartibga solish asoslari takomillashtirildi.

BMT tuzilmalarining tavsiyalarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda mamlakatimiz aholisi turmush darajasini oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligi, takomillashtirish yo‘nalishlari belgilab olindi.

2022 yilda paxtadan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi va savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarni birlashtiruvchi “Cotton Campaign” koalitsiyasi O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berilganini e’tirof etdi hamda o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi.

O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotini inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish chora-tadbirlari doirasida Xalqaro mehnat tashkilotining “Qurilishda xavfsizlik va mehnat gigienasi to‘g‘risida”gi 167-sonli konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.

Shu bilan birga, senatorlar o‘z o‘rganishlari asosida inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni samarali qo‘llash bilan bog‘liq qator muammolarni belgilab berdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari sohasidagi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan 8 ta qonun loyihasi o‘z muddatida ishlab chiqilmayotgani senatorlarni tashvishga soldi, deyiladi Senat Axborot xizmati xabarida.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini monitoring qilish natijasida senatorlar tomonidan ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun yetarli darajada moslashtirilmaganligi aniqlandi.

Har tomonlama muhokama chog‘ida Senatning tegishli qarori qabul qilinib, unda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish belgilab olindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech